OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Kuz-qish mavsumida magistral elektr tarmoqlarining barqaror ishlashi ta'minlanadi
  • 30.08.2021
  • 266

  Qaror va ijro

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «2021-2022-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda olib borilgan kapital hamda joriy ta'mirlash ishlari natijalari» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, joriy va kapital ta'mir natijalariga asosiy urg‘u berdi.

  – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan, – dedi D.Isaqulov. – Bugungi kunda jamiyati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 filial, elektr tarmoqlarini raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Energo-IT” filiali, “O‘zenergoinjiniring” AJ loyiha tashkiloti, maxsus texnika va avtotransport vositalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi “Energomaxsusavto” MChJ, elektr tarmoqlarini qurishga ixtisoslashgan “Magistraltarmoqqurilish” filiali va “Gridcon” MCHJ hamda 5 ta ijtimoiy soha ob'ekti faoliyat yuritib kelmoqda.

  Ma'lumot berilganidek, jamiyat qaramog‘ida 85 ta podstansiya va 11 414,2 kilometrdan ortiq 220-500 kilovattli magistral havo elektr uzatish liniyalari mavjud. Shuningdek, tizimda markaziy boshqaruv apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda 4 ming 700 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi.

  Tadbirda 2021/2022-yillar kuz-qish mavsumida magistral elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta'minlashga qaratilgan ishlar ham sarhisob qilindi. Joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, 7 ta kuch transformatori, 59 ta 110-500 kilovattli o‘chirgich, 15 ta kompressor qurilmasi va 849,5 kilometr uzunlikdagi 110-500 kilovatt havo liniyalarida mukammal ta'mirlash ishlari yakunlangan. Mazkur ta'mirlash ishlariga 11,9 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

  – Shu bilan birga, joriy ta'mirlash rejasiga asosan podstansiyalardagi 214 dona kuch transformatori, 1062 dona o‘chirgich, 31 dona havo kompressori hamda 3 719,7 kilometr uzunlikdagi havo elektr tarmoqlarida joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Mukammal va joriy ta'mirlash bo‘yicha belgilab olingan chora-tadbirlarni 1-oktyabrga qadar to‘liq yakunlash rejalashtirilgan. Respublikaning iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes sub'ektlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini to‘liq qoplash maqsadida joriy yil boshidan modernizatsiya dasturi asosida 9 ta podstansiyada qo‘shimcha jami 906 MVA quvvat ishga tushirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 125 MVAli “Beruniy” podstansiyasi, Buxoro viloyatida 63 MVAli “Quyimozor” podstansiyasi (2 dona), Farg‘ona viloyatida 50 MVAli “O‘zgarish” podstansiyasi shular jumlasidandir. Yil yakuniga qadar esa 8 ta podstansiya yana qo‘shimcha 725 MVA quvvatga oshirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturiga asosan ma'nan va jismonan eskirgan 40 dona 110-500 kilovatt kuchlanishli o‘chirgich zamonaviy o‘chirgichlarga, 221 dona tok transformatori, 16 dona ajratgich va 6-500 kilovatt kuchlanishdagi 249 dona o‘ta kuchlanishni cheklovchi qurilmalar almashtirildi, – dedi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi D. Isaqulov.

  Favqulodda holat uchun yaratilgan avariyaviy zaxiraga ko‘ra, 156 tonna transformator moyi, 0,7 tonna texnik plastinalar, 1 tonna selikogel, 15 tonna turli rusumli simlar, 9,8 kilometr kabel mahsulotlari, 74 dona metall tayanch, 26 dona temir-beton tayanch, 17 dona turli quvvatdagi zaxira kuch transformator shay qilingan.

  Shuningdek, tadbirda “O‘zbekiston MET” AJning «Hududiy elektr tarmoqlari", «Issiqlik elektr stansiyalari» va «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik, Milliy dispetcherlik markazi talablari, uning Markaziy Osiyo yagona energetika tizimini me'yoriy saqlab turishdagi ahamiyati haqida ham atroflicha ma'lumot berildi.


Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

https://uza.uz/uz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>