Yangiliklar
Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjaev “Sevimli” telekanaliga intervyu berdi
  • 17.11.2021
  • 377

“Sevimli” telekanali jurnalisti Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjaev bilan dolzarb mavzularda suhbat o‘tkazdi.

Xususan, unda tizimda olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, so‘nggi yillarda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash hajmlarining oshirilishi, qo‘shni davlatlar bilan eksport-import aloqalari holati, joriy etilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning ahamiyati kabi dolzarb mavzular qamrab olingan.

Suhbatning matnini e'tiboringizga taqdim etamiz.

Savol: Ma'lumki, sovuq kunlar yaqinlashyapti va bu degani Energetika tizimi hodimlari uchun qaysidir ma'noda qiyin mavsum boshlanyapti. Xo‘sh, O‘zbekiston bu yil qish fasliga elektr energiyasining ta'minoti bo‘yicha qay darajada tayyor?

Sherzod Xodjaev: O‘zbekiston energiya tizimi bu yilgi kuz-qish mavsumiga o‘tgan yilgi xato-kamchilik va muammolardan xulosa qilgan holda, tayyorgarlik ishlarini aprel oyida boshlagan. Xususan barcha issiqlik elektr stansiyalarida 2021-yil uchun rejalashtirilgan energiya bloklarining ta'mirlash ishlari to‘liq o‘tkazildi. Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida modernizatsiya ishlari yakunlandi.

Ochig‘ini aytish kerak, mana shu tizimda men 23-yildan beri ishlayman, biron marta yil boshida rejalashtirilgan energiya bloklarining yil yakuniga qadar to‘liq ta'mirdan chiqarilishini ko‘rmaganman. Elektr energiyasini uzatuvchi va taqsimlovchi tarmoqlarga keladigan bo‘lsak, bu yerda ham o‘tgan yilgi muammolardan kelib chiqqan holda, aniq manzilli dasturlar belgilangan. Xususan, magistral elektr tarmoqlarimizda ko‘p hududlarda o‘tkazish qobiliyati oshirildi. Ya'ni oddiy til bilan aytganda, biz issiqlik elektr stansiyalarda elektr energiyasini qanchalik ko‘p ishlab chiqarmaylik, lekin uni hududlarga yetkazib berolmasak, iste'molchi mana shu elektr stansiyalarda qilingan ishlarning foydasini ko‘rmaydi. Shuning uchun eng og‘riqli nuqtalarimiz bo‘lgan Qashqadaryo, Samarqand va vodiy viloyatlaridagi katta 220 kV kuchlanishli nimstansiyalarimizga qo‘shimcha quvvatlar o‘rnatildi.

Taqsimlovchi elektr tarmoqlariga keladigan bo‘lsak, bu yilgi dasturimiz juda ham katta. Hurmatli Prezidentimiz bizni oldimizga 15 000 km taqsimlovchi tarmoqlarni hamda 4 000 dona transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini belgilab berganlar. Bu yerda ham hukumat ko‘magi bilan moliyaviy masalalarning barchasi yechilgan. Xozirgi kunda mana shu ishlar nihoyasiga yetay deb qoldi. Yana bir ahamiyatli jihati, bu yil O‘zbekiston tarixida birinchi marta Davlat xususiy sheriklik asosida elektr stansiyalarimiz ishga tushishni boshladi. Birinchisi, hammaniz guvohi bo‘lganimizdek, Navoiy viloyatidagi 100 MVt quvvatli Quyosh elektr stansiyasi, ushbu elektr stansiya hozirgi kunda, normal ish rejimida ishlab turibdi va ishlab chiqargan energiyasini tarmoqqa uzatyapti. 100 MVtli yana bir quyosh elektr stansiyasi Samarqand viloyatining Nurobod tumanida dekabr oyida ishga tushadi. U ham qish davomida iste'molchilarning elektr energiyasi bilan ta'minlashga oz bo‘lsa-da o‘zining hissasini qo‘shadi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 3 ta, Buxoro viloyatida 1 ta hamda Xorazm viloyatida 1 ta Rostlovchi issiqlik elektr stansiyalarini qurish ishlari yakuniga yetkazilyapti. Umuman olganda, bu yilgi, kuz-qish mavsumida o‘tgan yilgi kuz-qish mavsumiga nisbatan 12,5 foiz ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste'molchilarga yetkazilishi rejalashtirilgan va buning uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud.

Savol: Bu yil Markaziy Osiyo mintaqasida xususan, O‘zbekistonda ham suv tanqisligi kuzatildi va bilamizmi, suv nafaqat sug‘orish manbai, balki elektr energiyasi manbai ham hisoblanadi. Va aynan suv tanqisligi mamlakatimizdagi Gidroelektr stansiyalarning faoliyatiga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda?

Sherzod Xodjaev: O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish balansida Gidroelektr stansiyalarning ham juda ahamiyatli o‘rni bor. Ming afsus, bu yil Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda ham yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lganligi tufayli suv tanqisligi kuzatildi va dastlabki rejamiz bu yil uchun gidroelektr stansiyalarda 6,5 mrld kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi prognozlar mana shu ko‘rsatkich 5 mlrd kVt.soat atrofida bo‘lishini ko‘rsatyapti. Albatta, bizning energotizim qo‘shni Qirg‘iziston yoki Tojikiston energotizimlari kabi, Gidroenergetikaga juda ham bog‘lanib qolgan emas, ya'ni gidroresurslarimiz cheklangan bo‘lsa, batamom elektr energiyasini ishlab chiqarishdan to‘xtaydi, degani emas. Lekin, mana shunday yuklama birdaniga ortib ketgan soatlarda qoplab berish mexanizmidan biz to‘laqonli hozirgi kunda foydalana olmayapmiz. Va buning natijasida, yetmayotgan quvvatni boshqa issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarib, qoplash choralarini ko‘ryapmiz.

Savol: Ma'lumki, O‘zbekiston elektr energiyasini chetga eksport ham qiladi va ushbu eksportning katta qismi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri keladi. Ammo bugun qo‘shni Afg‘onistonda vaziyat o‘zgargan, hokimiyat o‘zgargan va mana shunday sharoitda O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish davom etyaptimi?

Sherzod Xodjaev: O‘zbekiston bugungi kunda elektr energiyasini faqat Afg‘onistonga eksport qilyapti. Afg‘onistonda hukumat o‘zgargan zahotiyoq, Afg‘oniston energetiklari tomonidan bizga rasmiy murojaat kelib tushdi. Yangi hukumat O‘zbekiston bilan energetika sohasidagi hamkorlikni nafaqat davom ettirish, balki kuchaytirish bo‘yicha Afg‘oniston energetiklari oldiga vazifa qo‘yganligini bildirishdi. Bundan so‘ng Afg‘oniston energetiklari bilan Afg‘oniston hukumat vakillari bilan bir necha bor muzokoralar o‘tkazildi. Va bizdagi bor shartnomamiz, ya'ni 2021-yil uchun belgilangan shartnomaviy miqdorlar asosida elektr energiyasini yetkazib berish davom ettirilyapti. Bu yerda bir ahamiyatli jihati bor, tan olish kerak, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatni o‘zgarishi biz energetiklarning o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatdi. Oldingi davrlarda bizda elektr uzatish tarmog‘imizda ko‘plab terroristik hujumlar bo‘lishi, tarmoqlarning portlatilishi, Afg‘oniston hududida albatta yuz berardi va Afg‘onistonlik energetiklar mana shuni tiklash uchun ko‘p vaqt sarflashardi. Natijada, bizning energotizimimiz favqulodda kutilmagan uzilishlar yoki qayta tiklangandan keyin ulanishlarni o‘zini boshidan o‘tkazishga majbur edi. Hozirgi kunda bu muammolar to‘liq bartaraf etildi deb bilyapmiz, chunki elektr energiyasini yetkazib berish bir maromda.

Savol: Vazir o‘rinbosariga elektr energiyasi eksporti mavzusiga oid bo‘lgan va jamoatchilik diqqatini tortgan yana bir savol bilan yuzlandik. Bir necha kun oldin O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan va uning davomida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga elektr energiyasini yetkazib berish masalasi ham muhokama qilingan. Sherzod Xodjaev biz qo‘shnimizga nima sababdan elektr toki yetkazib berayotganimizga oydinlik kiritdi.

Sherzod Xodjaev: O‘zbekiston va Qirg‘iziston energotizimlari parallel rejimda ishlaydi. Ya'ni, elektrlashtirish boshlanganda Markaziy Osiyoda rejalashtirilgan davrda mana shu ikkita energotizim bir-birini xususiyatidan,  imkoniyatidan kelib chiqqan holda bir-biri bilan uyg‘un ishlashi va mavsumiy nuqtai nazaridan bir-birini qo‘llab-quvvatlab turishi rejalashtirilgan. Ming afsuski, keyin mana shu ish tizimi buzilib ketgan edi. Oxirgi 3-4 yilda qo‘shni mamlakatlarimiz energiya tizimlari bilan hamkorligimiz yanada kuchayib, eng yaxshi rejimlarda ishlaganidek munosabatlarga qaytib keldik. Qirg‘iziston energiya tizimida elektr energiyasini ishlab chiqarish asosan suv resurslariga bog‘liq. Suv resurslariga bog‘liqligini O‘zbekistonga ham salbiy ham ijobiy ta'siri bor. Kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonda energiyaga bo‘lgan talab ortgan davrda agar ular elektr energiyasini ko‘proq ishlab chiqarib “Toqtogul” suv omboridan suvni ko‘proq chiqarib yuborishsa, keyingi yil bahor-yoz oylarida mana shu suv hajmini to‘ldirishga majbur bo‘lishadi va yozda suv chiqarish miqdorini keskin kamaytirishga majbur bo‘lishadi. Albatta, bu bizning Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligiga o‘zini salbiy ta'sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun juda uzoq vaqt mobaynida mana o‘zaro mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan edi. Gidroresurslardan foydalanish – ko‘proq yoz oylarida, issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanish – ko‘proq qish oylarida. Bu yerda yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bizdagi kuzatilayotgan suv tanqisligi Qirg‘izistonda kuzatilayotgan suv tanqisligidan bir muncha yumshoqroq. U yerdagi suv tanqisligi juda ham yuqori nuqtaga yetib keldi. Ya'ni “Toqtogul” suv omboridan suv chiqarish rejimi normal ravishda amalga oshiriladigan bo‘lsa, bahor oyiga kelib suv ombori to‘liq bo‘shab qolish ehtimoli mavjud. Shuning uchun biz joriy yil boshida Qirg‘iziston energetiklari bilan o‘zaro 3 yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqib tasdiqlaganmiz. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bahorda va kuzda elektr energiyasini biz ularga yetkazib beramiz, ular esa bizga yozda qaytarib berishadi. Natijada, bizning qishloq xo‘jaligimiz ko‘proq suvga ega bo‘ladi va aksincha ularning suv omborlarida qish oylari uchun ko‘proq suvni saqlash imkoniyatlari yuzaga keladi. Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston energiya tizimi Qirg‘iziston energiya tizimidan to‘rt barobar katta. Ya'ni, sentyabr oylarida biz yetkazib beradigan yoki mart-aprel oylarida biz yetkazib beradigan hajmimiz O‘zbekiston energiya tizimining 1,5 kunlik iste'moliga teng. Unaqa katta miqdorlar to‘g‘risida gap ketayotgani yo‘q biz uchun, lekin ularning energiya tizimi 4 barobar kichkina bo‘lganligi uchun ular uchun bu sezilarli ahamiyatga ega.                               

Savol: O‘zbekistonda bugungi kunda elektr energiyasi qanday usullarda ishlab chiqarilyapti, agar Sizda aniq raqamlar bo‘lsa, foizlar misolida ma'lumot bersangiz yaxshi bo‘lar edi.

Sherzod Xodjaev: O‘zbekistonda bugungi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarishda issiqlik elektr stansiyalarining ulushi 90 foizdan ortiq. Gidroresurslarning ko‘p yoki kamligiga qarab, 10 foizgacha bo‘lgan miqdor Gidroelektr stansiyalarda ishlab chiqariladi. Mana endi birinchi quyosh elektr stansiyasi ishga tushdi, keyingisi ishga tushadi, shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi va umuman olganda kelgusi 10 yilda issiqlik elektr stansiyalarining ulushini shu 92 foizdan uzog‘i bilan 75 foizgacha miqdorida qoldirish vazifasi bor oldimizda.

Savol: Bir necha kun avval Toshkent shahrida fuqaro o‘z xonadonida quyosh panellari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarayotgani, uning ortidan o‘z ehtiyojini to‘liq qondirib, hattoki ehtiyojidan ortgan elektr tokini davlatga sotayotgani haqidagi habar ko‘pchilikning e'tiborini tortdi.  

Bu voqyeadan so‘ng juda ko‘plab yurtdoshlarimizda men ham qanday qilib mana shunday kichik quyosh fotoelektr stansiyalarni o‘z xonadonimga o‘rnatishim mumkin, degan savollar tug‘ilmoqda. Shu xususida yurtdoshlarimizga ma'lumot bersangiz.

Sherzod Xodjaev: Aholi xonadonlarida quyosh panellarini o‘rnatib, o‘z ehtiyojlarini qoplash, ortgan qismini esa, ehtiyoji bor iste'molchilarga sotish bo‘yicha davlat siyosati mavjud. Oxirgi ikki yilda amalga oshirilgan eng katta loyihalarimizdan biri – bu aqlli hisoblagichlar – ASKUE tizimi. Mana shu ASKUE tizimida aholi xonadonlariga o‘rnatilgan hisoblagichlarning barchasi elektr energiyasini ikki tomonlama o‘lchash xususiyatiga ega. Hisoblagich ham tarmoqdan olinganini ham agar mabodo o‘zida ishlab chiqarsa, ortiqcha qismini tarmoqqa bersa, tarmoqqa qancha berilganini hisoblay oladi. Mana shu ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa uzatishni aniq ham tehnik reglamentda belgilangan, ham moliyaviy ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilgan. Ya'ni ishlab chiqarilgan energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonalarimiz harid qilishga majbur va iste'molchi uchun jozibador bo‘lgan narxda. O‘ylaymanki, bu yo‘nalish juda ham katta istiqbolga ega. Biz Osiyo taraqqiyot banki bilan mana shunday kichik quvvatli quyosh elektr stansiyalarini, chunki oddiy til bilan aytganda bu ham kichik elektr stansiya. Juda kichkina bo‘lsa-da, rivojlantirish dasturini hozir ishlab chiqyapmiz. Bu yerda asosiy muammo – har bir xonadon ham shunday quyosh panellarini xarid qilishga moliyaviy jihatdan tayyor emas. Kimlardir texnik jihatdan mana shu tehnologiyaga ko‘pam hali ishonmaydi. Demak, bu yerda bizning vazifamiz nimadan iborat bo‘ladi? Birinchisi, bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlarni berish tizimini yo‘lga qo‘yish;

Ikkinchisi, energiya servis kompaniyalarining sonini ko‘paytirish. Ya'ni, oddiy til bilan aytganda, siz boshingizni qotirmang, biz o‘zimiz olib kelamiz, o‘rnatamiz, ulab beramiz, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnomasini rasmiylashtirib qo‘lizga olib kelib beramiz.  Siz ma'lum bir muddat davomida – 24 oy, 36 oy davomida mana shu uskunalarning to‘lovini bo‘lib-bo‘lib amalga oshirasiz, degan xizmat turini rivojlantirishimiz kerak. Bu borada bizga Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘mak dasturi yo‘lga qo‘yilgan. O‘ylaymanki, mana shu 2022-yildan boshlab, bu tizim ishga tushgandan keyin mana shunaqa kichik quvvatli elektr stansiyalarining soni ko‘payadi.

Savol: Hozir mana fuqarolar, yurtdoshlarimiz aynan shunday quyosh panellarini o‘z xonadonlariga o‘rnatishi mumkinmi? Ya'ni qanday qilib, qaerdan sotib olish mumkin?

Sherzod Xodjaev: Hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga murojaat qilishsa, mana shunday quyosh panellarini xarid qilish, o‘rnatish, tarmoqqa ulash, shartnoma tuzish masalalari bo‘yicha yordamchi bo‘lishadi.

Savol: O‘zi umuman energetika sohasida bugun dolzarb masalaga aylanyaptiki, ya'ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari. O‘zbekistonda bu borada kelgusida istiqbolda qanday rejalar bor?

Sherzod Xodjaev: Yuqorida ta'kidlaganimdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini biz kamida 25 foizga yetkazish bo‘yicha davlat rahbaridan topshiriq olganmiz. Shunga asosan konsepsiya ishlab chiqqanmiz, xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tasdiqlaganmiz. Va bu haqda barcha ushbu sohaga qiziqish bildirgan investorlarga ochiq-oydin Energetika vazirligini saytida joylashtirganmiz. Biz bir nechta tenderlarni o‘tkazdik va ko‘rib turibmizki, yildan-yilga O‘zbekistonga qiziqish bildirayotgan investorlarning ishonchi ortib bormoqda. Oddiy bitta misolni keltiraman: Navoiy viloyatida ishga tushirilgan ilk quyosh elektr stansiyamiz bilan oxirgi tenderni o‘tkazganimizdagi olgan takliflarimiz ta'riflarimiz o‘rtasida 1,5 barobardan ortiq farq bor. Ya'ni, narxlar tushdi. Lekin jahon bozorida panellarni ishlab chiqarish yoki kerakli bo‘lgan metal konstruksiyalar bo‘ladimi, kabel mahsulotlari bo‘ladimi, ishlab chiqarishda narxlar ortsa-orttiki, pasaygani yo‘q. Shamol energetikasi bo‘yicha to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi kunda bizda amalga oshirilayotgan 4 ta loyihamiz bor. Umumiy quvvati 1 600 MVt. Investitsiyalar hajmi qariyb 2 mlrd dollar. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat kafolatisiz amalga oshirilayotgan investitsiyalar.

Savol: Qachon aynan ishga tushishi mumkin?

Sherzod Xodjaev: 2023-yilning Xudo xohlasa mana shunaqa noyabr-dekabr oylaridan boshlab, elektr energiyasini ishlab chiqarib, tarmoqqa uzatishni boshlaydi.

Savol: Ushbu shamol elektr stansiyasiyalari loyihalari aynan qaysi hududda rejalashtirilyapti?

Sherzod Xodjaev: Shamol resurslarimiz eng yaxshi hududlar – bu albatta, Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlari. O‘ylaymanki, biz oldimizga reja qilib qo‘ygan 3 000 MVt shamol elektr stansiyalari 2030 yilga qadar emas, 2025-2026-yillarga qadar ishga tushiriladi va kelgusi davrda yana ham bu quvvat oshirib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1600

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>