«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
Yangi avtotransformator elektr energiyasi o‘tkazish imkoniyatini oshiradi
  • 30.11.2021
  • 269

  Qaror va ijro

  «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi «Farg‘ona» podstansiyasida 125 ming kVA (kilovolt-amper)li avtotransformatorni zamonaviy, quvvati 200 ming kVAlisiga almashtirish ishlari yakunlandi.

  «O‘zbekiston MET» aksiyadorlik jamiyatining «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori G‘ayratjon SHERMATOV O‘zA muxbiriga bu  haqida ma’lumot berdi.

  – Ushbu yangilash «O‘zbekiston MET» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» investitsiya loyihasi doirasida bajarildi, – dedi G‘.Shermatov. – Unga ko‘ra, «Farg‘ona» podstansiyasida quvvati 125 ming kVAli avtotransformator yangi va zamonaviy – quvvati 200 ming kVAlisiga almashtirildi.

  Shuningdek, loyiha doirasida yangi o‘rnatilgan avtotransformatorga tegishli bo‘lgan 220 kVli va 110 kVli yacheykalaridagi ma’nan eskirgan o‘chirgichlar zamonaviy o‘chirgichlarga almashtirilib, releli himoya tizimi mikroprotsessorli shkaflar bilan ta’minlangan holda ishga tushirildi. Yangi avtotransformator uchun «avtomatik o‘t o‘chirish» statsionar tizimli qurilmasi barpo etildi.

  Joriy yil 27-noyabr kuni qurilish-montaj va sozlash ishlari to‘liq yakunlanib, yangi avtotransformator 72 soat davom etadigan sinov rejimiga qo‘yildi. Bajarilgan ishlar yakuniga ko‘ra, 220/110/10 kVli «Farg‘ona» podstansiyasida elektr energiyasi quvvatini o‘tkazish imkoniyati qo‘shimcha 75 ming kVA hisobiga ortdi.

  Ta’kidlash joizki, «Farg‘ona» podstansiyasi orqali Farg‘ona va Marg‘ilon shahri, shuningdek, viloyatning Qo‘shtepa, Yozyovon, Farg‘ona tumanlari iste’molchilari uchun elektr energiyasi yetkazib beriladi.

  «O‘zbekiston MET» AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, «Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish»  investitsiya loyihasi doirasida «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali tarkibidagi uchta – «Sokin», «O‘zgarish» va «Farg‘ona» podstansiyalarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari boshlanishidan avval mazkur podstansiyalarda o‘rnatilgan avtotransformatorlarning umumiy quvvati 1 million 50 ming kVAni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘rnatilgan avtotransformatorlarning umumiy quvvati 1 million 500 ming kVAni tashkil etmoqda. Ya’ni podstansiyalar orqali elektr energiya quvvatini o‘tkazish imkoniyati 43 foizga ortdi.

  Mazkur ishlar Prezidentimizning 2017-yil 16-sentyabrdagi "Jahon banki ishtirokida «Magistral tarmoqlarning kichik stansiyalarini zamonaviylashtirish va qayta qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida, ya’ni podstansiyalarda ma’nan eskirgan o‘chirgichlar hamda o‘lchov transformatorlarini zamonaviylariga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bino-inshootlarning estetik holatini yaxshilash maqsadida ta’mirlash-butlash ishlari ham olib borilmoqda.

O‘zA muxbiri  

Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ  Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>