Yangiliklar
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR TARIXI VA ISTIQBOLDAGI REJALAR
  • 14.01.2022
  • 2325

  Bugungi kundagi taraqqiyot ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. XXI asrda internet tarmog‘i jamiyat hayotining turli sohalariga kirib kelishi bilan «elektron hukumat», «elektron savdo», «raqamli iqtisodiyot» kabi atamalar paydo bo‘ldi.

  Ushbu atama ilk bor 1995-yilda Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte tomonidan tilga olingan.

 

 

  Raqamli iqtisodiyot — bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish tizimi bo‘lib, bunga onlayn xizmatlar, masofaviy ta'lim, elektron to‘lovlar, tovar va xizmatlarning internet-savdosi misol bo‘la oladi.

Raqamlashtirishga misollar: “aqlli shahar”, “aqlli uylar”, zavod-fabrikalardagi robotlar, haydovchisiz avtomobil, va nihoyat, inson tomonidan boshqariladigan sun'iy ong.

Raqamlashtirishning mohiyati — xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarish jarayonlarni avtomatlashtirishda axborotni yanada qulayroq raqamli muhitga uzatish va to‘plash, bu yerda uni tahlil qilish, so‘ngra avtonom tarzda aniq yechim topish osonroq.

Raqamlashtirishning vazifasi — xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarish jarayonlarni mavjud talab va taklifga muvofiq “moslashuvchan” qilish, shu bilan birga, borgan sari uni takomillashtirib, yanada samarali natijalarga olib borishdir. Aniqrog‘i, ma'lumotlar tahlilidan foydalanib, iste'mol bozori ma'lum bir vaqt birligi ichida nimani talab qilayotganini anglash va bu bilim-xulosa natijasiga ko‘ra ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini sozlashdan iborat.

  Buni qarangki, O‘zbekiston energetika sohasida, xususan elektr energetikasi tarmog‘ida bir necha yillardan buyon raqamli texnologiyalarning dastlabki yutuqlaridan samarali foydalanilib kelinadi. Ayni paytda esa ularni har tomonlama mukammal, zamonaviy dasturlar hisobiga yangilash, takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

 

 

 

  Milliy dispetcherlik markazida

  «O‘zbekiston MET» AJ Milliy dispetcherlik markazi zamonaviy raqamli texnologiya dasturlaridan bir necha yillardan beri samarali foydalanadi. Birgina elektr energiyasi ta'minoti umumtizimida ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, tizimda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarga qarshi rele himoyasi va avtomatika tizimining tezkor choralari, oddiy til bilan aytganda, yuqori kuchlanishli havo liniyalarining aynan qaerida nosozlik (!) nima sababdan ro‘y berganini bir necha kilometr uzoqdagi boshqaruv pultidan turib bilish va soniyalar ichida holatni barqarorlashtirish uchun kerakli topshiriq-ko‘rsatmalarni berish — Milliy dispetcherlik markazi tomonidan samarali foydalanib kelayotgan raqamli dasturlarning bir qismidir.

  Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati rahbar kadrlari, jarayonga bevosita mas'ul bo‘lgan Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari elektr energiyasi import va eksport amaliyotlarini, shu bilan birga, viloyatlar kesimida elektr energiyasi iste'molini onlayn rejimda kuzatib turishi — «O‘zbekiston MET» AJda raqamli texnologiya dasturlaridan samarali foydalanish ishlari allaqachon boshlab yuborilganining isbotidir. Hozirda ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada takomillashtirish bosqichida.

  Masalan, «O‘zbekiston MET» AJ  bundan uch yil ilgari Amerika Qo‘shma Shtatlarining USAID agentligi bilan hamkorlikda energetika tizimining ish rejimlarini hisoblash uchun mo‘ljallangan Dig Silent Power Factory dasturi o‘zlashtirilib, bir necha xodimlar ushbu dasturda ishlash borasida dastlabki tayyorgarlikdan o‘tdi va tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

  Bugungi kunda DigSilent Power Factory dasturidan foydalanishni keyingi bosqichlari bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ushbu kompyuter dasturining qo‘llanilishi elektr energetika tizimi ish rejimlarini hisoblash ishlarini yengillashtiradi, uning natijalari sifatliligini ta'minlaydi hamda energetika tizimi ish rejimlari to‘g‘risidagi kerakli ma'lumotlarni «online» tarzda olish imkonini beradi. 

 

 

  Bundan tashqari, Jahon Banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston energetika sohasidagi avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini raqamli texnologiyalarga o‘tkazish, ya'ni mavjud operativ-axborot kompleksini zamonaviy SCADA/EMS tizimi bilan almashtirish borasida ishlar davom ettirilmoqda. Bu tizimning qo‘llanilishi O‘zbekiston energetika tizimini operativ boshqarish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avariyaviy vaziyatlarning oldini olish, ularni zudlik bilan bartaraf etish imkonini beradi.

  Yillar davomida energetika tizimidagi issiqlik va gidroelektr stansiyalari asosan bitta joydan, ya'ni Milliy dispetcherlik markazidan telefon aloqasi orqali — mutaxassislarning o‘zaro muloqoti yordamida boshqarib kelinar edi. Endilikda energetika tizimida zamonaviy, yuqori samardorlikka ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmali uskunalar hamda shamol va quyosh energiyasidan foydalanuvchi yirik quvvatli qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalarini operativ boshqarish jarayonini amaliyotga tadbiq etish bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, SCADA/EMS tizimining tadbiq etilishi Milliy dispetcherlik markazi operatorining ish faoliyatini birmuncha yengillashtirish bilan birga samaradorlik ko‘rsatkichini keskin oshiradi. Shuningdek, zamonaviy texnologiya axborot uzatish sifatini oshiradi va yuqorida sanab o‘tilgan stansiyalar, energetika tizimiga kiritilishi mo‘ljallangan raqamli podstansiyalarni masofadan turib elektron dastur orqali boshqarish imkonini beradi.

 

 

  Tarmoqning raqamlashtirish jarayoni tarixi

  O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasida, xususan elektr energetika tarmog‘ida raqamlashtirish 1992-yilda birinchi mikroprotsessorga asoslangan RHA qurilmalari o‘rnatilishi bilan boshlangan edi.

  E'tiboringizga elektr energetika tarmog‘iga raqamli ish dasturiga ega elektr uskunalari kirib kelish bosqichining xronologiyasini taqdim etamiz:

    ·   1992-yili 500/220/10 kVli «Toshkent» podstansiyasiga «EKRA» rusumli favqulodda vaziyatlarni qayd etuvchi registratorlarga «FPM-1M» tipidagi ShJAQ — shikastlangan joyni aniqlovchi qurilmalar o‘rnatilgan;

    ·  1995-yili 220/110/6 kVli «Sho‘rtan» va 220/110/6 kVli «Ko‘kdumaloq» podstansiyalarida elektron dasturlarning dastlabki ko‘rinishlariga ega «Bresler» rusumli avariyaviy hodisalarni qayd etib borish moslamalari ishga tushirildi;

    · 2003-yili «PVZU-ye» va «UPASK AKA-16 «Kedr» rusumli mikroprotsessorli elektron signallarni qabul qilish va uzatish xususiyatiga ega moslamalar bosqichma-bosqich o‘rnatilishi boshlandi. Shuningdek, «Retom-21» va «Retom-VCh» rusumli sinov moslamalari xarid qilinib, amaliyotda qo‘llanila boshladi. Misol uchun, o‘sha yilda 500/220/10 kV kuchlanishli «Qorako‘l» podstansiyasida «Neva» tipidagi mikroprotsessorli favqulodda hodisalarni qayd etuvchi qurilmalar o‘rnatilgan edi;

    · 2009–2012-yillarda esa 500 kVli havo liniyalari va 500 kV kuchlanishli avtotransformatorlarga avariya va nonormal holatlardan himoya qiladigan «EKRA» tipidagi mikroprotsessorli himoya shkaflari hamda «Neva» va «Bresler» tipidagi favqulodda hodisalarni qayd etish moslamalari 500/220/10 kVli «O‘zbekiston», 500/220/10 kVli «Lochin», 500/220/10 kVli «Qorako‘l» va 500/220/10 kV «Sug‘diyona» podstansiyalarida keng foydalaniladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, 110–220 kVli havo liniyalarida «ITS Bresler» rusumli mikroprotsessorlar asosida himoya terminallari 220/110/10 kVli «Ishtixon», 220/110 kV «Samarqand» va 220/110/35 kVli «Kattaqo‘rg‘on» podstansiyalarida samarali ishga tushirildi;

    · 2020-yilda «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-iyundagi tegishli qarorlariga asosida «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi ob'ektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash» loyihasi muvaffaqiyatli yakunlanib, 220 kV li yangi yuqori kuchlanishli «Sirg‘ali» podstansiyasi foydalanishga topshirildi. Mazkur podstansiyani biz shartli ravishda “yarim raqamlashtirilgan podstansiya” deb atashimiz mumkin.

    · 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasida birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya Jizzax viloyatida foydalanishga topshiriladi. 220 kV kuchlanishli “Zafarobod” podstansiyasi ish faoliyatining texnologik jarayonlarni boshqarish to‘liq yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘ladi.

 

  Hozirgi vaqtda energetika inshootlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar tarkibiga mikroprotsessorlar asosida himoya terminallari, avariyaviy himoya tizimi, shu bilan birga, raqamli axborot almanishuviga asoslangan favqulodda vaziyatlarni qayd etish moslamalari kiradi. Misol uchun, ayni paytda «O‘zbekiston MET» AJ «Retom-21», «Retom-VCh», «Retom-61» va «Omicron-SMS-356» rusumli mikroprotsessorli qurilmalarni xarid qilinib, rele himoyasi va avtomatika tizimida samarali foydalanmoqda.

  Bu, avvalo, xavfsizlik choralari, so‘ngra foydali ish unumdorligi va bugungi kun — zamon talabi! Shuning uchun ham bugungi kunda Energetika vazirligi tasarrufidagi Yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalari faoliyati ham to‘liq raqamlashtirilish bosqichida. Misol uchun, 2021-yilda mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika kompleksini raqamli transformatsiya qilish loyihasi muhokamasi yuzasidan O‘zbekiston Energetika vazirligi va Rossiyaning “IKS Xolding” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilib, raqamlashtirish dasturlanini joriy etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, «O‘zbekiston MET» AJ mutaxassis xodimlari o‘z malakalarini oshirgan holda elektr ta'minotida muhim ahamiyat kasb etadigan rele himoyasi va avtomatika tizimini raqamli texnologiyalarning so‘nggi avlodi bilan boyitib borish ustida bir qancha yutuqlarga erishgan.

 

 

 

  Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi 4699-sonli qaroriga asosan «O‘zbekiston MET» AJda raqamlashtirish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda. Aniqrog‘i, Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tizimi samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni optimallashtirish maqsadida ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi — ERP (Enterprise Resource Planning) dasturi, shu bilan birga, dispetcherlik boshqaruvi va ma'lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi — SCADA (Supervisory Control And Data Acquisition) dasturini joriy qilish ustida bosqichli ish jarayonlari olib borilmoqda.

  Mazkur ma'lumotnoma tayyorlanishida «O‘zbekiston MET» AJ Milliy dispetcherlik markazi hamda Markaziy releli himoya va elektr avtomatikasi xizmati ma'lumotlaridan foydalanildi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>