Yangiliklar
Energetika vazirligi: Keyingi 4 yilda Navoiy va Talimarjon issiqlik elektr stansiyalari hamda Toshkent issiqlik elektr markazida qo‘shimcha 2 264 MVt yangi quvvatlar ishga tushiriladi
  • 19.01.2022
  • 876

Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ-72-sonli qaroriga asosan Energetika vazirligi tizimidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.

Jumladan, Talimarjon IESda jami quvvati 900 MVtga teng bo‘lgan ikkita, Navoiy IES da 1300 MVtga teng ikkita bug‘-gaz qurilmalari hamda Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtdan bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmalari (jami 64 MVt), qurib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish grafigi:

- Talimarjon IESda umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmasi 2024-yilda;

- Navoiy IESda uchinchi va to‘rtinchi bosqichda har birining quvvati 650 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi 2024-2025-yillarda foydalanishga topshiriladi;

- Toshkent IEM da har birining quvvati 32 MVtdan bo‘lgan ikkita gaz turbinasi 2023-yilda ishga tushiriladi.

Ushbu quvvatlarni joriy etish natijasida energotizimda qo‘shimcha 2 264 MVt quvvat qo‘shilib yiliga 18,0 mlrd kVt soat elektr ishlab chiqariladi.

Qurilmalarning foydali ish koeffitsienti yuqoriligi hisobiga yiliga 2,4 mlrd kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Iqtisod qilingan tabiiy gazning o‘ziga bir yilda 14,0 mlrd kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Ahamiyatlisi, respublikamizda 700 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1714

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>