Yangiliklar
Respublikamizda elektr energiyasi ta'minoti 70% ga tiklangan
  • 26.01.2022
  • 342

 ❗️Bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi

  Bu haqda AOKAda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

  ✔️ Ta'kidlanishicha, bugun, soat 09:30 holatiga ko‘ra, respublikamizda elektr energiyasi ta'minoti 70% ga tiklangan.

 

  ► Batafsil

 

  Hurmatli elektr energiyasi va gaz iste'molchilari!

  Xabaringiz bor, kecha, 25-yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida mamlakatimiz hududlarida elektr energiya ta'minotida o‘chishlar yuzaga kelgan edi.

  Shundan so‘ng, Prezidentimiz topshiriqlariga binoan elektr energiyasi ta'minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiya tuzildi. Komissiya tomonidan birinchi navbatda generatsiya jarayonini tiklash vazifasi qo‘yilib, sodir bo‘lgan nosozliklar sabablarini aniqlash, elektr ta'minotining barqarorligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar yukladi.

  Shundan so‘ng, umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar mutaxassislar tomonidan bartaraf etilib, respublikamizning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatilish boshlandi.

  Bugun, soat 09:30 holatiga ko‘ra, respublikamizda elektr energiyasi ta'minoti 70% ga tiklangan.

  Bunda, birinchi navbatda aholi iste'molchilari va ijtimoiy soha ob'eklari elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

  Shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

  Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

  Iste'molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob'ektlari va aholi iste'molchilariga yo‘naltiriladi.

  Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste'molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.

  Hurmatli iste'molchilar! Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad – birinchi navbatda aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta'minlash hisoblanadi.

  Vaziyatni to‘g‘ri baholab, bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!


  https://www.facebook.com/aoka.uz/videos/659198068770200/

  https://telegra.ph/Respublikamizda-ehlektr-ehnergiyasi-taminoti-70-ga-tiklangan-01-26

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>