OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Elektr energiyasi tizimidagi yirik uzilishlar
  • 26.01.2022
  • 245

25-yanvar kuni O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning alohida viloyatlarida Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida yirik avariya yuz berishi natijasida bir necha soat mobaynida elektr ta’minotida uzilish holati kuzatildi. Hodisa uch mamlakatning 40 milliondan ziyod aholisiga ta’sir ko‘rsatdi. Haligacha strategik ob’ektlar, ijtimoiy muassasalar va aholiga elektr energiyasi yetkazib berish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Biroq yuz bergan halokat masshtabi bo‘yicha dunyo elektr energiyasi tarixida eng yirigi emas. Bunday Blackout’lar yoki uzilishlar, odatiy holdagidek, avariya yoki tabiiy ofatlar natijasida avval ham sodir bo‘lgan.

Masalan, 2003-yil 14-avgust kuni AQSHda mamlakat tarixida elektr ta’minotidagi yirik halokat yuz berdi. Uni “Buyuk blekaut—2003” deb nomlashgan. O‘shanda AQSH hamda Kanadaning shimoliy-sharqiy qismidagi katta shaharlari elektr energiyasidan uzilgan. Umumiy hisobda 263 ta elektr stansiyalari, shu jumladan AQSH va Kanadadagi 10 ta AESda uzilish kuzatilgan. Natijada 55 million aholi chiroqsiz qolgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zarar miqdori kamida 6 milliard dollarni tashkil etgan.

1977-yilda Nyu-York aholisi “qo‘rquv kechasi”ni boshdan o‘tkazdi, shaharda ommaviy o‘g‘irliklar va yong‘inlar yuz berdi. Ya’ni 13-iyul kuni soat 21:00 atrofida chaqmoq urishi oqibatida ikkita asosiy elektr tarmog‘i ishdan chiqdi va shahar elektr energiyasiz qoldi. Nyu-York ko‘chalari o‘g‘ri-talonchilarga to‘lib ketdi. “Qo‘rqinchli kecha” oqibatida yuzlab insonlar jarohatlandi, 3,7 mingdan ortiq kishi hibsga olindi, 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilindi va 300 million dollarga yaqin zarar yetkazildi.

2012-yil iyul oyida dunyodagi eng yirik elektr ta’minotidagi uzilishlardan biri yuz berdi. 2012-yilning 30—31-iyul kunlari Hindistonning 20 ta shtatidagi 650 millionga yaqin aholi qariyb 8 soat davomida zimistonda qoldi. Kasalxonalar va maktablar elektr ta’minotisiz qoldi, 500 dan ortiq poyezdlar harakati to‘xtatildi. Mamlakatdagi energiya inqirozi shimoliy to‘rtta – Rajastxan, Haryana, Panjob va Uttar-Pradesh shtatlarining elektr energiya iste’moli me’yoridan oshib ketganidan keyin boshlandi.

Bir yil oldin, ya’ni 2021-yil 9-yanvar kuni elektr energiyasidagi yirik uzilish Pokistonda sodir bo‘ldi. Bu barcha yirik shaharlar, jumladan, poytaxt Islomobodga ham ta’sir ko‘rsatdi. Uzilishga mamlakatdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri “Guddu”da yuz bergan avariya sabab bo‘ldi, natijada Pokistondagi boshqa elektr stansiyalar ham ishlashdan to‘xtadi. Deyarli 20 soat davomida 200 millionga yaqin aholi chiroqsiz qoldi.

 

Manba: https://tpp.uz/oz/news/elektr-energiyasi-tizimidagi-yirik-uzilishlar

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>