«Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda»
“Davlat – inson uchun”: 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi — yangi taraqqiyot va milliy yuksalish davri
  • 26.01.2022
  • 1049

Birozdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kun tartibida davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari  qamrab olingan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi boshlanadi.

Unda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilinadi.

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

"Barchangizga ma'lumki, hozirgi kunda mamlakatimiz hayotida g‘oyat muhim davr boshlanmoqda. Bu – yangi taraqqiyot va milliy yuksalish davridir.

35 milliondan iborat ko‘pmillatli xalqimiz dunyodagi rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va obod jamiyat qurishdek ulug‘vor maqsadlar bilan yashamoqda.

Bugun biz jonajon O‘zbekistonimizning uzoq muddatga mo‘ljallangan istiqboli bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ta muhim masalani muhokama qilish uchun yig‘ildik", dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida:

"Hammangiz xabardorsiz, o‘tgan yili saylovoldi dasturi doirasida hududlarga tashriflarda “Inson qadri uchun” tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik.

“Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik. Ushbu strategiyada:

- yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari qanday bo‘ladi?

- kelgusidagi faoliyatimizni belgilaydigan aynan qaysi maqsad va vazifalar biz uchun eng dolzarb va ustuvor hisoblanadi?

- davlat va jamiyat hayotining barcha jabha va yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish uchun asosiy e'tiborni nimalarga qaratishimiz kerak?

- keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarimiz, dastur va rejalarimizni yangi davrda qanday davom ettirishimiz, ularga qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishimiz kerak, degan savollarga chuqur va atroflicha javob berilgan".

"Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas" - Prezident.

Davlatimiz rahbari xalqimiz bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko‘rishni istayotganini ta'kidladi.

"Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta'minlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta'lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.

Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz.

Muxtasar aytganda, mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi", dedi Prezident.

Yig‘ilishda 2022-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasining muhokamasi jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, ularning barchasi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbus bilan to‘ldirilgani ma'lum qilindi.

"Odamlarimizning dastur muhokamasidagi faolligi, ularning islohotlarga bo‘lgan ishonchi va daxldorligi ortib borayotgani xalqimiz yurtimizdagi o‘zgarishlar jarayonini, tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlayotganidan yana bir bor dalolat beradi", dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari muhokamalarda faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun 100 ta maqsad” belgilab olindi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

"Barcha sa'y-harakatlarimiz, ajratilayotgan mablag‘lar mahalla va xonadonlargacha aniq yetib borishi va har bir oila farovonligini oshirishga xizmat qilishi shart.

Buning uchun respublika, viloyat, tuman va shahar hamda mahalla darajasidagi barcha rahbarlar bor kuch va resurslarini to‘liq safarbar qilishlari zarur", dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

"Bundan buyon faoliyatimizni mutlaqo yangicha, ya'ni, “inson–jamiyat–davlat” tamoyili asosida tashkil etamiz" - Prezident.

Davlatimiz rahbari strategiyaning inson qadrini yuksaltirish va xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishidagi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, bular:

- mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish;

- xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish;

- “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish;

- davlat organlarini “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazish;

- elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 90 foizga yetkazish.

- jamoatchilik fikrini muntazam va ilmiy asoslangan holda tizimli o‘rganish. Buning uchun, “Ijtimoiy fikr” markazi faoliyati takomillashtirilib, alohida Sotsiologiya instituti tashkil etiladi.

Adolat va qonun ustuvorligini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishidagi vazifalarni qayd etar ekan, Prezidentimiz "Bizning bu boradagi pozitsiyamiz oddiy, shu bilan birga, o‘zgarmas va qat'iydir. Ya'ni, “Jamiyatimizda qonun – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni og‘ishmay amalga oshirishda davom etamiz", dedi.

Eng asosiy vazifa – mamlakatimizning dunyodagi qonun ustuvorligi indeksi yuqori darajada bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olishga erishishdan iboratligi qayd etildi.

Mulk huquqini ishonchli himoya qilish, ma'muriy sudlar vakolatlarini kengaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlar huquq va erkinliklarini kafolatli ta'minlash bo‘yicha yangi tizim yaratish zarur.

"Bir muhim masalaga barchaning e'tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda", dedi Prezident yig‘ilishda.

Bu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun harakatni boshqarishni to‘liq raqamlashtirish zarurligi ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuraturaga aniq topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

"Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta'minlash eng muhim vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasi bo‘lib turibdi.

Faqat samarali iqtisodiy islohotlargina mavjud ijtimoiy muammolarni yechish imkonini beradi.

Biz kelgusi faoliyatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish orqali zamonaviy ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga eng asosiy e'tibor qaratishimiz shart" dedi Prezident va strategiyaning iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur'atlarini ta'minlash yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

"Bir muhim masalaga barchaning e'tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda", dedi Prezident yig‘ilishda.

Bu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘i berildi.

Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishga sharoit yaratish, avariya va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish, buning uchun harakatni boshqarishni to‘liq raqamlashtirish zarurligi ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuraturaga aniq topshiriqlar berildi.

Barcha iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:

- yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollardan oshirib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravarga ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravarga qisqartirish;

- joriy yilda inflyasiya darajasini 9 foizdan oshirmaslik;

- joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 10 trillion so‘m kreditlarni “mahallabay” kafolatli yetib borishini ta'minlash;

- byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik;

- dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish.

- yaqin besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish.

Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida strategiyada belgilangan vazifalar:

- maktab ta'limi sifatini oshirish, kelgusi besh yilda maktablarda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish hamda darsliklarni yangilash;

- barcha hududlarda maktabgacha ta'limning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish;

- kamida 10 ta oliygohning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini ta'minlash;

- xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish;

- byudjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratiladigan mablag‘larni 3 baravarga oshirish;

- birlamchi tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, raqamli tibbiyotni keng joriy qilish.

"Kimki ma'naviyat masalasi – bu faqat Ma'naviyat va ma'rifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb o‘ylasa, xato qiladi" - Prezident.

"Ma'naviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli bo‘ladi", dedi davlatimiz rahbari.

Strategiyaning ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishi bo‘yicha Prezident quyidagi vazifalarning ahamiyatini alohida qayd etdi:

- mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish;

- jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish;

- mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda kechagi voqyealar - mintaqaviy energotizimda ro‘y bergan nosozliklar va ularning oqibatlariga to‘xtaldi.

"Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Mana, kuni kecha elektr ta'minoti bo‘yicha sodir bo‘lgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Bu avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya, tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy ta'sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni shaxsan nazoratimga oldim" dedi davlatimiz rahbari.

Davlatimiz rahbari mavzuni davom ettirdi:

"Bunday ekstremal vaziyatda energetika, neft-gaz, kommunal soha, transport, hokimliklar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar va huquq-tartibot idoralari, ommaviy axborot vositalari o‘zaro bahamjihat ishlagani hisobiga avariya oqibatlari bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda

Shu bilan birga, bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi.

Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Bu hodisadan to‘g‘ri xulosa qilib, biz O‘zbekiston taraqqiyotini davrimizning global muammolari bilan yanada bog‘liq holda ko‘rishimiz kerak. Bu boradagi mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doimo tayyor turishimiz kerak.

Tinch-osoyishta hayot osmondan tushmaydi. Bu hayotni qadrlash, asrab-avaylash, bu hayotni himoya qilish kerak", dedi Prezident.

Taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim vazifa – Vatanimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishdan iborat.

Bu borada Prezident dunyoda va mintaqada yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni inobatga olib:

- Yangi O‘zbekiston xavfsizligi konsepsiyasini qabul qilish;

- axborot texnologiyalari bilan bog‘liq xurujlarning oldini olish va kiber xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi ishlarni takomillashtirish;

- Qurolli Kuchlarning boshqaruv tizimini yangi bosqichga olib chiqish;

- favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimini takomillashtirish;

- ichki va tashqi moliyaviy oqimlarni monitoring qilish va ular bilan bog‘liq xavf-xatarlarni oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab olish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Prezident Taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosini tashkil etish bo‘yicha ham qator topshiriqlar berdi.

"Bir narsani aniq tushunish lozim. Dasturda ko‘zda tutilgan barcha chora-tadbirlar xalqimiz tomonidan katta ishonch bilan qizg‘in qabul qilindi.

Ularning amaldagi ijrosini aholimizning barcha qatlamlari –  o‘rta sinf vakillari va tadbirkorlar, ziyolilar, byudjet sohasi xodimlari, harbiy xizmatchilar, faxriylarimiz, kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar – barcha-barchasi o‘z kundalik hayotida sezishlari kerak" dedi davlat rahbari.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul nonushta yoki tushlik bilan ta'minlash, respublikadagi ichki yo‘llar masalasi, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlariga doir vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuziladi.

Respublika komissiyasi dasturdagi tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha har oyda vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini eshitib, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berib boradi, har chorakda amalga oshirilgan ishlar natijasi, bu borada rahbarlarning javobgarligi bo‘yicha Prezidentga axborot berib boradi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi kotibiyat va departamentlari rahbarlari boshchiligida 7 ta yo‘nalishda doimiy ishlovchi shtablar tuzilib, vazirlik, idora va hududlar bilan topshiriqlarning kunlik ijrosini tashkillashtiradi.

Prezidentimiz “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” doirasida amalga oshiriladigan ishlarimiz va ularning natijasini aholining barcha qatlami va xorijiy hamkorlarimizga to‘laqonli shaklda, sodda va tushunarli tilda yetkazib borish zarurligini ta'kidladi.

Mutasaddilarga yangi yondashuvlar asosida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali dastur ijrosi bo‘yicha barcha darajadagi rahbarlarning har o‘n besh kunda xalqqa hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish va nazoratini tashkil qilish.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga dasturning joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish bo‘yicha onlayn portalni ishga tushirish vazifasi topshirildi.

Shu bilan birga, dastur ijrosining monitoringi, aholining bu boradagi fikr va mulohazalarini qabul qilishning institutsional tizimi ham bo‘lishi shart, deya ta'kidladi Prezident hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi va "Yuksalish" umummilliy harakati faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

"Ko‘rib turganingizdek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini hayotga joriy etish uchun oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirish albatta oson bo‘lmaydi.

Lekin biz o‘tgan besh yil mobaynida bu borada katta tajriba to‘pladik, o‘z ish uslubimizni shakllantirdik. Endi talab yanada qattiq bo‘ladi. Bu faqat Prezidentning talabi emas, bizga ishonch bildirgan xalqimizning talabi, hayot talabi.

Shuning uchun ham bir g‘ayratimizga o‘n g‘ayrat qo‘shib, haqiqiy fidoyilik namunasini ko‘rsatib ishlashimiz kerak".

Prezident Shavkat Mirziyoev:

"Har bir so‘zimiz, har bir xatti-harakatimiz jamiyatga, odamlar qalbiga qanday ta'sir ko‘rsatishiga har qachongidan ham ko‘proq e'tibor berishimiz zarur.

Davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak.

Men ishonaman – ko‘pni ko‘rgan, mard va olijanob, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz bilan birgalikda Yangi O‘zbekistonni – inson tinch, ozod va farovon yashaydigan, ezgu maqsadlarini emin-erkin amalga oshiradigan davlat va jamiyatni albatta barpo etamiz.

Buning uchun bizda barcha siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy asoslar, eng muhimi, kuchli xohish-iroda va qat'iy intilish bor", dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

 

 

https://t.me/Press_Secretary_Uz/1176, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1177, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1178, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1179, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1180, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1181, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1182, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1183, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1184, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1185, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1186, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1187, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1188, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1189, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1190, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1191, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1192, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1193, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1194, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1195, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1197, https://t.me/Press_Secretary_Uz/1198

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>