Yangiliklar
2021-yil SARHISOBI. 24-sonli: “Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filialining 2021-yil yakunlari hamda 2022-yil rejalari to‘g‘risida ma'lumotnoma
  • 28.02.2022
  • 750

E'tiboringizga “Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filialiga qarashli 220/110/10 kV kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'lumotlar taqdim etamiz.

 

Modernizatsiya ishlari:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini Jahon Banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 16-sentabrdagi PQ-3284-sonli qaroriga asosan respublika hududida joylashgan “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi 22 ta podstansiyalarida elektr qurilmalarini yangilash vazifalarini bajarish ko‘zda tutilgan. Ishlarning yakuni bo‘yicha umumiy quvvat 2008,0 MVAga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati – 292,2 mln AQSh dollari hisobida.

    Shundan Jizzax viloyatiga 1 ta 220/110/10 kVli “Jizzax” podstansiyasi uchun – 8,5 mln AQSh dollari hisobida mablag‘ ajratilgan.

Ushbu loyiha doirasida ma'nan va jismonan eskirgan elektr qurilmalarini almashtirish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

Birinchi bosqich loyiha doirasida 220/110/10 kV “Jizzax” podstansiyasida mavjud 2x125 MVA avtotransformatorni 2x200 MVA avtotransformatorga almashtirish ishlari bajarildi va foydalanishga topshirildi.

Yong‘inga qarshi suv quvurlari AT-1 va AT-2 larning atrofiga to‘liq o‘rnatildi. Quvurlardagi suv yo‘lini ochish-yopishga mo‘ljallangan zulfinlar ("zadvijka"lar) joylashadigan 2 ta kamera bo‘yicha qurilish ishlari yakunlandi. Shu bilan birga, 100 metr kub sig‘imli moy yig‘ish inshooti bo‘yicha qurilish ishlari yakunlandi.

220/110/10 kVli "Jizzax" podstansiyasida 2021-yilda modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun 6 k-t 110 kVli elegazli o‘chirgich, 18 dona 110 kVli tok transformatori, 1 k-t 220 kVli elegazli o‘chirgich, 3 dona 220 kVli tok transformatori, 6 dona 220 kVli o‘ta kuchlanishli cheklash qurilmasi, 12 dona 110 kVli va 12 dona 10 kVli o‘ta kuchlanishni cheklash qurilmalari to‘liq o‘rnatildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi bayonnomasi ijrosini ta'minlash, ya'ni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida barpo qilinayotgan “Karaman” suv ombori nasos stansiyasining tashqi elektr ta'minoti uchun “Saribozor” podstansiyasidagi quvvati 63 MVA li avtotransformatorlarni quvvati 125 MVAli avtotransformatorlarga almashtirish, 110 kV kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmalarni (OTQ — ORU) kengaytirish hamda 2 dona 110 kV “Karaman-1” va “Karaman-2” tarmoq bo‘lmalarini yangidan o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shundan:

    -  “Saribozor” podstansiyasidagi quvvati 63 MVA li avtotransformatorlarni quvvati 125 MVAli avtotransformatorlarga almashtirish ishlar to‘liq yakunlandi va ishga tushirildi. Shuningdek, 12 dona tok transformatorlari ham o‘rnatildi.

    - 220/110/10 kV “Saribozor” podstansiyasida 110 kV kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmalarni (OTQ — ORU) kengaytirish uchun 16,3 ming metr kub xajmda yer ishlari amalga oshirildi va 2 dona 110 kV tarmoq bo‘lmalarini (yacheykalarini) o‘rnatish bo‘yicha zarur bo‘ladigan elektr uskunalar hamda materiallar to‘liq olib kelindi va o‘rnatildi.

    - Loyiha bo‘yicha zarur bo‘ladigan kabel mahsulotlari va zanjirli armaturalarni o‘rnatish ishlari bajarildi.

    - Yerga ulash ishlari to‘liq bajarildi va laboratoriya sinovlari o‘tkazildi.

    - Birinchi va ikkinchi yacheykada elektr uskunalar to‘liq o‘rnatildi, OPUga panellar o‘rnatildi va kabel tortish ishlari bajarildi.

    - Mazkur ob'ektda qurilish-montaj ishlari yakuniga yetganligi sababli loyiha bo‘yicha yangidan o‘rnatilgan elektr uskunalarda rele himoyasi va avtomatikasini sozlash (naladka) ishlari amalga oshirildi.

    - Obodonlashtirish ishlari bo‘yicha loyihaga asosan ikkita yacheyka o‘rnatilgan hududga 720 metr kub hajmda maydalangan tosh bo‘laklari (sheben) tashlandi va tekislash ishlari olib borildi hamda beton mahsulotidan yo‘lak qilish ishlari to‘liq bajarildi. 2021-yilning mart oyi yakuni bilan markur ob'ekt to‘liq foydalanishga topshirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 9-noyabrdagi  698-sonli qarorining 14-bandida Jizzax viloyatining Zomin, Zarbdor, Sharof Rashidov va Sirdaryo viloyatining Sardoba hamda Xavos tumanlarida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash maqsadida Zarbdor tuman “Oqar” QFY hududida joylashgan 110 kVli “DNS-2” podstansiyasini 220 kV ga o‘zgartirish hamda ushbu podstansiyani 220 kVli havo tarmog‘i orqali mavjud “Go‘zal” podstansiyasiga ulash belgilangan.

    Mazkur ob'ektning loyiha qiymati 65,4 mlrd.so‘mni tashkil etib, “O‘zbekiston MET” AJ mablag‘i hisobidan moliyalashtirish orqali amalga oshiriladi.

 

Ushbu “DNS-2” podstansiyasida 110 kVli 1 dona 40 MVA li va 1 dona 63 MVA li ishlab turgan transformatorlar modernizatsiya ishlarini amalga oshirish orqali ushbu 110 kVli transformatorlar 220 kVli 2 dona 125 MVA li avtotransformatorlarga almashtiriladi. Natijada podstansiyaga 147 MVA qo‘shimcha quvvat qo‘shiladi, podstansiyaning jami quvvati 250 MVA bo‘ladi.

Hozirgi kunda 2 dona 125 MVA li avtotransformator olib kelingan va o‘rnatilgan. Shu bilan birga, 110 kVli ochiq taqsimlash qurilmasida qurilish ishlari yakunlandi va 16 jamlanma moyli o‘chirgichlar hamda 20 dona ajratgichlar o‘rnatildi. Qolgan uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

220 kVli ochiq taqsimlash qurilmasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Portallarni o‘rnatish va shina tortish ishlari yakunlandi.

3 jamlanma 220 kV li moyli o‘chirgichlar va 10 jamlanma ajratgichlar o‘rnatildi. Olib kelingan elektr uskunalari rejaga muvofiq bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda.

 

Shu bilan birga, podstansiyaga 12 ta rele himoyasi shkaflari olib kelindi. Ushbu shkaflardan 6 donasi “DNS-2” podstansiyasiga, 6 donasi “Go‘zal” podstansiyasiga o‘rnatildi. Sozlash ishlari boshlangan bo‘lib, 220 kV va 110 kV kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmalarning birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Ob'ektning birinchi bosqichini ishga tushirish tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan 2021-yilning 22-dekabr kuni amalga oshirildi.

“Go‘zal” podstansiyasida 220 kV ochiq taqsimlovchi qurilmani kengaytirish bo‘yicha portallar hamda metall traversalar to‘liq o‘rnatildi. 220 kV li 5 jamlanma moyli o‘chirgichlar to‘liq o‘rnatildi. Shu bilan birga, ORU-220 kV da shinalarini tortish ishlari to‘liq yakunlandi. Kabel quvurlarini o‘rnatish va yerga ulash (zazemlenie) ishlari yakunlandi hamda tekislash ishlari olib borildi. “Go‘zal” podstansiyasini kengaytirish maqsadida beton plitalardan devor to‘sig‘i o‘rnatish ishlari ham to‘liq yakunlandi.

Shuningdek, kengaytirilgan 220 kV kuchlanishli ochiq taqsimlovchi qurilmaning birinchi bosqichini ishga tushirish bo‘yicha sozlash ishlari amalga oshirildi.

Misol uchun, 220 kV OTQ hamda 220 kVli L-20G-1 va L-20G-2 havo tarmog‘ining kirish yacheykalari, shu bilan birga, 220 kVli L-DNS–2-1 va L-DNS–2-2 havo tarmog‘ining chiqish yacheykalari qurildi.

“DNS-2” podstansiyasiga 2021-yilda 2 dona 125 MVA li avtotransformator olib kelib o‘rnatildi. Qurilish-montaj ishlarini birinchi bosqichi tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan 2021-yilning 4-choragi yakunida ishga tushirildi. Qolgan ishlarni amalga oshirish va to‘liq ishga tushirish 2022-yilning iyun oyi oxiriga rejalashtirilgan.

 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, 2021-yil davomida "Jizzax magistral elektr tarmoqlari" filiali tomonidan erishilgan barcha ijobiy natijalar, sa'y-harakatlarining zamirida bir narsa — filial podstansiyalaridan quvvat oluvchi barcha iste'molchilarga ishonchli, sifatli va uzluksiz elektr energiyasini yetkazib berish, elektr energiyasi tarmog‘ining barqaror ishlashini ta'minlash, sohani rivojlantirish uchun hissa qo‘shish, sog‘lom va betalofat ish muhitini yaratish, xalqimizning farovon hayoti va yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishdek oliy maqsadlar mujassam.

Filial jamoasi 2022-yilda ham ayni shu ruhda barcha belgilangan ishlarni davom ettirishga hamda yurt taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida ishonchli, sifatli va uzluksiz elektr energiyasini yetkazib berishga tayyor.

 G‘ayrat Ahmedov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati “Jizzax magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori


 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>