Yoshlar siyosati
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida videomuloqot shaklidagi «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» o‘tkazildi
  • 03.02.2020
  • 1179

     Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida «2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi» deya ta'kidlashi barobarida yurtimiz ravnaqi jo‘shqin yoshlar kuchiga tayanishiga alohida urg‘u berib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda «Yangi O‘zbekistonni yoshlar bilan birga quramiz», deya yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari, aynan yoshlardan kutilayotgan natijalar haqida gapirib o‘tdi.

Uchrashuvda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o'rinbosari Xoliq Boboyorovich Elmurodov ishtirok etdi

     – Yoshlar orasida «Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!» deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li — shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir, – dedi Prezident. 

     Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash joizki, mamlakatimiz aholisining 30 foizi 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularning ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma'naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi. 

     Oxirgi yillarda o‘sib kelayotan avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tuzildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilib, 30 iyun «Yoshlar kuni» deb e'lon qilindi. Hozirda Ittifoqning 7 million 690 ming nafar a'zosi mavjud.  

     O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ham 4 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qiladilar. Ularning 1035 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar (207 nafar qizlar va 828 nafar yigitlar) tashkil etadi. Yuqorida bildirilgan fikrlarni e'tiborga olib Jamiyatning markaziy apparatida faoliyat yurituvchi yosh kadrlardan iborat Yoshlar Ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti tuzildi. Yoshlar o‘z yetakchisini sayladi, jamoat tashkilotining maqsad va vazifalarini aniqlanib, o‘z ish rejasiga muvofiq faoliyat olib borishi belgilab olindi.

     Manba: http://uzbekistonmet.uz/oz/

     So‘ngra yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan Jamiyat tasarrufidagi hududiy tashkilotlarda boshlang‘ich tashkilotlar tuzish hamda uning yetakchilarini saylash ishlari olib borildi. O‘tayotgan haftada Jamiyat yoshlari ishtirokida «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» videomuloqoti o‘tkazildi.

     Manba: http://uzbekistonmet.uz/oz/

Birlashgan kasaba uyushmalari raisi Nodira Xidirova yoshlarning sayohat va sport-sog'lomlashtirish tadbirlari qo'llab-quvvatlanishini bildirdi

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xoliq Elmurodov videomuloqotda Jamiyat yoshlari saylagan hududiy tashkilotlar yetakchilari bilan birma-bir tanishib, ularning ish faoliyati, kelgusi rejalari, mavjud muammolari hamda ularning yechimiga oid takliflari haqida suhbatlashdi. Xoliq Boboyorovich asosan yosh muhandislardan iborat yoshlar boshlang‘ich tashkiloti a'zolariga mehnat faoliyatida omadlar tilab, energetika sohasining kelajakda qanday marralarga erishishi hozirgi yosh muhandislarning bilim-tajriba va kasbiy malakalariga bog‘liq bo‘lishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

     Shuni alohida ta'kidlash joizki, yoshlar bilan uchrashuv rasmiy yig‘ilish tarzida emas, balki ochiq muloqot, samimiy fikr-mulohaza va munozaralar bilan o‘tdi.

     Uchrashuvda, shuningdek, Birlashgan kasaba uyushmalari raisi Nodira Xidirova so‘z olib, yoshlarning sayohat va sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga kasaba uyushmasi hisobidan tegishli tartibda alohida mablag‘lar ajratilishi, xususan yoshlarni ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflari qo‘llab-quvvatlanib, sport inventarlari xarid qilish masalalari hal etilishini aytib o‘tdi. Nodira Jahongirovna boshlang‘ich tashkilot yetakchisi tomonidan yosh muhandislar o‘rtasida innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilingani, o‘z tashabbusi orqali energetika sohasiga yangi g‘oya va uslublarni joriy etish niyatida bo‘lgan yosh mutaxassislar ishi mutaxassislar tomonidan munosib baholanib, yurtimizning tarixiy obida va diqqatga sazovor qadamjolariga 3 kunlik sayohatga yuborilishi rejalashtirilgani haqida gapirib o‘tdi.

     Yoshlar bilan uchrashuvda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Urunov so‘z olib, yoshlar tashkiloti tadbir-tashabbuslari faqat qog‘ozda tadbir hisoboti shaklida emas, balki amalda bo‘lishi lozimligi, yoshlar tashabbusi hududiy bo‘linma rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, zarur sharoitlar yaratilishi kerakligi, jamoat tashkiloti yetakchilari, eng avvalo, o‘z mehnat faoliyatida o‘rnak bo‘lishi orqali ortidan yoshlarni ergashtirishi lozimligi haqida o‘z mulohazalarini bayon qildi.  

Boshlang'ich tashkilot yetakchisi tomonidan yosh muhandislar o'rtasida innovatsion g'oyalar tanlovi e'lon qilingani ma'lum qilindi

     Uchrashuvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri videomuloqotga kirishgan yoshlar Jamiyat boshqaruv raisininng birinchi o‘rinbosariga savol va takliflarini bildirishdi. Muloqot davomida sport mashg‘ulotlari, yoshlar o‘rtasida savodxonlik masalasi, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, malaka oshirish va sirtqi bo‘limlarda oliy ma'lumot olish masalalari o‘zaro muhokama etildi.

     Uchrashuv so‘nggida Yoshlar ittifoqi yetakchisi Azizbek Botirov yoshlar bilan birgalikda yil davomida amalga oshiriladigan ishlar va istiqboldagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu kabi uchrashuvlar kamida bir oyda bir marta o‘tkazilish turishi Jamiyat faoliyati uchun foydadan xoli bo‘lmasligini taklif sifatida bildirdi. Yoshlar yetakchilarining takliflari barcha ishtirokchilar tomonidan ma'qullandi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>