OAV va jamoatchilik bilan ishlash
So‘nggi yillarda Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan yirik ishlar
  • 03.07.2022
  • 265

So‘nggi yillarda Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan yirik ishlar.

 

Sohada huquqiy baza yaratildi

Ushbu sohada avvalo huquqiy bazani mustahkamlash, iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish, sohani rivojlantirishning yangi bosqichlariga o‘tish maqsadida energetika sohasida 4 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yaratildi.

Shuningdek, so‘nggi uch yilda elektr energetikasi, neft va gaz yo‘nalishlarida 40 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi. Shu bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishda 35 ta O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

 

Xalqaro shartnomalar

O‘tgan 3 yilda O‘zbekistonda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy investorlar bilan umumiy qiymati 6 mlrd 919 mln dollarga teng 19 ta bitim imzolandi. Bu O‘zbekistonda investorlar tomonidan 19 ta zamonaviy elektr stansiya quriladi, degani va qolaversa tarixiy ish hisoblanadi.


Ishga tushirilgan elektr stansiyalar

Olib borilgan ishlar natijasida 2021-yilda Navoiy viloyatida birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu ham o‘z navbatida mamlakatimiz taraqqiyotida tarixiy jarayon hisoblanadi.

Birgina joriy yilning o‘tgan 5 oyida (yanvar-may) yurtimizning 4 ta viloyatida 5 ta yangi issiqlik va 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, yil yakuniga qadar 1 ta issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Bu ham yurtimiz ravnaqidagi oltin harflar bilan bitilajak sahifalardan biri bo‘ladi.

Shunday qilib, bu borada oxirgi 5 yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha yaratilgan yangi quvvatlar hajmi 5 000 megavattdan oshdi. Bu avvalgi 25 yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘pni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichning ham O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin egallashiga shubhamiz yo‘q!


 

Sohada yana bir tarixiy qadam tashlashdi

Ya'ni, O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.


Elektr tarmoqlarini yangilash

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste'molchilarga sifatli va barqaror yetkazish maqsadida so‘nggi 5 yilda qariyb 41 000 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 13 000 ta transformator punktlari yangilandi. (taqqolash uchun, o‘tgan 25 yil mobaynida 9300 km elektr uzatish tarmoqlari, 4800 ta transformator ta'mirlangan). Buning natijasida 7,3 mingdan ortiq mahallaning elektr ta'minoti yaxshilandi. Bu ham O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan natija hisoblanadi.


GTL zavodi ishga tushirildi

Barchangizga ma'lum, o‘tgan yili Markaziy Osiyoda yagona, jahonda esa beshinchisi bo‘lgan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi. Ushbu muhtasham zavodning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rnini ta'riflashga hojat bo‘lmasa kerak!


Aqlli elektr hisoblagichlar o‘rnatildi

Xabaringiz bor, hurmatli prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz aholi iste'molchilariga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Ya'ni O‘zbekistondagi 7,5 millionga yaqin aholi iste'molchilariga zamonaviy elektr hisoblagichlar bepul o‘rnatib berildi.


Aqlli gaz hisoblagichlar o‘rnatildi

Xuddi shuningdek, tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi. Ya'ni O‘zbekistondagi 3,5 milliondan ortiq aholi iste'molchilariga tabiiy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonlarni ruyobga chiqarish ham O‘zbekiston tarixidagi zamonaviy yangiliklar sirasiga kiradi!

 

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlantirilmoqda

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasiga asosan yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvatini 8 000 megavattga, gidroelektr stansiyalar quvvatini esa 2 920 megavattga (jami 10 920 megavatt) yetkazish belgilandi. Bu ham Yangi O‘zbekiston  taraqqiyotida “Yashil energetika”ni rivojlantirish borasidagi  dastlabki, lekin dadil qadamlaridan biri bo‘lmoqda!


Elektr uzatish tarmoqlarini yangilash

2026-yilga qadar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida respublika hududlarida qariyb 80 000 kilometr uzunlikdagi magistral va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 20 000 dan ortiq transformator punkti hamda 200 dan ziyod podstansiya quriladi va yangilanadi. Buning natijasida respublika bo‘yicha 8 300 dan ortiq mahallaning elektr ta'minoti yaxshilanadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan inson qadrini ulug‘lash borasida O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida ham mana shu kabi ulkan ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi.


 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2029

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>