Yangiliklar
MUBORAK AYYOM QUTLOVI
  • 09.07.2022
  • 274

 Aziz yurtdoshlar, hurmatli hamkasblar!

Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Bir so‘z bilan aytganda, oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e'tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabr-u qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma'no-mohiyati bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga g‘oyat uyg‘un va hamohangdir.

Aslini olganda, Qurbon hayiti buyuk bayram va quvonchli voqyeadir. Bu oyda imkon qadar qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulug‘. Demak, mo‘min-musulmonlar ko‘proq xayrli ishlarni qilishsa, ko‘proq savobga ega bo‘lishadi.

Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Dastavval bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimiz, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimiz, yor-u birodarlarimiz ziyoratiga oshiqamiz.

Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Zero, ulug‘ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.

Siz azizlarni Islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etuvchi bayram — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etaman! Sizlarga oilaviy baxt-saodat, sihat-salomatlik, jonajon yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman!

Boshqa soha va tarmoqlar kabi mamlakatimizning energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘i jadal rivojlanib, yurtimizda sanoatni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning tayanchi bo‘lib boraversin.

 Olloh O‘zbekistonimizga, butun dunyoga ofiyat bersin! Kelasi yil ushbu oy, ushbu kunlarga sog‘-salomat, tinchlik-osudalikda yetib borishimizni nasib aylasin! Yana bir bor barchangizga Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,

✍️ D. A. Isaqulov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>