OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uzbekistonmet.uz: Jahon banki ko‘magida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalardagi modernizatsiya-rekonstruksiya amaliyotlari davom ettiriladi
  • 16.07.2022
  • 322

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda bir nechta investitsion loyihalar amalga oshirilib, mamlakatimizdagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda. Xususan, bunday yo‘nalishdagi faoliyat Jahon banki bilan hamkorlikda ham amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zbekiston MET
Foto: O‘zbekiston MET
 

Energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar, ularning natijadorligi hamda istiqboldagi rejalarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish kun tartibidagi muhim masalalardan biri. Shu bois, kecha, 2022 yil 15 iyul kuni «Hilton» mehmonxonasida «Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish» nomli yangi loyihaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari, Jahon bankidan vakillar, shuningdek OAV vakillari ishtirok etishdi.

Foto: O‘zbekiston MET
Foto: O‘zbekiston MET
 
 

Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari (O‘zMeT)» AJ ish samaradorligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab millionlab uy xo‘jaliklari hamda korxonalarni ishonchli energiya bilan ta’minlashga yordam beradi.

Foto: O‘zbekiston MET

Loyiha 2021 yil iyun oyida Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi tomonidan ma’qullangan. Uni amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki guruhi tarkibiga kiradi) 380 million AQSh dollari miqdoridagi kredit ajratadi, Yashil Iqlim Jamg‘armasi (YaIJ) esa Tiklanadigan energiya manbalari xatarlarini yumshatish tashabbuslari doirasida 43 million AQSh dollari miqdorida qarz taqdim etadi. Ushbu moliyalashtirish mamlakat hukumatiga juda past foiz stavkalarida va maksimal so‘ndirish muddati 40 yilgacha bo‘lgan holda taqdim etiladi. YaIJ, shuningdek, loyiha doirasida alohida tadbirlarni amalga oshirish uchun 4 million dollarlik grant ajratadi.

Foto: O‘zbekiston MET
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil boshidagi «Jahon banki ishtirokida «Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish» loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat loyihada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishni boshlash uchun huquqiy, ma’muriy va tashkiliy asosni yaratdi.

Foto: O‘zbekiston MET

O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2018 yildagi 61 milliard kilovatt•soatdan 2030 yilga borib 100 milliard kilovatt soatga va undan ko‘proqqa oshishi kutilmoqda. Hozirda mamlakatda 250 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari mavjud. Ularning aksariyati sovet davrida qurilgan va allaqachon o‘zlarining ekspluatatsion resurslarini ishlab bo‘lgan. Eskirgan infratuzilma katta elektr energiyasi yo‘qotilishiga olib keladi. Bu yo‘qotilishlar umumiy ishlab chiqarilgan elektr energiyasining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Bu, shuningdek, mamlakat bo‘ylab tez-tez elektr energiyasi uzilishlariga sabab bo‘lib, iqtisodiy faoliyat va aholi farovonligiga zarar yetkazadi.

– Yangi loyiha transformatsion xarakterga ega bo‘lib, Jahon bankining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan Hamkorlikning yangi asos dasturi doirasida amalga oshiriladi. Bu davrdagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri — O‘zbekistonga «yashil» iqtisodiyotga o‘tishda ko‘maklashishdan iborat, – dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. – Loyiha hukumatga elektr energetika sektorining samarali ishlashi va rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal qilishda yordam beradi. Shuningdek, u magistral elektr uzatish tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi. Bu chora-tadbirlar taxminan 32 million iste’molchilarning elektr ta’minoti ishonchliligini ta’minlash imkonini beradi.

Foto: O‘zbekiston MET

– Mazkur loyiha «O‘zbekiston MET» AJni zamonaviy tijorat kompaniyasiga aylantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, shuningdek, tiklanadigan energiyani xususiy investorlar ishtirokida ishlab chiqarish bo‘yicha yangi yirik loyihalarni elektr tarmoqlariga ulash imkonini beradi, – dedi «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov. – U, shuningdek, O‘zbekistonda raqobatbardosh elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va elektr energetika sohasini tartibga soluvchi ishonchli me’yoriy-huquqiy bazani yaratish bo‘yicha hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Loyiha eskirgan energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishni «O‘zbekiston MET» AJning ustuvor investitsiyalarini moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha tadbirlariga, jumladan, 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish va kengaytirish, shuningdek, yangi 500 kV kuchlanishli podstansiya va O‘zbekistonning 11 viloyatida elektr uzatish tarmoqlarini qurish amaliyotlari kiradi.

Foto: O‘zbekiston MET

Loyiha doirasida elektr uzatish tizimini monitoring qilish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish jarayonini yaxshilash uchun zamonaviy raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari va yechimlari joriy etiladi. Ular dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish uchun yangi apparat-dasturiy kompleksni (SCADA), shuningdek, «O‘zbekiston MET» AJ markaziy va hududiy dispetcherlik markazlari uchun elektr energiyasini boshqarish tizimini (EMS) yaratishni o‘z ichiga oladi. Loyiha tadbirlari sovet davridan beri ishlatilib kelinayotgan eskirgan tizimlarni almashtirish imkonini beradi.

«O‘zbekiston MET» AJning elektr energetika sektoridagi strategik rolini hisobga olgan holda, loyiha uning operatsion, moliyaviy va tijorat jarayonlarini rivojlantirish va raqamlashtirish, shuningdek, institutsional salohiyatini mustahkamlash orqali zamonaviy kompaniyaga aylantirishga yordam beradi. Loyiha tadbirlari rejalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, korporativ boshqaruv va qarorlar qabul qilish, shuningdek, kompaniya turli tizimlarining kiberxavfsizligini boshqarishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha, shuningdek, tiklanadigan manbalar asosida xususiy sektor tomonidan ishlab chiqarilgan energiyani integratsiya  qilish uchun elektr tarmoqlari imkoniyatlarini kengaytirish orqali toza energiya ishlab chiqarishga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Foto: O‘zbekiston MET

Loyiha tadbirlari, shu bilan birga, Hukumatning elektr energetika sohasidagi issiqxona gazlari chiqishini kamaytirish bo‘yicha rejalarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi. Xususan, loyiha tiklanadigan manbalar asosidagi 1500 megavatt energiyani elektr tarmoqlariga integratsiyalashga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar atmosferaga issiqxona gazlari chiqishini qo‘shimcha ravishda kamaytirishga olib keladi hamda tiklanadigan energiya sohasiga qo‘shimcha xususiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi.

Loyiha, shuningdek, O‘zbekistonni Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika tizimlari bilan bog‘lovchi infratuzilmani rekonstruksiya qilish va kengaytirish orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy energiya savdosini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Foto: O‘zbekiston MET

Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 14–15 iyul kunlari Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida MDH davlatlari Energetika kengashining 60-yubiley yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi D.Isaqulov yetakchiligida delegatsiya ham ishtirok etdi. MDH davlatlari Energetika kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘ining yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari hamda 220–500 kV kuchlanishli podstansiyalarida olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari alohida e’tirof etilgan.

Manba: https://kun.uz/uz/08543705

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

 

>