Yangiliklar
Afg‘oniston tinchligi sari: Toshkent xalqaro diplomatiyasi
  • 25.07.2022
  • 362

Ukrainadagi urush fonida Afg‘onistondagi vaziyat ma’lum bir vaqt davomida xalqaro siyosat e’tiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mojaro o‘z keskinligi va global miqyosdagi jiddiyligini aslo yo‘qotgani yo‘q.

bugungi Afg‘oniston o‘z tarixidagi eng og‘ir va murakkab davrni boshidan o‘tkazmoqda. “Tolibon” kuchlari Kobul hokimiyatini egallaganiga qariyb bir yil bo‘lganiga qaramay, ushbu davlatdagi vaziyat kutilgan darajada barqaror emas. Aynan hozirda afg‘onlar o‘z taqdirini o‘zi belgilash uchun imkoniyatlar ochilishiga hamda xalqaro iqtisodiy-ijtimoiy ko‘maklarga sezilarli darajada muhtoj. Shunday sharoitda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bo‘lajak Afg‘oniston tinchligi uchun qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lida aniq amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekistonning mazkur xalqaro diplomatiyasi quyidagi omillar bilan alohida ahamiyatlidir:

Birinchidan, konferensiyaning nufuzi uning xalqaro ekanligidadir. Xususan, “Tolibon” Muvaqqat hukumati tuzilganidan keyin o‘tkazilgan barcha muloqot formatlari diqqat bilan kuzatilsa, ularning darajasi mintaqaviy xarakterda ekanligini anglash mumkin. Toshkent konferensiyasi esa amaldagi Afg‘oniston hukumatiga nisbatan turlicha qarashlarni uyg‘unlashtirish va keng xalqaro konsensusga erishish imkoniyatlarini ochib beradigan ilk xalqaro platforma hisoblanadi. O‘zbekistonning mazkur tashabbusi boshqa mintaqaviy aktorlar tomonidan o‘tkazilayotgan muloqotlardan aynan BMT shafeligi ostida tashkil etilayotgani bilan ham alohida ajralib turadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi hamda konferensiyada BMTdan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishi shundan dalolat beradi. 

Ikkinchidan, konferensiya “Tolibon” delegatsiyasi (yuqori darajada va katta miqdorda) tashrif buyurgan hamda aynan Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan ilk xalqaro anjuman hisoblanadi. Bu “Tolibon”ga o‘z hukumatining xalqaro legitimligini asoslash uchun minbar, jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi yo‘lida muloqot maydoni bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, anjumanning xalqaro miqyosda qo‘yilgan asosiy talablarni bajarish jarayoni tezlashishi uchun amaldagi Muvaqqat hukumatga turtki bo‘lish ehtimollari mavjud. 

Uchinchidan, konferensiyaning bosh g‘oyasida Afg‘onistonga Markaziy va Janubiy Osiyoga xavf yoki tahdid soladigan davlat sifatida emas, balki mintaqalarni o‘zaro bog‘laydigan ko‘prik sifatida qarash yondashuvi ustuvor o‘rin egallaydi. Xususan, BMTga a’zo barcha davlatlar O‘zbekiston tomonidan 40 ta mamlakat hammuallifligida ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus резолюцияни bir ovozdan ma’qullashi O‘zbekiston diplomatiyasining xalqaro e’tirofi natijasidir. Bu esa ikki mintaqani Afg‘oniston orqali bog‘lash strategiyasini amaliyotga tadbiq etishda keng imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Umuman, xalqaro anjuman tashabbusi vositasida Toshkent jahon siyosatining e’tiborini qayta Afg‘onistonga qaratmoqda. O‘z navbatida, ushbu davlatdagi xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy holatga ko‘mak berish bo‘yicha xalqaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlar va tamoyillar ishlab chiqishga da’vat etmoqda. Shu jihatdan, bo‘lg‘usi Afg‘oniston nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo, balki jahon hamjamiyatining tinch va barqaror a’zosiga aylanishi uchun aynan hozir global darajada kelishilgan dastur ishlab chiqilishi lozim. Aks holda, Afg‘oniston tanazzuli bepoyon Yevrosiyoning barqarorligiga, oxir-oqibatda dunyo sahniga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.   

 

Suhrob BO‘RONOV

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi,

ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmat

>