Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: “Soylik qishlog‘idagi ko‘cha yoritish chiroqlarining birortasi ishlamaydi!”
  • 14.07.2022
  • 302

Murojaat egasi: Sanjar Yulchiyev, Toshkent viloyati

Elektron pochta: yulchiev77@mail.ru

Murojaat mazmuni: Assalomu alaykum! Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Soylik qishlog‘i, Xondoylik ko‘chasida ko‘cha yoritish simyog‘ochlari (tayanch ustunlari) mavjud bo‘lib, lekin birortasi ham ishlamaydi (yoritilmaydi, nosoz). Sizlardan iltimos, shu ko‘cha chiroqlarini sozlatib bersangiz. Hurmat bilan Sanjar Yulchiyev.

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Sanjar Yulchiyev! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining "Murojaatlar" rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi.

Murojaatingizga javob o‘rnida, eng avvalo sizga shuni ma'lum qilishimiz lozimki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar orqali elektr energiyasini uzatish (transportirovka qilish), 220–500 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i va podstansiyalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, magistral elektr tarmoqlarida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlarini bajarish, bundan tashqari, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi.

Qo‘shimcha ma'lumot sifatida shuni ma'lum qilishimiz mumkinki, ko‘cha chiroqlari va ularni tutib turuvchi simyog‘ochlarga mahalliy hokimiyat organlarining Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan servis xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangan. 

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvar sanasida imzolangan “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida (4-band) shunday deyilgan: “...Shaharsozlik hamda sanitariya me'yorlari va qoidalariga muvofiq obodonlashtirish ob'ektlarini saqlash va ulardan foydalanish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining asosiy vazifalari etib belgilansin. Ularning asosiy vazifalariga shu jumladan quyidagilar kiradi:

• ko‘chalar, skverlar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa ko‘kalamzor zonalarni ko‘kalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni parvarish qilish bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;

• yo‘l-ko‘prik xo‘jaligini (ko‘chalar, yo‘laklar qatnov qismining yo‘l qoplamasi, bekat ko‘tarmalari, yer osti o‘tish joylari, ko‘priklar, transport chorrahalari va yo‘l o‘tkazgichlar, yon bordyurlar, suv chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa sun'iy inshootlar) saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash;

• xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash;

•drenaj xo‘jaligini (vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, sun'iy havzalar, yer osti va yomg‘ir suvlarini haydaydigan nasos stansiyalari) va favvoralarni saqlash, mukammal, joriy ta'mirlash va ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa ishlar;

• elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yo‘llar va ko‘chalarning tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash, mukammal va joriy ta'mirlash hamda ulardan foydalanish bo‘yicha boshqa ishlar.

Shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari to‘g‘risida Namunaviy nizom hujjatida bu haqda batafsil tushuntirish berilgan.

Manba: https://lex.uz/docs/2117709.

Hurmatli fuqaro, Sanjar Yulchiyev, Siz ushbu murojaatingiz mazmunini Bo‘stonliq tumani hokimiyatiga yo‘llashingiz maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>