Yangiliklar
“O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.Nazirov boshchiligidagi delegatsiya vakillarining 2022-yil 3-4-avgust kunlari Dushanbe (Tojikiston) shahridagi xizmat safari natijalari to‘g‘risida hisobot
  • 16.08.2022
  • 353

I. Tashrif mavzusi va ishtirokchilari

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tizimini monitoring qilish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy raqamli texnologiyalarini joriy etish maqsadida dispetcherlik nazorati va ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha yangi dasturiy-apparat kompleks (SCADA) hamda elektr energiyasini boshqarish tizimini EMS joriy qilish loyihasi bo‘yicha Tojikiston Respublikasi “Barki Tochik” ochiq aksiyadorlik xolding kompaniyasi tomonidan foydalanilayotgan SCADA tizimi bilan tanishish, ish jarayonlarini, yutuq va kamchiliklarini o‘rganish maqsadida tegishli mutaxassislarning Dushanbe shahriga xizmat safari tashkil etildi.

II. Tashrif obyektlari va o‘rganilgan masalalar

Xizmat safari davomida delegatsiya a'zolari ish jarayonlari bilan tanishish maqsadida “Barki Tochik” OAXK Markaziy dispetcherlik xizmatida, 500 kV kuchlanishli “Dushanbe” va “Regar” podstansiyalarida bo‘lib, SCADA/EMS dasturiy majmua hamda ish rejimlari bilan tanishdilar. Mutaxassislar tomonidan markaziy dispetcherlik boshqaruv xizmatidan gidroelektrstansiyalardagi suv sathi va sarfi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tezkorlik bilan qabul qilish va monitoring qilish imkoniyatlari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. Shu bilan birga, SCADA/EMS dasturiy majmua yordamida elektr rejimlarini boshqarishda qurilmalar joriy holatini nazorat qilish va ta'mir jarayonlarini tashkillashtirish samaradorligi hamda energotizim holatini baholashda aniqlik darajasi haqida ma'lumotlar almashildi.

Dasturiy majmua elektr qurilmalari himoya vositalari bilan mutanosib ishlashi, xususan, har xil ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘rnatilgan himoya qurilmalari bilan bir vaqtning o‘zida paralel ishlashi va ularga texnik xizmat ko‘rsatishda podstansiya xodimlari o‘z tajribalarini bo‘lishdi.

Shu jumladan, qurilmalarni boshqarishda avtomatlashtirilgan tizimning afzalliklari va kamchiliklari to‘g‘risida mutaxassislar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularning ishlashi hamda tizimni dasturiy ekspluatatsiya qilish, signallarni uzatish va qabul qilish vositalari, ma'lumotlarni qayta ishlash markazi, axborot va kiberxavfsizlik choralarini ko‘rish ishlari bilan yaqindan tanishildi.

SCADA/EMS dasturiy majmuani energotizimga qo‘llashda markaziy dispetcherlik xizmati joylashuv xonalari sharoitlari, xodimlarning joylashuvi, dam olish xonalari va tashrif buyuruvchi shaxslarni ish jarayoniga halal bermasdan kuzatish imkoniyatlari bilan tanishildi. Ushbu majmuani elektr energiyasini tijorat hisobining avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) bilan parallel ish rejimlari va o‘zaro ma'lumot almashinuvi bo‘yicha mutaxassislar o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi. Ma'lumotlar qayta ishlash va saqlash qurilmalarini joylashtirish talablari, komunikatsion tarmoqlarni tortish imkoniyatlari o‘rganildi.

III. Olingan ko‘nikmalar va yakuniy xulosa

Shuningdek, kompaniyaning tender hujjatlarini ishlab chiqish hamda tenderlarni amalga oshirishdagi tajribasi bo‘yicha ma'lumotlar olindi. Loyihaning tender hujjatlarini ishlab chiqishda, texnik talablarda ma'lumot almashinuvda muhim bo‘lgan signallar ro‘yxatini shakllantirishda chuqur tahlil va so‘rovnomalar asosida o‘rganishlar olib borish maqsadga muvofiqligi aniqlandi.

Munosib kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini ham keng qamrovda amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar olindi. Bu orqali loyihaning ekspluatatsiya qilishda qiyinchiliklarning keskin kamayishiga erishilishi mumkinligi keltirib o‘tildi.

Ushbu xizmat safaridan olingan xulosalar kelgusida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda “Dispetcherlik nazorati va ma'lumotlar yig‘ish tizimi (SCADA), energiyani boshqarish tizimini  (EMS) joriy etish va modernizatsiya qilish” loyihasini sifatli joriy qilinishida hamda ushbu tizim energotizim boshqaruvida to‘g‘ri tadbiq etilib tizimni barqaror ishlashida sohaga iqtisodiy samara keltiradi.

“O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.Nazirov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari nomidan Mahmudjon Muqimov, SCADA loyihasi menejeri

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>