OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — DBA rektori - akademiya faoliyati, “semirib ketgan” hukumat, majlisbozlik va xizmat mashinalari haqida
  • 16.08.2022
  • 305

8 avgust kuni O‘zbekistonda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Kun.uz muxbiri bu qonunning ahamiyati va davlat xizmatining bugungi holati haqida Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov bilan suhbatlashdi.

 

— Davlat boshqaruvi akademiyasi davlat xizmatchilari, bo‘lajak vazir va hokimlarni rahbarlikka, boshqaruvga tayyorlab beradi. Xo‘sh, akademiyada ularni kimlar o‘qityapti o‘zi?

Bu yerda deylik, dunyoda tan olingan yirik markazlar: Harvard, Yyel, Oksford, Kembridjda doktorlik darajasini himoya qilib kelganlar nechta?

— 2018-2020 yillarda akademiyamizning malaka oshirish kurslarida 15 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. 2021-2022 yillarda biz 142,5 mingdan ortiq kishining malakasini oshirdik.

O‘ylab ko‘rsak, biz avvalgi yillarga nisbatan keyingi 1-2 yil ichida 9 baravar ko‘proq kishining malakasini oshirdik. Bu katta raqamdek. Lekin yaqinda o‘tgan selektor yig‘ilishida prezidentimizning akademiyamizdan unchalik ham ko‘ngli to‘lmayotganini sezdim.

U kishi raqamlarning ortidan emas, sifatning ortidan quvish kerakligi haqida gapirdi. Siz aytayotgan masala shu sifat masalasi.

Afsuski, oxirgi ikki yilda akademiyaning magistraturasiga qabul bo‘lmadi. Natijada siz aytayotgan yuqori kvalifikatsiyali o‘qituvchilarni jalb qilish imkoniyati bo‘lmadi.

Bugun biz prezident bergan topshiriqlardan kelib chiqib, akademiyada to‘liq transformatsiya ishlarini boshladik. Bunda Buyuk Britaniyaning Oksford, Singapurning davlat xizmati kolleji, Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruv maktabi, Turkiyada Inson resurslarini boshqarish, Koreyada Koreyani rivojlantirish institutlari bor. Biz bugun shu institutlar bilan hamkorlikda akademiya transformatsiyasiga bag‘ishlangan prezident qarori hujjat loyihasini tayyorlayapmiz.

Biz bu jarayonda o‘qituvchilarimiz va avvalo yosh professor o‘qituvchilarimizni rivojlangan davlatlarning universitetlarida malakasini oshirishni reja qilyapmiz.

— Akademiyaning ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga qanchalik mos keladi?

— Avvalo universitet bilan akademiyaning farqini tushunib olishimiz kerak. Universitet ko‘proq nazariy ta’lim beradigan akademik oliy ta’lim muassasasi.

Bizning dasturlarimiz esa amaliyotga yo‘naltirilgan.

— Men balki savolimni sizga tushuntirolmagandirman. Umuman qayta tayyorlash ham qaysidir dastur bilan bo‘ladi-ku, shuni so‘rayapman.

— Agar biz universitetni tamomlab kelgan kishiga yana universitet dasturlarida bilim bersak, u uchun qiziqarli bo‘lmaydi. Unga akademik dasturlar va professional bilimlarni berish kerak.

Bizning asosiy kontingentimiz unchalik katta emas, 4045 kishi atrofida. Shular haqida gap ketyapti. Biz malaka oshiruvchilarning asosiy qismini chetdan chaqiramiz.

Agar gap bizning dasturlarimiz haqida ketsa, biz oxirgi bir yarim yil ichida barcha dasturlarimizni yangiladik. Adashmasam, biz magistratura bo‘yicha dasturlarimizni 10 ga yaqin hamkorlarimizga yubordik va ularning ekspertiza xulosalarini oldik. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Sirakuza universiteti davlat boshqaruvi sohasida birinchi o‘rinda turadi.

Biz shu va shunga o‘xshash qator universitetlar bilan hamkorlikda dasturlarimizni takomillashtirib boryapmiz.

O‘quv dasturlari to‘xtab turmaydi va doimo yangilanib turadi.

Men bu yerda yana bir muhim ma’lumotni aytib o‘tishim kerak. Biz davlat idoralari kadrlari malakasini oshirarkanmiz, ko‘proq o‘sha tashkilotlarning buyurtmasiga qarab ish qilamiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Intervyuni Ilyos Safarov o‘tkazdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov.

Manba: https://kun.uz/

 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>