Yangiliklar
«OZODLIK» PODSTANSIYASI HUDUDIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHG‘ULOTLARI O‘TKAZILDI
  • 04.03.2020
  • 926

  Mashqda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi, degan iborani eshitganmisiz? Haq gap! Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilishga tayyorgarlik ko‘rishda o‘quv mashqlarining o‘rni beqiyos. Zero, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish borasidagi bilim-ko‘nikmalarga egalik — talafotning yarimini asrab qolish garovidir.

  2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ular sodir bo‘lganda bartaraf etish chora-tadbirlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi yuqori kuchlanishli «Ozodlik» podstansiyasida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

  «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali rahbarining topshirig‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining ish rejasi asosida joriy yilning 3 mart kuni o‘tkazilgan ushbu o‘quv mashg‘ulotlari  «Tabiiy hamda texnogen  xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakatlar» deb nomlangan bo‘lib, unda yosh energetiklar ham faol ishtirok etishdi.

  Ma'lumki, har bir hududda xavfsizlikni ta'minlash dolzarb masala hisoblanadi. Shu sababli har bir maskanda xavfsizlik qoidalariga qat'iy amal qilish talab etiladi. Hududlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta'minlashda podstansiyada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning ham tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining harakatlarini oldindan rejalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

  Yuqorida nomi tilga olingan o‘quv mashg‘ulotlari Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda boshqa tezkor xizmatlar va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlar qatorida haqiqiy mahorat darsiga aylandi, desak mubolag‘a  bo‘lmaydi.

  «Ozodlik» podstansiyasi hududida o‘tkazilgan mashg‘ulotda ham obyekt hududida xavfsizlikni ta'minlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va uning oqibatlarini qisqa fursatda bartaraf etish bo‘yicha tezkor xizmat vakillarining hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar sinovdan o‘tkazildi.

  Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda podstansiya ma'muriyati va navbatchi mas'ul xodimlari tomonidan tezkor tadbirlarni amalga oshirishdagi amaliy harakatlarni takomillashtirish, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligi, ularning yong‘in o‘chirish imkoniyatini oshirish, qutqaruvchilarni murakkab vaziyatlarda o‘z oldiga qo‘yilgan jangovar vazifalarni bajarish qobiliyatini kuchaytirish hamda maxsus xizmatlar bilan hamkorlikni amalda mustahkamlash — ushbu mashg‘ulotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad edi va bu maqsadga ma'lum ma'noda erishildi. 

  Tadbir yakunida mashg‘ulot muhokamasi o‘tkazilib, qatnashchilar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar tanqidiy tahlil qilindi. Har bir xizmat xodimlarining favqulodda vaziyatlardagi harakatlari baholanib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik chora-tadbirlari ko‘rildi.

  Ta'kidlash lozimki, mashg‘ulot haqiqatan ham rahbar xodimlar, mutaxassislar, ishchi-xizmatchilar, fuqaro muhofazasi tuzilmalari, avariya-qutqaruv xizmatlarining bilim, tajriba va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi, maxsus texnika vositalarini yana bir bor sinovdan o‘tkazildi, eng muhimi, podstansiya ishchi-xodimlari texnika, yong‘in va hayot xavfsizligi qoidalari bo‘yicha olgan bilim-tajribalarini yanada boyitib olishi uchun yaxshi imkoniyat yaratildi.

Boymurod Sadatov, «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali Axborot ta'minoti guruhi yetakchi muhandisi, Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a'zosi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>