OAV va jamoatchilik bilan ishlash
ishonch.uz — Infratuzilmasiz namunali uylar
  • 25.08.2022
  • 373

Izboskan tumanidagi «Daminboychek» va «Oq oltin» mahallalari o‘rtasida namunaviy loyiha asosida 110 ta uy qurilgan. «Oq oltin» mahallasi hududidagi ushbu xonadonlarda asosan yosh oilalar yashaydi. Ammo bu yerda stadion, bolalar maydonchasi, guzarcha va shunga o‘xshash infratuzilma ob'ekt­lari yo‘q.

Bir vaqtlar sobiq tuman arxitektoriga ushbu savol berilganda «loyi­hada ko‘rsatilmagan», degandi. Agar bu yangi turarjoylarda yashayotgan yosh oilalarning aksariyatida ikki nafardan farzand ulg‘aya­yotganini hisobga olsak, stadion va bolalar maydonchasi suv va havoday zarur. Yana bunga shu atrofdagi ikkita mahallaning bolalarini ham qo‘shing.
Eng qizig‘i, mazkur hududdagi uylar oralig‘idagi 1,5 gektardan ziyod yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i o‘tgan yerga ko‘z ochib yumguncha aholi tomonidan uy-joy solib yuborildi. Aslida xavfsizlik nuqtai nazaridan bu mumkin emas, hyech bir qonun-qoidaga to‘g‘ri kelmaydi.
– Tevarak-atrofdagi qishloqlardagi namunaviy uylarni ko‘rib, juda havasim keladi, – deydi shu hududda yashovchi tadbirkor Jahongir Mahkamov. – Qaniydi, bo‘sh yer bo‘lsa, bolalarimizga yayrab-yashnab o‘ynaydigan stadion qurib berardik. Bizga yer ajratib berilsa, u yog‘ini o‘zimiz eplardik.
Yanada afsuslanarlisi, 2017 yilda topshirilgan sement-beton qoplamali ichki yo‘llar chala-chulpa, bitmasdan foydalanishga topshirilishi oqibatida yo‘llar yorilib ketmoqda. Odamlarning mutasaddi tashkilotlarga qilgan murojaatlari esa javobsiz qolmoqda. Yana 2-3 yildan keyin bu yo‘lning qanday ahvolga kelishini esa tasavvur qilish ham qiyin.
Ehtimol, tuman mutasaddilari odamlarning mushkullarini aritishar.

Anvarjon HALIMOV
«ISHONCH»

Manba: https://ishonch.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>