Yangiliklar
Energetika sohasida O‘zbekiston-Amerika hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
  • 20.10.2022
  • 336

2022-yilning 18-oktabr kuni O‘zbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov AQSH savdo vaziri o‘rinbosari Maris Lago boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar mamlakat energetika sohasini isloh qilish, xususan, energetika obyektlarini xususiylashtirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalarini muhokama qildilar. Xususan, Prezident farmonida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali bosqichma-bosqich xususiylashtirish ko‘zda tutilgani taʼkidlandi.

O‘zbekiston tomoni “yashil” energetikani rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish rejalarini taqdim etdi. 2030 yilga borib, mamlakat elektr energiyasining kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, jumladan 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasidan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
 


Gidroenergetikani rivojlantirish uchun 142 ta potensial obyektlar o‘rganilib, 54 ta loyiha belgilandi. Shuningdek, quvvati 500 kVt gacha bo‘lgan mikro GESlar qurish bo‘yicha 200 ta loyiha amalga oshiriladi.

Energetika vazirligi AQSH kompaniyalarining OTB, XMK, YETTB kabi nufuzli Xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida o‘tkaziladigan elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalari bo‘yicha tenderlarda faol ishtirok etib borishini eʼtirof etadi.

Tomonlar, shuningdek, AQSH ijobiy tajriba to‘plagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.




AQSH kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotgani “Air Products” loyihalari misolida qayd etildi. Bundan tashqari, “GE”, “Schlumberger”, “Honeywell UOP” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Yirik energetika loyihalari uchun maslahat xizmatlari “DeGolyer & MacNaughton” kabi “SA” konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etiladi.

Tomonlar hamkorlikning ushbu va boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, ularni yana-da batafsil o‘rganish va mutaxassislar darajasida doimiy aloqa o‘rnatishga kelishib oldilar.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2209

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>