Yangiliklar
“O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya” loyihasi amalga oshiriladi
  • 01.11.2022
  • 348

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Energiyani tejash tarmoqlararo jamg‘armasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya” loyihasini ishlab chiqdi. U Jahon bankining 143 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli krediti ko‘magida amalga oshiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga a'zo bo‘lgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) O‘zbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, muddati 30 yil, jumladan, besh yillik imtiyozli davr bilan imtiyozli moliyalashtirishni taqdim etadi.

Joriy yilning 24-25-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi o‘rtasida kredit bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev, Xalqaro Taraqqiyot Assotsiatsiyasi delegatsiyasiga Jahon bankining mintaqaviy menejeri Marko Mantovanelli rahbarlik qildi.

O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini oshirish borasidagi yetakchi mavqyeini, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlarni xalqaro hamjamiyatning faol qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni hisobga olgan holda, Jahon banki Ijroiya direktorlar kengashi loyihani bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining imtiyozli resurslaridan uzoq muddatli kredit ajratishni ma'qulladi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasida energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishga investitsiyalarni jalb qilish uchun bozor rag‘batlarini yaratishda muhim rol o‘ynash uchun mo‘ljallangan.

Loyiha mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Uning doirasida maktabgacha ta'lim, xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash sohalarida 800 dan ortiq muassasani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Loyihaning asosiy natijasi jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, energiya tejash va toza energiya ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish tartib-qoidalarini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishdan iborat bo‘ladi.


O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

▶️@prminenergy

Манба: https://t.me/minenergy_uz/5411

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>