OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirdi
  • 13.11.2022
  • 318

Energetika vazirligi matbuot xizmati kunlar keskin soviy boshlagandan so‘ng iste’molchilarning elektr energiyasi va gazga bo‘lgan talabi ham ortib borayotgani, shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining ham keskin pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ta’kidlanishicha, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining pasayishiga olib kelmoqda.

Shunday hollarda elektr energiyasini ishlab chiqarish obyektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlari hamda podstansiyalarda yuklamalarning ortishi natijasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish maqsadida respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar kiritishga majbur bo‘linmoqda.

Xuddi shuningdek, ayrim hududlardagi aholi iste’molchilarida tabiiy gaz bosimining pasayishi ham kuzatilmoqda. Hozirgi paytda barcha yoqilg‘i-energetika obyektlarida maxsus navbatchilik shtablari tashkil etilgan bo‘lib, mutaxassislar tomonidan yuzaga kelgan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Fursatdan foydalanib, iste’molchilardan ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya resurslari barqarorligini ta’minlash maqsadida, imkon qadar ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib o‘tamiz, — deyiladi xabarda.

 

Manba: https://daryo.uz/2022/11/12/energetika-vazirligi-elektr-va-gaz-taminotidagi-muammolarni-togri-tushunishga-chaqirdi/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>