Yangiliklar
Energetika vazirligi Matbuot shtabi 3-dekabr kuni isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beradi
  • 04.12.2022
  • 341

Kecha, 3-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 227,7 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 224,8 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 156,4 mln kub metr tabiiy gaz va 2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.

Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 462 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Shuningdek, gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli Toshkent, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarining ayrim hududlarida tabiiy gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan. Xususan:

Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Yangiyo‘l, Bo‘ka, Piskent, Zangiota, Toshkent, Parkent, Ohangaron, Qibray, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on,O‘tra-Chirchiq, Quyi-Chirchiq tumanlari va Chirchiq shahrining ayrim xonadonlarida;

Buxoro viloyati: G‘ijduvon, Romitan, Qorako‘l, Shofirkon, Vobkent, Peshku, Olot, Buxoro tumanlari va Buxoro shahrining ayrim xonadonlarida;

Farg‘ona viloyati: Marg‘ilon, Farg‘ona, Quvasoy, Qo‘qon shaharlari, Beshariq, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq, Qo‘shtepa, Rishton, Toshloq, Uchko‘prik, Farg‘ona, Furqat, O‘zbekiston va Quva tumanlarining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan.

Isteʼmolchilardan 672 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook  ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6517

▶️@minenergy_uz

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>