OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — “Qo‘qon pech olib keldik, eshikni mato bilan yopdik, ijaraga uy olib, sovuqdan jon saqladik”. O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar anomal sovuqda qanday jon saqlagani haqida
  • 24.01.2023
  • 319

Xabaringiz bor, O‘zbekistonda yanvar oyi boshida anomal sovuq havo oqimi kirib keldi va kunlar -20—25 darajagacha sovidi. Bu esa qish mavsumiga tayyor bo‘lmagan O‘zbekistonni, xususan Toshkent shahri masʼullarini ham dovdiratib qo‘ydi. Xo‘sh, anomal sovuq paytida elektr energiyadagi uzilishlar va tabiiy gaz yetishmovchiligi bilan yuzlashgan o‘zbekistonliklar sovuqda qanday isindi? “Daryo” Toshkent shahri hamda viloyatlarda yashovchi jamoatchilik faollari — jurnalist va blogerlar bilan suhbatlashib, anomal sovuq paytida xonadonida qanday isingani bilan qiziqdi.

“Uyga sovuq kirmasligi uchun eshiklar ustidan qalin pardasifat mato tortdik” — Davletov

Uy sovib ketdi, markaziy isitish tizimi qariyb ilimadi ham. Dekabrdagi sovuqdan farqli o‘laroq bu gal “svet” negadir unaqa ko‘p o‘chmadi, hammamiz bir xonani yaxshiroq isitib, o‘sha xonada ovqatlandik, yotib turdik. Issiq chiqmasligi, sovuq kirmasligi uchun eshiklar ustidan qalin pardasifat mato tortdik, elektr moyli pechka ishlatishga majbur bo‘ldik. Gaz bosimi past bo‘lgani uchun ovqatlarni ko‘chadan buyurtma qildik yoki olib keldik. Dekabrda qariyb 600 KVt/s tok ishlatibmiz, yanvarda yana oshgan bo‘lsa kerak. Odatda bir oyda 120-200 KVt/s ishlatayotgan edik. Kim bilan suhbatlashsak, qo‘ng‘iroqlashsak, gapimiz gaz-svetdan boshlanib qoldi. Ammo boshqalarda bizdan ham og‘irroq vaziyatligini o‘qib, kuzatib turgandik, — deydi Telegram’dagi Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov.

“Qo‘qondan ko‘mir pechka buyurtma qildik” — Aziza Qurbonova

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashayman. Hovlida turamiz, gaz yo‘q, elektr kunda bir mahal, asosan 19:00—20:30 oralig‘ida 1-2 soatga o‘chdi. Bu boshqalarga qaraganda eng katta baxtimiz edi. Uch nafar farzandim bor, kichkinamiz endi 27 kunlik bo‘lgandi. Shuning uchun ham anomal sovuq xavfi aytilgandayoq tashvishga tushgandim. Va har ehtimolga qarshi uyga 2 ta elektr isitgich sotib oldik. Unda hammada gaz bor edi. Poytaxt gaz zanjirining so‘nggi halqasi — Uchtepa tumani “o‘z apokalipsisi”ni boshqa tumanlardan ertaroq boshladi. Gaz keskin pasayib ketdi. Boshlanishiga ko‘chadan ovqat buyurtma bera boshladik, keyin O‘rikzordan 300 ming so‘mga sotib olgan elektr plitam kunimga yaradi. O‘choq va plitada ovqat qilishga o‘tdim. Energotejamkor, zamonaviy isitish tizimi deyilgani uchun uyimizga ikkikonturli kotyol o‘rnatgandik. Bu ham uyni isitadi, ham issiq suv bilan taʼminlaydi. Aksiga olib, bu tizimga gaz, elektr va suv birdek kerak. Bittasi bo‘lmasa ham ishlamaydi. Gaz pasayganda ham amallab ishlab turdi, uylarimiz ancha issiq edi. Ammo vaʼda qilingan anomal sovuq kirib kelgach, gaz bizni butunlay tark etdi. Uyni isitish va jon saqlash uchun bor umidimiz elektr qurilmalarimizga o‘tdi. Avval uyni faqat ikkita elektr isitgichlar bilan isitdik, keyin hammamiz bitta xonaga ko‘chdik. Lekin ikki kundan so‘ng elektr bosimi ham tushib ketdi va isitgichlar bor quvvatida ishlamay qo‘ydi, konditsioner, elektr plita ham nomiga yonib turadigan bo‘lib qoldi. “Dvijok” — generator sotib olmoqchi ham bo‘ldik, lekin uning quvvati isitgichlarga yetishi amrimaholligi, katta quvvatlilari juda qimmat ekanini bildik. Shundan keyin turmush o‘rtog‘im “svet o‘chdi-yondi” deb tavakkal qilib o‘tirolmaymiz, agar ko‘proq soatga o‘chadigan bo‘lsa, yaxlab qolamiz deb Qo‘qondan ko‘mir pechka buyurtma qildilar. O‘sha kuniyoq jo‘natishdi. Uyga o‘zlari o‘rnatdi. Damba-dam o‘tin va ko‘mir yoqib kattaroq xonani isityapmiz. Tanamiz endi isiyapti. Chaqalog‘imni ham cho‘miltira olyapman. Bu haqda tarmoqda yozganimda juda ko‘pchilik qiziqish bildirdi va pechkani surishtirdi, uyiga o‘rnatishga qaror qildi. Yana aksariyat kishi “biz 20 yillardan beri qishloqda shunday yashayapmiz, ko‘nikib ketasizlar” degan mazmunda izoh qoldirdi. Xulosa shunday bo‘ldiki, bunday vaziyat keyingi yillar ham takrorlanish ehtimoli katta. Hovlining etagiga yangi imorat qurishimiz kerak. Reja qildikki, endi to‘rtta ssenariy bo‘yicha uy quramiz. Har ehtimolga qarshi, tancha-pechkali, balki kaminli bir xona quramiz, quyosh batareyalarini o‘rnatamiz, anʼanaviy isitiladigan xona va boshqa xonalarga energotejamkor ikki konturli isitish tizimini ham o‘tkazamiz. XXI asrning 23-yilida shunaqa gaplar, — deydi jurnalist Aziza Qurbonova.

“Gaz pasaydi-yu, svet ko‘p o‘chmadi” — Shahnoza Soatova

Menda boshqalarchalik jiddiy muammo bo‘lmadi. Toshkent shahrining yangi qurilayotgan kvartallaridan birida yashayman. Atrofimiz to‘la qurilish, hamma yoq shovqin, yozda changning eng ko‘pini biz yutamiz shekilli. Lekin shu kunlarda boshqalarda kuzatilayotganchalik muammo bo‘lmadi: gaz pasaydi-yu, biroq svet ko‘p o‘chmadi (grafikka ko‘ra hammasi). O‘tgan hafta eski shahardagi tanishimnikiga janozaga borganda ahvol naqadar chatoqligini ko‘rdim: bir kun avval chiroq o‘chgan, gaz deyarli yo‘q. Uylar muzlagan. Tashqarida keldi-ketdiga qarab turgan bechora hassakashlar kirib isinadigan joy ham yo‘q. Uy ko‘chadan battar edi. Kuzatishlarimga ko‘ra, asosan shahar markazida aholi zich mavzelarda va hovlilardan iborat mahallalarda gaz va svet muammosi o‘tkir sezildi. Lekin men xavotirdaman: agar ahvol o‘zgarmasa va bizning bir-biriga peshonasini tirab uylar qurilayotgan kvartalimizga aholi to‘liq ko‘chib kelsa, nima bo‘lishini o‘ylayapman, — deydi bloger Shahnoza Soatova.

“Ortiqxo‘jayev bo‘shagan kuni gaz ko‘tarilib, avvalgi holiga qaytdi” — Nurbek Alimov

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida turaman. Bizda gaz muammosi yuzaga keldi va bu holat to‘rt kun davom etdi. Ortiqxo‘jayev bo‘shagan kuni birdan gaz ko‘tarilib, avvalgi holiga qaytdi. Svetda umuman uzilish bo‘lgani yo‘q. Markaziy isitish tizimlari juda past ishladi shu sababli elektr radiator va konditsionerlardan foydalandik. Mashina haydashni yig‘ishtirdim. Nonga chiqib kelishni aytmasak ko‘chaga chiqqanim ham yo‘q. Bu xuddi pandemiya paytlaridagi holatni yodga soldi. Svet muammosi bo‘lmagani uchun menimcha uncha qiynalmadik, lekin gaz pastligidan ertalab qozonga solingan sho‘rvani kechki payt ichganimiz ham bor gap. Bunaqa holatlarda oila bilan birga bo‘lish kerak, gaz svet yong‘in xavfsizligi degan masalalarga o‘zim qaramasam ko‘nglim joyiga tushmaydi. Shuning uchun shu kunlarda Andijondagi opa-singillarimni ham Toshkentdagi uyimga olib keldim. Barchamiz bir yerda bo‘lib o‘tkazib oldik, — deydi bloger Nurbek Alimov.

“Qashqadaryo ham anomal sovuqqa tayyor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi” — Kapitan Karimov

Sovuqda qanday yashayotganimizni o‘zimiz bilamiz. 7-8 soatlab svetni o‘chirib qo‘yishdi. Ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilsang, birortasi javob bermaydi. Bu haqda bir necha marta Telegram kanalimda xabar berganman. Svet yo‘qligidan ko‘ra, ishonch raqamiga javob bermay turishlari og‘ir botdi. Bular biror kun xalq oldida javob beradi. Bir gap bilan aytganda Yangi Qashqadaryo anomal sovuqqa tayyor emasligini amalda ko‘rsatib berdi, — deydi Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida yashovchi bloger Kapitan Karimov.

“Uyimizni tashlab, gaz va svet bor joylardan uy ijaraga oldik” — Avtobloger Maqsud Muzaffarov

Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Uyimizda gaz yo‘q. Imkoni boricha gaz ballon va elektr bilan qizitishga harakat qildik. Shunda ham yosh bolalar qiynaldi. Keyin vaqtincha gaz bor joydan ijaraga uy olib, ko‘chishga majbur bo‘ldik. Hozirda ikki nafar farzandim va xotinim bilan shunday sharoitda yashayapmiz, — deydi avtobloger Maqsud Muzaffarov.

 

 

Manba: https://daryo.uz/2023/01/24/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>