OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochildi
  • 27.01.2023
  • 263

Energiya resurslaridan maqsadli va tejab-tergab foydalanishning qanchalik ahamiyatli ekanligini barchamiz yaxshi bilsak-da, yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq kunlarida buni yana ham teranroq angladik.

Elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa resurslar hisobsiz emas, hammasi o‘lchovli. Aholi iste’moli uchun yoki korxona va tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalari ehtiyoji hisobga olinadi. Shunga yarasha oldindan to‘lov amalga oshirilishi, talab va taklif aniqlanishi kerak. Afsuski, hali hanuz ayrim mansabdor shaxslar zamon talabini, qonun-qoidani tan olgisi kelmayapti yoki shaxsiy manfaatini umum manfaatidan ustun qo‘ymoqda.  

Shuning uchun ham joylarda aholi va hatto, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar tomonidan energiya resurslaridan o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy foydalanish holatlari kuzatilmoqda. Eng yomoni bunday holatga ta’minotchilar ko‘z yummoqda. Bunday holat Bulung‘ur tumanida qayd etildi.  

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi qarori 70-bandida iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish 100 foiz olinadigan haq to‘lash asosida amalga oshirilishi, oldindan haq to‘lanmagan hollarda iste’molchilar elektr tarmoqlaridan to‘liq uzilishi belgilangan. Ammo Bulung‘ur tumani elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxslari tomonidan “Yevro Sam invest” MCHJning 4 milliard so‘m va “Bulung‘ur gaz servis” MCHJning 3 milliard 256,5 million so‘m, “Metin tekstil” MCHJning 761 million so‘m, “Xamra Begim Mirali KNX bog‘i” fermer xo‘jaligining 199,1 million so‘m, “Mingmurod Dilmurod” MCHJning 1 milliard 653 million so‘m, “Mafyuna Murodjon Fayz” oilaviy korxonasining 58,6 million so‘m, “G‘ubdin nihollari” MCHJning 214,5 million so‘m, “Bulung‘ur meva-sabzavot” MCHJning 69 million so‘m, “Qodir ota” fermer xo‘jaligining 56,6 million so‘m, “Aziya konstrakt building” MCHJning 53,4 million so‘m, “Shertoy Yelegant stil” MCHJning 45,1 million so‘m, “Intensiv bug‘lar IRASh” fermer xo‘jaligining 42 million so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lsada, ushbu iste’molchilarni tarmoqdan uzish choralarini ko‘rmagan. Buning oqibatida davlat va jamoat manfaatlariga jami 10 milliard 608 million 700 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.  

Shuningdek, o‘tkazilgan tekshirishlarda elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, hisobga olish asboblari plombalariga qasddan shikast yetkazishi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga “Metin tekstil” MCHJ tomonidan 454,4 million so‘m, "Mo‘g‘ol Chorbog‘ dalasi" fermer xo‘jaligi 1 millaird 543 million so‘m, “Xamra Begim Mirali KNX bog‘i” fermer xo‘jaligi 199,1 million so‘m va “Mingmurod Dilmurod” MCHJlar tomonidan 1 milliard 621,9 million so‘m zarar yetkaziganligi aniqlangan.  

Mazkur holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.  

G‘.HASANOV,  

O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>