OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Energetika nazorati bo‘yicha Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy etildi
  • 16.02.2023
  • 181

“Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–54-son, 13.02.2023-y.) qabul qilindi

Qarorga muvofiq, Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan O‘zenergoinspeksiya xodimlari zimmasiga ularning vakolatiga kirmaydigan vazifalarning yuklanishi taqiqlanadi.

✅ Qarorga ko‘ra, Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas'ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

2023-yil 1-martdan:

♦ O‘zenergoinspeksiya elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste'moli to‘g‘risidagi ma'lumotlarni monitoring qiladi;

♦ elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron rasmiylashtirish va tegishli ma'lumotlarni “E-ma‘muriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.

☑️ 2023-yil 1-iyuldan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta'minoti korxonalarining dasturiy ta'minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali tuziladi.

2023-yil 1-iyungacha yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda, inson omilisiz qayta hisob-kitob qilish, yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va Soliq qo‘mitasi bazasida parallel ravishda hisobga olishni nazarda tutuvchi dastur joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Manba: https://t.me/huquqiyaxborot/13224

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>