OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: "SSSRdan meros qolgan aravani rosa mindik va oxiri "yetib keldik". Markaziy Osiyodagi energetika sohasidagi inqiroz haqida
  • 15.02.2023
  • 150

Bu yilgi qish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun so‘nggi o‘n yilliklardagi eng sovuq qishlardan biriga aylanib, energetika sohasida to‘planib qolgan muammolarni ochib tashladi. Eskirgan infratuzilma tizimning jar yoqasiga kelib qolganidan dalolat bermoqda. Tub islohotlar arzonga tushmaydi va ekspertlar bu mintaqa uchun oxirgi anomal qish emasligidan ogohlantirmoqda.

 

Keskin kontinental iqlimga ega Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi haroratning keskin o‘zgarishiga ko‘nikkan bo‘lsa-da, qishning qattiq ayozlari ularni ham shoshirib qo‘ydi. Bunga qishning bir necha yillardan beri qisqaroq va issiqroq o‘tgani sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, dekabr va yanvar oylarida havo 20-30 darajagacha sovub ketdi. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida yarim asr davomida bunday sovuq ob-havo kuzatilmagan edi. Turkmanistonning ayrim viloyatlarida yangi sovuq rekordlari qayd etildi.

Qozog‘istonda issiqlik elektr stantsiyalarida ro‘y bergan avariyalar tufayli minglab aholi issiqlik va elektr energiyasiz qoldi. Muzlama va nosozligi tufayli o‘nlab avtomobil yo‘llari yopildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida quvurlar muzlab, yorilib, minglab odamlar issiqlik va suvsiz qoldi.

 

Ishonchli markaziy isitish inshooti bo‘lmasa, odamlar o‘z uylarini arzon usullar bilan isitishlari kerak. Bu ko‘pincha ko‘mir bilan, lekin ba’zan quritilgan go‘ng yoki hatto maishiy chiqindilar bilan ham amalga oshiriladi. Afsuski, qo‘lbola pechlardan foydalanish natijasida iz gazidan zaharlanish holatlari ko‘p uchrab turadi.

Infratuzilmaning eskirishi

Ob-havo noqulayligidan qat’i nazar, Markaziy Osiyoning katta hududidagi energetika inqirozining asosiy sababi - energetika sektoriga tushayotgan katta bosimdir.

Mintaqa aholisi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda: so‘nggi 30 yil ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda istiqomat qiluvchilar soni 1,5 baravar ko‘payib, jami 77 million kishidan oshdi. Shu bilan birga, bu mamlakatlarning energetika tuzilmasi juda sekin rivojlanadi yoki umuman rivojlanishdan to‘xtab qolgan.

“Bu barcha mamlakatlar uchun og‘ir qish bo‘ldi, investitsiyalar yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan energetika muammolarini endi e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi, oddiy so‘z bilan aytganda, energetika sohasi Sovet Ittifoqidan meros qolgan aravada shu kungacha zo‘rg‘a yetib keldi. Qozog‘istondagi elektrostantsiyalar qurilganiga 40 yildan oshgan. 30-35 yilda bir kapital rekonstruktsiya qilinishini inobatga olsak, yana o‘n yilga chidab berishi mumkin”, deydi Visor Kazakhstan sarmoya kompaniyasi hamkori, iqtisodchi Almas Chukin.

Hududlardagi aksariyat elektr stantsiyalari va issiqlik elektr stantsiyalari kapital ta’mirlanmagan. Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun infratuzilmani o‘zgartirish kerak. Chukinning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Qozog‘iston uchun taxminan 24 milliard dollarga tushadi, bu esa hozirgi sharoitda mamlakat ko‘tara olmaydigan xarajat hisoblanadi. 

Qozog‘istonda bahorda kommunal xizmatlar narxini ko‘tarishni reja qilgan. Qirg‘izistonda esa eng qattiq sovuq paytda rasmiylar elektr ta’minotini o‘chirishga majbur bo‘lishdi va buni hukumat rejalashtirgani ochiq-oydin ta’kidlandi. Ommaviy norozilik namoyishlari natijasida hokimiyatdan mahrum bo‘lgan prezident Qurmanbek Bakiev davrida elektr energiyasini tez-tez o‘chirish - energiyani tejash chorasi edi.

"Qozog‘iston va Qirg‘iziston rasmiylari uchun tariflarni oshirish masalasi haqiqiy boshog‘riq", deydi Karnegi jamg‘armasi tadqiqotchisi Temur Umarov.

“Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ko‘plab siyosiy faollar va faol fuqarolik jamiyati mavjud, shuning uchun muammolar norozilik namoyishlariga aylanib, 2022 yil yanvarida Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, hozirgi siyosiy rejim barqarorligiga tahdid solishi mumkin,.

Muqobil manbalar

Qirg‘iziston hukumati hozirdanoq mamlakatdagi eng yirik To‘qtagul GESini ta’mirlamoqda va yana bir qancha GESlarni ta’mirlash niyatida. Ta’mir kreditlar hisobidan amalga oshirilib, mamlakatning shusiz ham ko‘payib borayotgan tashqi qarzlari hajmini yanada oshiradi.

O‘zbekiston faol ravishda quyosh panellari qurishni rejalashtirmoqda va 2030 yilgacha elektr energiyasining 30 foizini qayta tiklanadigan manbalardan olishni rejalashtirmoqda, Qozog‘iston esa shamol stantsiyalari qurilishiga sarmoya kiritmoqda.

"Barqaror energiya manbalariga o‘tish energiya inqirozini yumshatishning yagona yo‘li", deydi Almas Chukin. "Chunki shamol generatorlarini qurish va quyosh panellarini o‘rnatish an’anaviy energetika infratuzilmasini qurishdan ko‘ra tezroq amalga oshiriladi. Ammo bunday sa’y-harakatlarga qaramay, mintaqa qahraton qishlardan qochib qutula olmaydi, chunki ayni kundagi umumiy holat talabga javob mos kelmaydi", deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan birgalikda atom elektr stantsiyalarini qurish haqida o‘ylay boshladi. Ammo, ekspertlarning ta’kidlashicha, bu seysmik faolligi yuqori bo‘lgan mintaqa uchun qimmat va xavfli loyihalar bo‘lib, bundan tashqari, davlatlarni sanktsiyalar ostida bo‘lgan Rossiyaga qaram qilib qo‘yishi mumkin.

Atom elektr stantsiyalariga texnik xizmat ko‘rsatish ham katta suv zaxirasini talab qiladi. Bu esa Markaziy Osiyodagi eng qimmatli resurs hisoblanib, uning taqsimlanishi mintaqada nizo va mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin. Energetika inqirozining yana bir bilvosita sababi suv zaxiralarining kamayishi hisoblanadi.

Ishlamaydigan tizim

Markaziy Osiyo mamlakatlari ikki daryo - Amurdaryo va Sirdaryo bilan to‘yinadi. Sovet davrida umumiy infratuzilma tufayli respublikalar bir-birlarini ta’minlaganlar: yozda suv omborlarida suv to‘playdigan mamlakatlar (Qirg‘iziston va Tojikiston) GESda chiqqan suv va elektr energiyasini qolgan mamlakatlar (Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston) beradigan neft va gazga almashtirgan.

Ammo Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin bu ham tizim ham parokanda bo‘ldi. Hozir Tojikistonda GESlar ulushi barcha ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 88 foizini, Qirg‘izistonda esa qariyb 77 foizini tashkil qiladi. Demak, ular endi mintaqaning boshqa mamlakatlarini barqaror va bir xil hajmda suv bilan ta’minlay olmaydilar.

Neft va gaz zaxiralariga ega davlatlar esa o‘z resurslarini katta hajmda sotib oladigan va ko‘proq to‘lashga tayyor bo‘lgan Xitoyga eksport qilishni ma’qul ko‘radi. 

Qattiq sovuq tufayli har bir davlat hatto o‘z aholisini isitish uchun yetarli mablag‘ga ega emasligi ko‘rinib qoldi. Natijada Turkmaniston yanvar oyida qo‘shni O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni bir muddatga to‘xtatib turdi, hamda yoqilg‘i eksportini bekor qilib, barcha zaxiralarni ichki ehtiyojga yo‘naltirdi.

Energiya inqirozi aholini umidsizlikka olib kelganiga O‘zbekistonning Chirchiq shahridan olingan videorolik misol bo‘la oladi, unda bir ayol elektr tarmoqlari xodimining bo‘g‘ziga oshxona pichog‘ini tirab, elektrni yoqishni talab qilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev energetika vaziri o‘rinbosari va yana bir qancha mutasaddilarni, shuningdek, aholisi o‘choqda ovqat pishirishga majbur bo‘lgan Toshkent shahar hokimini ishdan bo‘shatdi.

“Hokimiyat birinchi marta bu muammolar oldida zaif ekanini to‘liq anglab yetdi”, deydi Karnegi jamg‘armasi eksperti Temur Umarov. 

Energetik inqirozning poytaxtga ham yetib kelgani muhim rol o‘ynaydi. Temur Umarovning fikricha, "muammolarni anglab yetish muhim, chunki poytaxtliklar siyosiy va biznes elita bilan yaqinroq aloqaga hamda ta’sir o‘tkazish kuchiga ega”.

Manba: https://azon.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>