OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: O‘zbekiston quyosh panellariga 15 mlrd pul sarflamoqchi. Umidimiz quyoshdanmi?
  • 25.02.2023
  • 248

O‘zbekistonning energiya sohasidagi muammolari tobora chuqurlashib borayotgani sabab, mamlakat o‘zining bor resurslarini tejashga harakat qilmoqda.

Xususan, yanvar oyi davomida respublikada kuzatilgan anomal sovuq vaqtida Energetika vazirligi rejasiga ko‘ra:

1. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritildi;
2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi;
3. Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytirildi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltirildi;
4. Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan aholi xonadonlariga sarflanadigan elektr energiyasiga qisqa muddatli cheklovlar kiritildi;
5. Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshirildi.

Mazkur cheklovlar o‘rnatilganiga, ma’lum choralar ko‘rilganiga qaramay, qishning eng sovuq kunlarida o‘zbekistonliklar, hatto, poytaxt aholisi ham mamlakatning energiya inqirozida ekanini o‘z tanasida his qildi.

Bunday holatlarning oldini olish masadida Prezident Shavkat Mirziyoyev keskin choralar ko‘rilishini aytib, o‘sha keskin choralarni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda keyinroq ishga tiklangan Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevni lavozimidan ozod etishdan boshladi.

Shuningdek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 2023 yilga oid davlat dasturiga ko‘ra, tabiiy resurslarni tejash maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklatildi hamda 2026 yilga qadar tashkilotlar binolari energiya iste’molining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Qolaversa, Prezidentning 15 fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1 mayidan boshlab foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlariga quyosh panellari o‘rnatilishi belgilandi.

15 fevral kuni, shuningdek, Energetika vazirligi Xitoy kompaniyasi va O‘zbekiston o‘rtasida memorandum imzolangani haqida xabar qildi. Unga ko‘ra, respublikaning Qashkadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari quriladigan bo‘ldi.
Xo‘sh, nima uchun “gazi uchta O‘zbekistonni boqa oladigan” mamlakat o‘zining energetika sohasidagi muammolarini quyosh bilan hal qilmoqchi?

Umidimiz quyoshdanmi?

O‘zbekistonda yashil energetika – quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishdagi sa’y-harakatlar bundan bir necha yillar oldin boshlangan. Masalan, Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nihoyatda katta salohiyat mavjud bo‘lishiga qaramasdan, quyosh va shamol singari qayta tiklanuvchi energiya manbalarining imkoniyatlaridan to‘liq darajada foydalanilmayotgani tanqid ostiga olingan edi. Ammo amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar yildan-yilga kechiktirildi. 

Iqtisodchi Otabek Bakirov O‘zbekistonning “energetik sakrash” borasidagi rejalariga e’tirob qaratib, bunda quyosh va shamol stansiyalarining ahamiyatini tahlil qilib chiqdi.

U Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023 yilda quyosh va shamol panellariga jami 15,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilishini eslatib o‘tgan.

Shu bilan birga, bu hujjat e’lon qilinganidan buyon rejalarning asoslanganligi, bozorga muvofiqligi va iqtisodiy afzalligi borasida hech bir chiqishlar kuzatilmayotganini tanqid ostiga olgan.

Davlat fuqarolarni aldayaptimi?

“2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Otabek Bakirov, naq 10 ta, umumiy qiymati 5,7 mlrd dollarlik quyosh stansiyalarining hali investori aniqlanmaganidan hayratda ekanini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, bunda hatto quriladigan quyosh stansiyalarining aniq manzili ham belgilanmagan. 

“Na investori, na manzili aniq bo‘lgan 10 ta loyihada 6,2 MVt quvvatda elektr generatsiya qilinishi kerak. Bu hazilakam emas. Qanday qilib, hech bir asosiy parametri, elektr tannarxini aytmay qo‘ya qolay, aniq bo‘lmagan loyihalar hujjatga kiritib yuborildi? E’tiborlisi, investori yo‘q loyihalarga mas’ul qilib O‘zavtosanoat raisi Umrzoqovdan tortib, O‘zbekiston Temir yo‘llari rahbari Hosilovgacha mas’ul qilingan. Siz ularni kim ekanini va topshiriqlarni amalda qanday bajarishini juda yaxshi bilasiz. Ertaga bunga kim javob beradi, deyilganda ko‘rsatish uchun ular qulay bo‘lsa kerak”, degan iqtisodchi o‘zining Telegram sahifasida. 

Shuningdek, u “istiqbolli” ekani aytilayotgan loyihalar ham ko‘plab savollarni keltirib chiqarayotganini qo‘shimcha qilgan. Bunga misol tariqasida esa Shveysariyaning Tepelen Group AG kompaniyasi qurishi kerak bo‘lgan umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik uchta quyosh stansiyasini ko‘rsatgan.

Bakirov Tepelen Group AG kompaniyasi bundan bir oy avval imzolangan hujjatda Shveysariya emas, BAA kompaniyasi sifatida ko‘rsatilganidan, eng asosiysi, Tepelen Group AG 2 mlrd dollarlik emas, 30 mln dollarlik juda kichik bir stansiya loyihasiga jalb etilganidan ajablanganini yashirmagan.

“2023 yilda faqat 5 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilishi kerak, xolos. Xuddi shu kabi mulohazalarni qarorga qo‘shilib qolgan 400 mln dollarlik Gezhouba (Xitoy), 300 mln dollarlik SS7, 800 mln dollarlik Total Eren (Fransiya) loyihalariga nisbatan ham aytish mumkin. Investor deya ko‘rsatilgan bu kompaniyalarning loyihalari haqida amalda hech narsa ma’lum emas.

Savollar yetarlicha va ularga keyin, kech bo‘lganida emas, bugun javob berilishi kerak, xatolar bugun bartaraf etilishi zarur”, degan iqtisodchi Otabek Bakirov.

Qolaversa, u 15 fevral kuni Energetika vazirligi Xitoyning CEEC kompaniyasi O‘zbekistonning uchta hududida umumiy quvvati 2 GVt bo‘lgan quyosh stansiyalarini qurishi haqida e’lon qilganiga to‘xtalib, “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi bilan umumiy qiymati 4 mlrd dollarlik, yiliga jami 10,2 mlrd kVt⋅soat elektr ishlab chiqariladigan loyihalar haqida anons berganini eslatdi.

“Lekin bu hech bir tendersiz va alohida o‘rganishlarsiz, shoshilinch ma’qullanayotgan loyihalar bo‘yicha ham umumiy raqamlardan bo‘lak hech bir axborot ochiqlangani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, bunday loyihalar uzoq muddatga kafolatli sotib olish shartlarida realizatsiya qilinadi. Aytaylik, mazkur Xitoy loyihalari bo‘yicha 2 sent qimmatroqqa loyiha tuzilsa ham, bu yiliga 200 mln dollardan qimmatroq to‘lash kerak bo‘ladi”, degan u.

“Hamma raqsga tushsin!”

Mirziyoyev quyosh panellari to‘g‘risidagi qarorni imzolaganidan so‘ng, viloyat hokimlari aholi vakillarini quyosh panellarini o‘rnatishga majburlayotgani haqida xabarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali urchiy boshladi. Bunday “komanda”lar ayniqsa, Prezidentning viloyatlarga tashrifi oldidan avj olmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga ham to‘xtalib o‘tdi.

“36 686 xonadonda ham umumiy quvvati 182,1 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi kerak. Bunga hech kim saylamagan va xudo bas kelmasa, hech kim bas kelmaydigan o‘zbek hokimlari mas’ul qilib belgilangan. Egasi itga, it quyrug‘iga degandek, hozir hokimlar bu ishga banklar va tegishli hududlardagi tashkilotlarni majburlamoqda. Yana qiymat, tannarx va afzallik o‘lchovlari noma’lum. 

Bundan tashqari, 2023 yil 1 maydan boshlab yangi qurilgan 765 ko‘p qavatli uyda umumiy quvvati 15,3 MVTli panellar o‘rnatilishi, buning xarajati esa uy-joy quruvchilar va xonadon egalari zimmasida”, degan u. 

Uning aytishicha, 20 320 ijtimoiy soha va davlat idoralarida jami quvvati 219,4 Mvt bo‘lgan panellar o‘rnatilishi kerak. Qiymati ko‘rsatilmagan bu xarajatlar esa katta ehtimol bilan byudjetdan qoplanadi. 

“Kechagina Toshkent shahridagi 1 103 ta byudjet tashkilotiga quyosh panellari o‘rnatish uchun jami 415 mlrd so‘m ajratilgan. Bu faqat boshlanishi. Hammasi bo‘lib 7 977 ta ob’ektga quyosh panellari o‘rnatilishi kerak. Shundan o‘lchov olinsa, poytaxtning o‘zida jami 3,2 trln so‘m byudjeti puli panellarga sarflanadi. Qaytaramiz, afzallik, nisbiy afzallik, qiymat va bir kilovatt elektr tannarxini hech kim hisoblayotgani yo‘q”, deydi u.

Mustaqil tadbirkorlar mustaqil emasmi?

Otabek Bakirov tadbirkorlar ham “kompaniya”dan chetda turmasligini qayd etib, yil davomida xususiy tadbirkorlarga 11 019 ta ob’ektda 742,7 MVtlik panellar va 227ta ob’ektda 555,4 MVt quvvatlik kichik quyosh stansiyalari barpo etish talabi qo‘yilganini qo‘shimcha qilgan.

“Bu vazifa davlat banklariga, xususan, kechagina xususiylashtirilgani e’lon qilingan Ipoteka bankiga topshirilgan. Yo‘naltiriladigan kredit mablag‘lari hajmi noma’lum. Panellarga yo‘naltiriladigan kreditlar shunchalik darajada kattaligidan Markaziy bank risk darajasini nollashtirishni taklif etmoqda ”, deya o‘z tahlillari bilan bo‘lishgan Bakirov.

Maqola muallifi

 

Manba: https://qalampir.uz/

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

>