OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: "Ko‘mirga o‘tayotgan O‘zbekiston: bu ob-havo sifatiga qanday ta’sir qiladi?"
  • 28.02.2023
  • 291

O‘zbekistonliklar 2023-yilni og‘ir energetik kollaps bilan boshladi. Bu hol keyingi yil ham takrorlanmasligi uchun minglab maktab, kasalxona va zavodlarning isitish tizimini ko‘mirga o‘tkazish rejalanyapti. Ko‘mir yaxshi yonadi, biroq undan chiqadigan zahar sabab o‘zbekistonliklar hozirgidan ham iflosroq havodan nafas olishga majbur bo‘lishmaydimi?

 

 

Ko‘mirga o‘tish harakatlari

2023-yil yanvar oyida shu vaqtgacha deyarli hech qachon gaz va elektr tanqisligini boshidan o‘tkazmagan poytaxtliklar ham bir necha kunlab gaz va elektr tokisiz qolib ketishdi. Bunday vaziyatda davlat nimadir qilishga, keyingi yilgi qish mavsumi uchun turli choralar ko‘rishga shoshilyapti. Sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov 2 yil oldin «gazimiz 3 ta O‘zbekistonni boqishga yetadi», deb ishonch bilan aytganiga qaramay, hukumat hozir gaz zaxiralarimiz qolmaganini pesh qilyapti. Yechim sifatida aholi uylariga quyosh panellari o‘rnatish va ayrim ijtimoiy obektlarni ko‘mirga o‘tkazish taklif qilinyapti.

Prezident qarorida aytilishicha, endi O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida maktab, bog‘cha, shifoxona va zavodlarning ma’lum bir qismining istish tizimi ko‘mirda ishlashga moslashtiriladi. Yil oxirigacha 5407 ta ijtimoiy obyekt  uchun 184,4 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi kerak. Fuqarolarining qishda jon saqlashiga qayg‘urilayotgani yaxshi, biroq bu ekologiyaga tahdid evaziga bo‘lmasligi kerak. Ko‘mirdan foydalanish vaqtincha chora bo‘lsa ham, yetarlicha ekologik muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham butun dunyoda ayni damda ko‘mirdan foydalanishni qisqartirishga o‘tilib, davlatlar uchun limitlar belgilash boshlangan.

Global isishga ta’siri

Ko‘mir dunyoda insoniyat foydalanadigan yoqilg‘ilar ichida tabiatni eng ko‘p ifloslovchi hisoblanadi. Statistikaga qaralsa, 1 daraja ko‘tarilgan global isishning 0,3 darajasi ko‘mir hissasiga to‘g‘ri keladi. Elektr ishlab chiqarishda foydalanilayotgan ko‘mir esa karbonat angidrid chiqindilarining 30 foizini tashkil qiladi. Yoki elektr energiyasini ko‘mir bilan ishlab chiqarganda gazga qaraganda 72 foiz ko‘proq CO2 ajralib chiqadi. 2021-yilda dunyodagi CO2ʼning 40 foiziga ko‘mir yoqilishi sabab bo‘lgan. Ko‘mirga global isishga sabab bo‘layotgan eng katta ifloslantiruvchi sifatida ham qaraladi. Ko‘mirdan tarqaladigan zaharlar uni qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda atrof-muhit, havo, tuproq va suvni ifloslaydi.

COPʼlardagi taqiqlar haqida

Har yili butun dunyo davlatlari yig‘ilib o‘tkazadigan UNFCCC’ning Tomonlar konferensiyasi, ya’ni COP (Conference of the Parties)da ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish kun tartibidagi birinchi masala sifatida ko‘riladi. Ko‘mirdan yirik miqdorda foydalanuvchi yirik davlatlarga bu yoqilg‘ini qisqartirish bo‘yicha talablar qo‘yiladi. 2021-yilda o‘tgan COP26ʼda mamlakatlar ko‘mirdan butunlay voz kechish o‘rniga bosqichma-bosqich kamaytirish yo‘lini tanlashgandi. Ko‘mir global isishning 40 foizini keltirib chiqarsa, buning katta qismi esa Xitoy va Hindistonga to‘g‘ri keladi.

2022-yilda ko‘mir iste’moli avvalgi yilga nisbatan 1,2 foizga o‘sib, 8,025 mlrd tonnani tashkil etgan va bu rekord ko‘rsatkich.

Quyida bir yilda eng ko‘p miqdorda ko‘mirdan foydalanuvchi 5 davlatni ko‘rish mumkin:

  • Xitoy – 3, 942 mln tonna;
  • Hindiston – 767 mln tonna;
  • Indoneziya – 550 mln tonna;
  • Amerika Qo‘shma Shtatlari – 544 mln tonna;
  • Avstraliya – 544 mln tonna.

COP uchrashuvlarida har yili O‘zbekistondan ham vakillar qatnashib, turli majburiyatlar olishadi. Aksar vazifalar issiqxona gazlari chiqarishni imkon qadar kamaytirishga qaratilgan bo‘ladi.

Ko‘mir gazidan zaharlanish

Ko‘mirning sog‘liqqa bir necha tomonlama ta’siri haqida gapirishdan oldin uning is gaziga aylanib, inson hayotiga xavf tug‘dirishiga to‘xtalish kerak. Bu qanday bo‘ladi?

Ko‘mir yaxshi yonmay qolganda undan is gazi — CO ajralib chiqadi. Agar qo‘lbola pechlarning og‘zi yaxshi mahkamlanmagan yoki dudburonlar qurumga to‘lib qolgan bo‘lsa, is gazi xonaning ichiga tarqab, o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Is gazidan zaharlanish statistikasiga ko‘ra, 2020-yildan boshlab 2022-yilning may oyigacha O‘zbekistonda is gazidan 428 zaharlanish holati qayd etilgan, ularning 366 nafari vafot etib, yana 307 kishi turli darajada zaharlangan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, zaharlanishlarga gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi.

Hozircha O‘zbekistonda maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obektlarni ko‘mir bilan isitishda qanday usuldan foyldalanish bo‘yicha aniq ma’lumot berilmadi. Agar maktablarda ko‘mir yoqiladigan pechlardan foydalanilsa, bu –bolalarning is gazidan zaharlanish ehtimolini paydo qiladi.

Ko‘mir yoqilganda chiqadigan zaharli moddalar

Ko‘mirda ishlaydigan turli obyektlar, fabrika va korxonalardan turli xildagi zaharli moddalar havoga chiqib, ham inson, ham hayvonot dunyosiga ta’sir qiladi. Xo‘sh, ko‘mir yoqilganda qanday zaharli moddalar paydo bo‘ladi?

Asosiy va eng xavfli moddalar oltingugurt va azot oksidi hisoblanadi. Ko‘p miqdorda ko‘mir yoqilganda oltingugurt, azot oksidi ham yirik miqdorda ajralib havoga ko‘tariladi. Ular yomg‘irga qo‘shilib suv havzalari va o‘rmonlarga yog‘adi, bu esa bioxilma-xillikning kamayishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, atmosferaga sulfat va nitrat kabi o‘pkaga zararli bo‘lgan mayda zarrachalar ham chiqadi.

Bundan tashqari, ko‘mir yoqilganda o‘zidan simob va CO2 ham ajrata boshlaydi. Umuman yuqorida sanalgan moddalarning yirik miqdori inson salomatligi uchun xavfli hisoblanadi.

Qanday kasalliklarga sabab bo‘ladi?

Avvalo, oltingugurt dioksidi astma qo‘zg‘ash xususiyatiga ega, azot oksidlari esa o‘pka funksiyasini o‘zgartirib yuboradi, bolalarda nafas yo‘li kasalliklarini ko‘paytiradi. Simob esa markaziy asab sistemasi, oshqozoq-ichak, buyrak faoliyatining ishlashini buzadi.

Shuningdek, homilaning yaxshi rivojlanishini sustlashtiradi. Bulardan tashqari ham ko‘mirdan chiqadigan bir qancha zararli zarrachalar borki, ularning ayrimlari immun tizimini kuchsizlantirsa, ayrimlari saratonga sabab bo‘lishi mumkin.

Xulosa o‘rnida

Hozirgacha dunyoda ko‘mirdan ajraladigan zaharni tutib qoladigan biror filtr uskunasi yoki boshqa usul o‘ylab topilgan emas. Yil oxirigacha 5407 ta ijtimoiy obyekt ko‘mirda isitishga o‘tkazilishi shundoq ham havas qilarli toza havosi bo‘lmagan o‘zbekistonliklar uchun yashashni yana ham qiyinlashtirib qo‘yadi.

Toshkent oxirgi vaqtlarda yiliga bir necha marta dunyoda eng iflos havoli shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egallaydi. O‘zbekistonning boshqa shaharlari havosi haqida esa, aniq tahlillar yo‘q. Chunki Toshkentda o‘rnatilgan havo sifatini yuqori aniqlikda o‘lchaydigan uskuna boshqa hududlarga hali yetib bormagan.

Yana bir narsani eslatib o‘tish kerakki, O‘zbekiston 2018-yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan. 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari (karbonat angidrid, metan, azot oksidi) ajratilishi hajmini 2010-yildagi bazaviy darajadan 35 foizga kamaytirishga va’da bergandi.

Ko‘mirga o‘tish esa issiqxona gazlarini ko‘payishiga xizmat qilishi mumkin. Qishda sovqotmaslikning bir chorasi sifatida ko‘mir tanlanayotgani vaqtincha chora bo‘lgan taqdirda ham tabiat va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Butun dunyo muqobil energiya yo‘llarini izlayotgan paytda O‘zbekistonning ko‘mirga qaytishi ekologiya uchun orqaga yurish bo‘ladi xolos.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Manba: https://kun.uz/uz/news/

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>