OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Transformatsiya – iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirishda muhim bosqich
  • 16.03.2023
  • 489

Bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bu esa tizimda zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xarajatlarni qisqartirish, daromad va investitsion jozibadorlikni oshirib, xalqaro bozorlarga chiqishda muhim omil hisoblanadi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Transformatsiyani amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi boshlig‘i Bahrom Mavlonovning qayd etishicha, transformatsiya jarayonlari kam ishchi kuchi va iqtisodiy resurslar bilan yuqori samaradorlikka erishishning muhim omildir.  

– Shu talablardan kelib chiqib, aksiyadorlik jamiyatimizni transformatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda, – dedi B.Mavlonov. – Bu jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi va qaysi yo‘nalishlar uchun muhim? Ta’kidlash kerakki, tranformatsiya iqtisodiy va inson resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, tizimga raqamli texnologiyalarni va dasturiy ta’minotlarni joriy qilishni yanada jadallashtirish, boshqaruvda va texnologik jarayonlarda inson omilini qisqartirib, adolatli tizimlarni yaratish, korrupsiyani oldini olish, ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish, elektr energetika tizimini ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlash kabi muhim ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi.  

Demak, tashkilotimiz faoliyati uchun zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘llash, jamiyat xarajatlarini qisqartirish, daromad va investitsion jozibadorlikni oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish, shuningdek, jamiyatning istiqboldagi rivoji uchun sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda transformatsiya qilish asosiy vazifasi hisoblanadi.  

Bugungi kunda “Sifat menejmenti tizimi” bo‘yicha (ISO 9001), “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimi” bo‘yicha (ISO 37001), atrof-muhitga yetkaziladigan zarar miqdorini kamaytirishga qaratilgan “Ekologik boshqaruv tizimi” bo‘yicha (ISO 14001), mehnat muhofazasi va xavfsizligini oshirish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasalliklarni kamaytirishga qaratilgan “Mehnat xavfsizligi va sanoat xavfsizligini boshqarish tizimi” bo‘yicha (ISO 45001) va energiyani tejashga va atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni yumshatishga qaratilgan “Energiya menejmenti tizimi” bo‘yicha (ISO 50001) xalqaro standartlari joriy etildi. “O‘zstandart” agentligi bilan hamkorlikda 529 ta Xalqaro elektrotexnika komissiyasining standartlarini qo‘llash mumkinligiga erishildi.  

Bundan tashqari, xalqaro audit, reyting va konsalting kompaniyalari bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, energokompaniyalarda chuqur diagnostika o‘tkazish, tizimli kamchiliklarni aniqlash va xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha “McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb etildi. “Grant Thornton” xalqaro audit kompaniyasi jamiyatdagi xaridlar jarayonini auditdan o‘tkazdi va ijobiy xulosa olindi. Jahondagi yirik to‘rtta auditor kompaniyadan biri hisoblangan “Ernst & Young” LLC kompaniyasi tomonidan jamiyatning 2019–2021-yillardagi hisobotlari uchun ijobiy auditorlik xulosalari olindi. Ispaniyaning MRC S.L. kompaniyasi bilan hamkorlikda “Magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqildi.  

Albatta,  tranformatsiya jarayonlarining joriy etilishi tashkilotimiz va uning tizimidagi korxonalar ishini xalqaro bozorda namoyish qilish imkonini bermoqda. Shu bois, 2023-yilda bu borada qator ishlarni bajarish rejalashtirilgan. Jumladan, jamiyatning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha investitsion xarajatlarini qoplashni nazarda tutuvchi tarif shakllantirishning RAB (Rab) modeliga o‘tish choralari ko‘rilmoqda. 2023-yil yakuniga qadar xalqaro kredit reytingi qo‘lga kiritiladi.  

Aksiyadorlik jamiyatida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 2022-yil 30-avgustda “UZASSYSTEM” QK tomonidan "DigSilend Power Factory" dasturiy ta’minotida “O‘zbekiston Respublikasi energotizimidagi elektr tarmoqlarining raqamli modeli va interaktiv xaritasi” loyihasi ishga tushirildi. Davlat xaridlari tizimi raqamli transformatsiyasi bo‘yicha “Energy consult” MCHJ bilan hamkorlikda yangicha yondashuvlar asosida dasturiy ta’minot yaratildi. Buning samarasida xaridlar jarayonining shaffofligi ta’minlandi. Barcha xaridlar korrupsiyaviy risklarni minimallashtirish va inson omilini qisqartirish maqsadida (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, cooperation.uz, etender. uzex.uz) elektron savdo tizimlari orqali amalga oshirilmoqda.  

Shuningdek, yirik loyihalardan hisoblanadigan Dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha yangi texnik-dasturiy kompleks (SCADA), elektr energiyasini boshqarish tizimi (EMS) hamda Resurslarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi (ERP)ni joriy etish bo‘yicha ham ishlar boshlangan. Mazkur loyihalar 2025-yil yakuniga qadar to‘liq joriy etiladi.  

Muxtasar aytganda, transformatsiya jarayonlari iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirishda muhim bosqich. Shu sababli, keyingi besh yillikda ushbu yo‘nalishda olib borilgan chora-tadbirlar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, xalqaro bozorga chiqish va qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda keng imkoniyat yaratdi.  

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba ZIYODULLAYEVA

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>