OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: “Anomal sovuqda elektrsiz qolgan Toshkent anomal issiqqa bardosh bera oladimi?”
  • 14.03.2023
  • 149

Joriy yilning 11-mart kuni "Toshkent shahridagi isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi. Xoʼsh, endi poytaxtda elektr energiyasi bilan bogʼliq muammo boʼlmaydimi? Аnomal sovuqdagi uzilishlar qaytarilmaydimi? Buning uchun qanday choralar koʼrilmoqda? Savollarimizga "Hududiy elektr tarmoqlari" АJ Toshkent shahar filiali kapital qurilish boyicha direktor oʼrinbosari Behzod Kulibayev javob berdi:

Toshkent anomal issiqqa tayyormi?

– Joriy yilning yanvar oyida Respublikamiz boʼylab anomal sovuq ob-havosi kirib kelishi oqbatida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yoʼnaltirilgan quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi natijasida asosiy yuklama elektr taʼminotiga tushganligi sababli elektr energiyasini yetkazib berishda va taʼminotida uzilishlar kuzatildi. Buning natijasida, Toshkent shahrining koʼplab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, taʼminotda favqulodda uzilishlar sodir boʼldi.

Oʼzingizga maʼlum, Respublikamizda qish kunlarida kirib kelgan anomal sovuq ob-havosi kabi yoz oyida ham anomal issiq kuzatilishi mumkin. Аnomal sovuq ob-havosi vaqtida kuzatilgan nosozliklar, taʼminotda favqulodda uzilishlarni oldini olish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi “Toshkent shahridagi isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-91 sonli qarori qabul qilindi.

Poytaxt aholisi uchun 664 MVА boʼlgan quvvat yaratiladi

Mazkur qaror doirasida Toshkent shahrida jami 5 ta 110 kV kuchlanishli podstantsiya qurilish rejalashtirilgan, yaʼni Yunusobod tumanida “Yunusobod biznes siti”ni tashqi elektr taʼminoti bilan taʼminlash, Shayxontoxur tumanida “Tashkent siti” xalqaro ishbilarmonlik markazini tashqi elektr taʼminoti bilan taʼminlash, M.Ulugʼbek tumanida “Yangi Oʼzbekiston koʼchasi yoʼl boʼyi infratuzilmasini, yangi barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasini tashqi elektr taʼminoti bilan taʼminlash, Yashnobod tumanida “Olmos” va “Goʼzal” mahallalarini hamda ushbu hududda qurilayotgan koʼp qavatli uy-joylarni tashqi elektr taʼminoti bilan taʼminlash hamda Yangihayot tumanida ishlab chiqarish korxonalarini va kichik sanoat zonalarini tashqi elektr taʼminoti bilan taʼminlash maqsadida qurilishi rejalashtirilgan. Yuqorida keltirilgan podstantsiyalarni qurish orqali umumiy quvvati 664 MVА boʼlgan quvvat yaratiladi.

Eski podstantsiyalar yangilanadimi?

Bundan tashqari Toshkent shahrida jami 4 ta podstantsiyada rekonstruktsiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Jumladan, Yunusobod tumanida “Yunusobod” PS (2x40 MVАni 2x63 MVАga), Olmazor tumanida “Sagʼbon” PS (2x25 MVАni 2x40 MVАga), M.Ulugʼbek tumanida “Botanika” PS (1x63, 1x40 MVАni 2x80 MVАga) va Mirobod tumanida “Qoʼqon” PS (2x40 MVАni 2x63 MVАga)dagi mavjud kuch transformatorlari katta quvvatlisiga almashtirish hisobiga 179 MVА quvvat yaratiladi. Buning natijasida aholi va yuridik isteʼmolchilarning elektr energiyasi yaxshilanadi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirishga jami 3,5 trln miqdorda mablagʼlar yoʼnaltiriladi, shu jumladan 566,0 mlrd soʼm “OʼzMET” АJ, “Navoiy KMK” АJ, “Olmaliq KMK” АJ va “Uzavtosanoat” АJlarning oʼz mablagʼlari, 199,0 mlrd soʼm “HET” АJ oʼz mablagʼlari hamda 2,7 trln soʼm “HET” АJ tomonidan jalb qiladigan tovar kreditlarini olish orqali amalga oshiriladi.

Kelajakda nimalar qilinadi?

Bundan tashqari 2023-2025-yillarda Toshkent shahrida 2969,8 km past kuchlanishli EUT va 703 dona TPlarni yangilash ishlari rejalashtirilgan boʼlib, joriy yilda 903,3 km EUT va 228 dona TP  yangilash ishlari belgilangan.

Ushbu qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish 2-chorak yakuniga qadar tugatilishi rejalashtirilgan hamda kunlik va oylik tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, tuman va shahar xokimliklari bilan kelishilgan.

Ushbu qurilish-montaj ishlari LSH bilan parallel ravishda amalga oshiriladi. Bugungi kun yaʼni 13 mart holatiga tarmoq jadvaliga asosan 132,4 km EUT va 61 dona TP rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga Toshkent shahrining qoʼshimcha elektr energiyasiga boʼlgan ehtiyojini qoplash uchun, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Saudiya Аrabistonining “Аkva pover” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 MVt boʼlgan fotoelektr stantsiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi bosqichda 100 MVt boʼlgan quvvatni ishga tushurish belgilangan.

Bundan tashqari Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Xitoy xalq Respublikasi “Chayna jejuba group investment kompaniy” kompaniyasi tomonidan quvvati 700 MVt boʼlgan fotoelektr stantsiyasini qurish ishlari rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi bosqichda 100 MVt boʼlgan quvvatni ishga tushurish belgilangan.

 

Manba: https://darakchi.uz/oz/162945

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>