OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz: “Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi oqibatida mamlakatimizga keladigan suv hajmi kamayishi xavfi mavjud” — Suv xo‘jaligi vazirligi
  • 04.06.2023
  • 195

So‘nggi uch yildagi qurg‘oqchilikning taʼsiri Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarda yaqqol sezilmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi axborot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.

Aytilishicha, mintaqada so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, qor va yomg‘irlarning kam bo‘layotgani, muzliklarning erishi natijasida yirik daryolar havzalarida, kichik daryo va soylarda suv sarfi kamayib bormoqda.

Amudaryoning “Kerki” gidropostidan oxirgi 20 yilda oqib o‘tgan o‘rtacha ko‘p yillik suv miqdori 39,7 milliard metr kub bo‘lib, suv oqimi miqdori oxirgi 10 yilda 5 foizga kamaygan. Ayniqsa, o‘rtacha 20 yillik ko‘rsatkichga nisbatan suv tanqisligi kuzatilgan 2018-yilda 22 foizga, 2020-yilda 15 foizga va 2021-yilda 10 foizga kamaygan. So‘nggi uch yildagi qurg‘oqchilikning taʼsiri Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarda yaqqol sezilmoqda.

Taʼkidlanishicha, Tuyamo‘yin suv omboriga oxirgi 35 yillikda o‘rtacha 30,4 milliard metr kub suv kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich oxirgi 10 yillikda 22,5 foizga kamaygan.

Tuyamo‘yin suv omborining o‘tgan yillardagi suv hajmlarini solishtiradigan bo‘lsak, suv kam bo‘lgan holatlar har 4-5 yilda kuzatilib kelinmoqda. Masalan, suv omboridagi suv hajmi 2001-yilning may oyi boshida – 1830 mln m3, 2008-yil – 2215 mln m3, 2014-yilda – 2433 mln m3, 2018-yilda – 2285 mln m3, 2021-yilda – 2414 mln m3 hamda 2022-yilda – 2246 mln m3 ni tashkil etgan. Shunga qaramasdan, suv eng taqchil yillarda ham Amudaryoning quyi qismida joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Turkmanistonning Doshovuz viloyati iqtisodiyot tarmoqlariga Tuyamo‘yindan suv yetkazib berilgan va aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan.

Amudaryo qor va muzliklar orqali to‘yinishi sababli daryoning gidrologiyasiga va ko‘p yillik kuzatuvlarga ko‘ra daryoga suvning kelishi asosan iyun—avgust oylariga to‘g‘ri keladi.

Suv resurslari kelgusi o‘n yillikda mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarb masala bo‘lib qolishi – haqiqat. Qo‘shni davlatlar tomonidan Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi oqibatida daryodan mamlakatimizga keladigan suv hajmi 15 foiz kamayishi bilan bog‘liq xavf mavjud.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha sug‘oriladigan yer maydonlarining 70 foizi eski (anʼanaviy) usulda sug‘orilishi hamda kanallarning 60 foizi tuproq o‘zanli ekanligi sababli kanallarda shimilishga suv yo‘qotilmoqda. 2030-yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.

Maʼlumot uchun, “Tolibon” Amudaryoning Balx qismida Qo‘shtepa kanalini qurmoqda, kanal suvining Afg‘oniston shimolidagi hududlarga yo‘naltirilishi Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida suv taqchilligiga olib kelishi mumkin.

The Economist prognoziga ko‘ra, agar kanal qurib bitkazilsa, mintaqaviy mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Kanal Amudaryo suvini O‘zbekiston bilan chegaraga yo‘naltiradi. Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini O‘zbekistondan import qilishi hisobga olinsa, “Tolibon” qo‘shni respublikaga qarshi chiqolmaydi. 

“Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonni 15 foiz suv yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda, agar kanal qurilishi ortidan yana 10 foiz yo‘qotilsa, O‘zbekiston 25 foiz suv yo‘qotishi mumkin”, — deyiladi yana bir prognozda.

Afg‘oniston hukumatining bosh vaziri Abdul-G‘ani Barodar mart oyida Qo‘shtepa kanali qo‘shni davlatlarning suvdan foydalanish huquqlarini buzmasligini ta’kidladi. U Amudaryo suvidan foydalanish nuqtayi nazaridan Afg‘oniston shimoliy qo‘shnilarga yo‘naltirilgan suv hajmlariga da’vo qilmasdan, o‘z huquqlari doirasida qolishini aytdi.

Manba: https://daryo.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>