OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: May oyida 20,6 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
  • 06.06.2023
  • 143

Foto: Energetika vazirligi

O‘zbekistonda may oyida 20,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 135 ta holat aniqlandi. Taqqoslash uchun, aprel oyida 5,5 mlrd so‘mlik 225 ta holat aniqlangan.

2023-yilning may oyida Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 135 ta holatda iste’molchilar tomonidan 23 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Buning oqibatida tizimga 20,6 mlrd so‘m zarar keltirilgan.

Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun, Samarqand viloyatidagi “Ch.Z.D.” fermer xo‘jaligida 1,7 mlrd so‘m, Jizzax viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyasida 442,9 mln so‘m, Buxoro viloyatidagi “T.K.” MCHJda 324 mln so‘m miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi, nazorat tadbirlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun, O‘zbekiston bo‘ylab aprel oyida 225 ta holatda iste’molchilar tomonidan 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgandi.

Prezident Antikorrupsiya agentligiga Energetika vazirligi bilan 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. DXX, IIV va BP huzuridagi departament elektr va boshqa tarmoqlarga noqonuniy ulanishlarga qarshi kurashadi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>