OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: Qirg‘izistonda energetika sohasida favqulodda holat joriy etiladi
  • 24.07.2023
  • 100

Qirg‘izistonda elektr energiyasi taqchilligi sababli uch yil muddatga energetika sohasida favqulodda holat joriy etiladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning matbuot xizmati xabar berdi.

“Qirg‘iziston Respublikasini energetika inqirozidan chiqarish bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rish maqsadida Respublikaning energetika sohasida 2023-yil 1-avgustdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladigan favqulodda rejim e’lon qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.

Aytish joizki, mazkur qaror Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev taklifidan so‘ng qabul qilingan. U joriy yilda elektr energiyasi taqchilligi 3 milliard kilovatt-soatni tashkil etishi va uning tanqisligiga asosiy sabab iqlim o‘zgarishi ekanini bildirgan. 

Ta’kidlanishicha, hozirda muzliklar avvalgidek intensiv erimayapti. Norin daryosiga ham suv kam quyilyapti, shu bois To‘qto‘g‘ul suv omborini bir necha yillardan buyon maksimal darajada to‘ldirish imkoni yo‘q. Oqibatda elektr energiyasi iste’moli yil sayin ortib borayotgan bir paytda Norin GES kaskadining butun quvvati to‘liq ishlamayapti. 

“Bizga aynan qishda suv kerak bo‘ladi. Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham havo juda sovuq bo‘lganda bizga elektr energiyasini jismonan o‘tkaza olmaydi. Shuning uchun, qishda eng qiyin paytlarda elektr energiyasiga ega bo‘lish uchun suvni tejash kerak”, deydi siyosatshunos Denis Berdakov. 

Bildirishicha, so‘nggi ikki yilda Qirg‘izistonda kichik gidroelektr stansiyalar faol qurilmoqda. Ammo ular faqat kichik hududlarda mahalliy tanqislik muammosini hal qila oladi, xolos. Vaziyatni milliy miqyosda tuzatish uchun rasmiylar “Qambarota-1» GES ni qurish niyatida. Bu Norin daryosi oqimini tartibga solish imkonini beradi. Yana bir jihati shundaki, mazkur ulkan loyihani birgina Qirg‘izistonning o‘zi o‘zlashtira olmaydi. Shuning uchun ham, o‘tgan qishda Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida gidroelektr stansiyasi qurish bo‘yicha memorandum imzolangan. Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” sammiti doirasida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov investorlarni ham shu loyihada ishtirok etishga chaqirgan. 

“Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha salmoqli salohiyat mavjud. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi loyiha quvvati 1860 megavatt bo‘lgan “Qambar ota-1” gidroelektr stansiyasini qurish loyihasi ustida faol ish olib bormoqda. Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi hamkorlarimizni Qirg‘izistonda mintaqaviy suv-energetika xavfsizligini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadigan ushbu GES qurilishida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga taklif qilaman”, degan Japarov sammitda. 

Qirg‘iziston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilga borib mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi 6 milliard kilovatt/soatgacha oshishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, elektr energiyasi taqchilligi muammosini hal qilish uchun mamlakat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurishga 10 milliard dollardan 15 milliard dollargacha sarmoya kiritishi zarur. O‘sha vaqtga qadar aholi maksimal tejash rejimini va minimal iste’mol davrida elektr energiyasining mumkin bo‘lgan uzilishlarini kutmoqda.

Manba: https://qalampir.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>