OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: “SHAMOLGA SOVURILAYOTGAN… SHAMOL”
  • 27.07.2023
  • 204

«Ishonch» gazetasining 2022-yil 12-aprel sonida mutaxassis Yusup Kamalov bilan suhbat («Shamoldan nur»)ni o‘qib, bundan rosa o‘ttiz bir yil muqaddam ayni mavzuda yozganim yodimga tushdi. Uni o‘sha davrda chiqib turgan «Muloqot» jurnali (1991, №4) nimagadir ayovsiz qisqartirib, ikki abzats hajmida chop etgan edi. U zamonda yurtimiz endi mus­taqil bo‘lgan, iqtisodiy qiyinchiliklar avjida edi, shuning uchun ham maqoladagi taklif va mulohazalar deyarli hyech kimning nazariga tushmadi. Ekologiya­­ga ziyon yetkazmagan holda energiya olish eng muhim muammoga aylangan hozirgi payt­­da unga sal-pal qalam ­tekkizgan holda siz, azizlarga ilindim.

(Muallif)

Farg‘ona vodiysi o‘z tektonik tuzilishiga ko‘ra bamisoli tikkasiga kesilgan ulkan xumning bir pallasi: bu «xum»ning qorni – vodiyning o‘nlab tumanlari bo‘lsa, bo‘g‘zi esa, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududidagi Xovos, ­Bekobod-Yangier atroflariga to‘g‘ri keladi. Mana shu «bo‘g‘iz»da shamol yo‘li bor. Vodiy sari esadigan kuchli havo oqimi «Qo‘qon shamoli», vodiydan Sirdaryo viloyati tomon yo‘nalgani esa «Bekobod shamoli» deb ataladi.

Bu shamol yo‘li kecha yo bugun paydo bo‘lmagan, azaldan bor va agar vodiy tektonikasi qachondir o‘zgarib ketmasa, shamol mangu g‘uvillab esaveradi.

Bekobod-Qo‘qon shamol yo‘lagi qariyb 2 ming kv. kilometr (200 ming gektar) hududni ishg‘ol qiladi.. «Bekobod shamoli… Farg‘ona vodiysining g‘arb tomonidagi (eni 9-40 km., uzunligi 70-75 km.li) Farg‘ona yo‘lagi (Xo‘jand yo‘lagi) orqali esadi, deb yoziladi «O‘zbekis­ton milliy qomusi»da. «Bir yilda o‘rtacha 52 kun kuchli shamol esadi. Shamol ariq va kanallarni qumga ko‘mib, avtomashina, vagon, daraxtlarni yiqitgan, telefon va telegraf ustunlarini ag‘darib tashlagan paytlar ham bo‘lgan. …Bekobod – Qo‘qon shamolidan Sirdaryo viloyati hamda Farg‘ona vodiysi – Qo‘qon atrofidagi ekinlar zarar ko‘radi. Tuproqning unumdor ustki qismini shamol olib ketishidan yaxshi unum bermaydigan bo‘lib qoladi».

«Qo‘qon» – shamolli yer deganidir: professor Hamidulla Hasanovning yozishicha, «Xo‘» – qattiq shamol, «qand» (kand) esa – aholi yashaydigan joy.

Shamol zararini kamaytirish uchun ko‘rilayotgan choralar esa hozircha asosan uning kuchini qirqishga qaratilgan: dalalar 100-120 m. enlikda kartalarga bo‘linadi, keyin 5-10 m. joy qoldirib, ihota daraxtlari ekiladi. Daraxtlar shamol kuchini kesadi, ­tuproq namining bug‘lanib ketishini kamaytiradi, yerga yaqin qatlamda havoning nisbiy namligini oshiradi.

Albatta, 200 ming gektar katta maydonda g‘uvillab esgan shamol nafaqat g‘o‘za singari injiq ekinlarning unib, yaxshi hosil berishiga, hatto shu maydondagi dov-daraxt va bog‘larga, jon-jonivorlarga, shu yerlarda yashab tirikchilik qiladigan odamlarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bu joylarda bo‘lsangiz, daraxtlar doimiy shamol tufayli qiyshayib o‘sishini; tok parvarishlagan kishi unga o‘z imoratidan ham mustahkamroq qilib so‘ri yasashga majbur bo‘lganini ko‘rasiz – mundayroq vaish shamolda sinib tushadi; odamlar tomiga shifer yo tunuka yopa olmaydi – uchirib ketishidan qo‘rqadi. Achchiq shamol kishi etini junjiktirib, sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi.

Shamol kuchini qirqish uchun ihota daraxtzorlarini barpo etishni akademik Mirzaali Muhammadjonov taklif qilgan edi; alloma bu yerlarda tuproq eroziyasiga qarshi kurashish chorasi sifatida har yuz metr oraliqda qator daraxt o‘tqazib, shamol kuchini susaytirishga, shu orqali unumdor qatlamning shamolga sovrilishiga barham berishni taklif etgan. Chunki o‘sha davr siyosatiga ko‘ra, unsa-unmasa, barcha joyga paxta ekish shart edi. Bunday sharoitda g‘o‘za o‘stirishning birdan-bir yo‘li – shamol yo‘liga ko‘krak kerib turadigan daraxtzor qatorlari barpo qilib, orasiga paxta ekish bo‘lgan.

Ammo hozir paxta yakkahokimligiga barham berilgan. G‘o‘za yaxshi o‘smaydigan, ekilsa, hosili muqarrar past bo‘ladigan yerlarga endilikda boshqa, shu joy sharoitiga chidamli ekinlar ekiladi. Chunki asosiy maqsad – iqtisodiy daromad, ya'ni shu maydonning xalq xo‘jaligiga eng ko‘p foyda keltirishi. Buning uchun esa paxta ekish shart emas.

Xo‘sh, bu yerlardan qanday qilib boshqacha usulda foydalanish, eng optimal ravishda daromad olish mumkin?

Yuqorida qayd etganimizdek, Farg‘ona vodiysining hozirgi tektonik xususiyati saqlanib qolar ekan, Qo‘qon shamoli abadiydir. Bir yilda kamida ikki oy muddatda sekundiga o‘rtacha 25-30 metr tezlikda esadigan shamol yo‘lini mutassil oqib turgan ulkan shamol daryosi deb ta'riflash mumkin. Bu daryoning eni o‘rtacha 20 km. (eng tor joyi 9 km., eng keng joyi esa 40 km.), masnadidan mansabiga qadar bo‘lgan masofa esa 70-75 km. keladi. Yilning boshqa fasllarida bu yerlarda shamol doimo esib turadi va uning kuchi ­boshqa joylardagi shamollarga qaraganda hamisha shiddatli.

Shamol kuchini susaytirish uchun qiyin sharoitga chidamli (asosan o‘tinbop) dov-daraxtlar «pana»siga paxta ekilar ekan, baribir, uning hosildorligi boshqa viloyatlarning mo‘tadil ob-havoli joylaridagiga qaraganda pastroq bo‘ladi. Qolaversa, shamolpana daraxtzorlarning o‘zi ham yer maydonining ancha qismini egallaydi. Va nihoyat, ana shu 200 ming gektarning hammasi ham dehqonchilik uchun yaroqli emas, ancha joylar tog‘-toshli, past-baland relefga ega.

Shunday bir savol tug‘iladi: juda katta kinetik kuchga ega bo‘lgan bu shamol oqimini «tormozlash» shartmi? Aksincha, uning kuchidan foydalansak bo‘lmaydimi? Masalan, butun dunyoda energiya tanqislashib, energiya tashuvchi manbalar qiymati keskin oshib ketgan bir paytda shamol kuchidan deyarli tekin, ekologik jihatdan bezarar elektr energiya­­si olish mumkin-ku? Inchunin, hozir bizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab paxtaga bo‘lgan talabdan ham ortiqroq.

Men shamol tegirmonlarining zamonaviy turi – shamol elektr stansiyalari qurishni ko‘zda tutyapman. Qo‘qon-Bekobod shamoli hududida bir yoki bir necha emas, yuz-yuzlab shamol elektr stansiyalaridan iborat ShESlarning ulkan kaskadini qurish mumkin. Va ular mamlakatimizning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishda katta rol o‘ynashi aniq. Odatda, ­ShESlar shamol tezligi 5 m/sek. va undan tezroq esadigan joylarda quriladi. Holbuki, biz ko‘zda tutgan «bo‘g‘iz»da shamolning tezligi eng tinch kunlarda ham 5 m/sek.dan kam bo‘lmaydi. Qishda – energiyaga talab keskin oshadigan mahallarda esa u sekundiga 25-30 metr, ba'zan esa 45 metrgacha shiddat bilan esadi. Qolaversa, ShESlarni ekin maydonlariga ko‘p ham daxl qilmagan holda havo oqimi eng tig‘iz o‘tadigan tog‘-toshli qisiq joylarda barpo etish mumkin. Bunday joylarda shamolning tezligi va kuchi yanada ortishini hisobga olsak, bu hatto maqsadga muvofiq ham.

Bizga, Qo‘qon-Bekobod shamoli doim ham bir xilda esmaydi-ku, shunday ekan, siz aytayotgan shamol elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish ham o‘qtin-o‘qtin bo‘lib qolmaydimi, deb savol berish­lari mumkin.

Bunga javoban quyidagilarni aytsak bo‘ladi: birinchidan, Qo‘qon-Bekobod shamoli asosan noyabrdan martgacha bo‘lgan sovuq va kun qisqargan paytlarda kuchayadi, demak mazkur ShESlarning asosiy quvvati asosan qishda namoyon bo‘ladi. Bu esa ayni muddao. Chunki shu mahalda isitish va yoritish ehtiyoji tufayli elektr energiyasiga talab ayniqsa ortadi va yangi ishlab chiqilgan energiya boshqa elektr manbalariga eng zarur paytda qo‘shiladi. Ikkinchidan, mazkur shamol yilning istalgan paytida qo‘zg‘alishi va bir necha kunlab davom etishi ham mumkin, bu ko‘p kuzatilgan. Demak, shamol elektr stansiyalari parragi aylanmay qoladigan kunlarning o‘zi nihoyatda kam.

Lekin bunda shamol kuchidan maksimal foydalanish masalasini o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi. Ya'ni, endilikda ­ShESlar baland bir minora, uning parragi va parrakning shamolga ro‘para turishini ta'minlaydigan ulkan kurak – vindrazadangina iborat bo‘lmay, bularga shamol kuchini aynan parrakka qarab quyuqlashtirib yo‘naltiradigan ulkan voronka yoki qiya ochiq qo‘sh tabaqali darvoza shaklidagi moslamalar qo‘shilsa, maqbul bo‘lar edi. Bunda voronkaning (darvozaning) keng tomoni shamol keladigan tomonga, toraygan qismi esa ShES parragiga qarab o‘rnatiladi va u shamolni quyuqlashtirib, yanada tezlashtirib yo‘naltiradi. Shu tarzda shamolning kinetik kuchi bir qancha marotaba orttiriladi va shamol sust esgan mahalda ham parrak nisbatan tezroq aylana beradi.

Albatta, mazkur «voronka» yoki «darvoza»lar fanera yoki kartondan emas, balki eng pishiq konstruksiyali metall qoplamalardan yasaladi. Uning yuzasi qancha katta bo‘lsa, shuncha ko‘p shamolni «to‘plab yo‘naltirish»ga, demakki, ko‘proq energiya yuzaga kelishiga omil bo‘ladi. Shunday ekan, u qariyb bo‘ron darajasidagi kuchli shamol epkiniga ham bardosh beradigan darajada baquvvat qilib quriladi.

Biz bejiz ushbu moslamaga urg‘u berayotganimiz yo‘q. Avvalo, chet ellarda yasalgan va ishlatilayotgan aksar ShESlar asosan uch qism – mexanik energiyani elektr energiyasiga aylantiradigan generator o‘rnatiladigan bir minora, rotor parragi va parrak ortida shamolga perpendikulyar turishni ta'minlaydigan vindrazadan iborat bo‘ladi; ammo shamolni kumulyativ «yig‘ib» parrakka yo‘naltiradigan voronka yo darvozalar ShESlarga o‘rnatilgani ma'lum emas.

Ikkinchi bir taklif. Hammaga ma'lumki, shamol bulutli kunda qattiqroq esadi. Bulut siyrak, quyosh charaqlagan payt­­da esa sustroq bo‘ladi. Qo‘qon-Bekobod shamoli noyabr-mart oylarida kuchayar ekan, tabiiy – bu oylarda havo ko‘pincha tund, yog‘in-sochinli bo‘ladi. Xo‘sh, bulutsiz, serquyosh, ya'ni shamol sust kunlarda ­ShESlarning kuchi kamayib qolmaydimi?

Kamayadi, albatta. Chet ellarda bunga chora sifatida shamolsiz kunlarda ­ShESlar to‘xtatilib, rezerv issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Bu esa ko‘p yoqilg‘i talab qiladi va atrof-muhit tabiatiga ancha ziyon yetkazadi.

Biz esa bu borada boshqa narsa taklif qilmoqchi edik: boyagi «voronka» yoki «darvoza»lar sirtiga quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan yuz minglab «quyosh batareyalari» o‘rnatish kerak. Shamolsiz, ochiq havoli kunlarda «darvoza»lar yuzasi kungaboqar singari quyoshga ro‘para qilib yo‘naltiriladi va shu yo‘l bilan maksimum elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Ya'ni, bulutli, izg‘irin kunlarda shamoldan, oftobli, tinch-sokin kunlarda esa quyoshdan elektr energiyasi olinadi. Quyoshli, tinch kunlarning oqshomlarida ham shamol kunduzgidan tezroq esadi.

Va nihoyat uchinchidan, «ShES + Quyosh batareyalari» paritetida hosil qilinadigan elektr energiyasi baribir muntazam emas, deb topiladigan bo‘lsa, u holda mazkur quvvatdan sanoatning juda katta elektr energiyasi talab qiladigan biron-bir sohasida, chunonchi energiyani «shimiradigan» qog‘oz ishlab chiqarishda avtonom tarzda foydalanish mumkin. Bunda shamol yo‘lida uni to‘sish uchun daraxtzor emas, yog‘ochidan a'lo sifatli qog‘oz olinadigan daraxt o‘rmonini barpo etish mumkin. Ana shunda bu hududda qog‘oz-karton ishlab chiqarish kompleksi barpo etiladi, yurtimiz qog‘oz mus­taqilligiga erishadi; chetdan valyutaga qog‘oz sotib olmay, aksincha o‘zi qog‘oz eksport qiladigan davlatlar qatoriga qo‘shiladi.

Eng muhimi, ushbu takliflar amalga oshirilsa, ekologiya­­ga ziyon yetkazmasdan elektr energiyasi olish mumkin. Shamol tezligi bu ShESlar kaskadi hamda qog‘oz xomashyosi beradigan daraxtzorlar orqali o‘tish tufayli sekinlashuvi vodiy havosining buzilishiga emas, aksincha – yanada mo‘tadillashuviga omil bo‘ladi. Chunki Qo‘qon shamoli kuchi nafaqat shu 2000 kv. kilometrda, balki bu hududdan tashqarida ham sezilarli darajada.

Tuprog‘i kuchli eroziyalangani tufayli kamhosil va unumsiz ushbu mintaqa ayni o‘zgarishlardan so‘ng iqtisodiy baquvvat zaminga aylanadi, bu yerdagi ijtimoiy muammolar ham xiyla kamayadi.

Biron narsa behuda ketsa, zoe bo‘lsa (masalan, fursat, maslahat va b.) «esiz, shamolga sovurildi», deb aytamiz. Xo‘sh shamolning o‘zi… shamolga sovurilayotgan bo‘lsa-chi? Shunday tayyor boylikning oqib ketayotganiga, qolmishiga yana qanchalar zarar keltirayotganiga loqayd qarab tura beramizmi? Uni ishga solsak, yurtimiz yanada farovon, yanada obod bo‘ladi-ku!

Zuhriddin ISOMIDDINOV

Manba: https://ishonch.uz/archives/7491

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>