OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Energetika vazirligiga so‘rov: yozni ham qishdagi va'dalar bilan o‘tkazamizmi?»
  • 03.08.2023
  • 62

Poytaxtdagi hududlar navbatma-navbat chiroqsiz qolishda davom etmoqda. Buni mas'ullar turli sabablar bilan izohlashmoqda. Lekin biron joyda transformatorlar yangilanayotgani yoki qo‘shimcha o‘rnatilayotgani haqida quvonchli gap-so‘zlar bo‘layotgani yo‘q. Xo‘p, borining quvvatini, ishga yaroqliligini anomal sovuq uchun asrab qo‘yayotgan bo‘lsak, yozda odamlar har qanday holatda chidab yashasa bo‘laveradimi?

Biz tushunamiz, jaziramada aholi xonadonlaridagi konditsioner va ventilyatorlar bilan jon saqlashadi. Bu esa elektr manbalariga bosimni kuchaytiradi. Natijada har kuni transformatorlar yonib ketyapti, yong‘in chiqyapti. Lekin buning yagona chorasi elektr ta'minotini uzib qo‘yish bo‘lmasligi kerakligini mas'ullar tushunishmaydimi?
Qishning sovuq kunlarida bu muammolar barham topishi haqida rasmiylar qator bayonotlar berishdi. Nahotki tayyorgarlik yana aholini qiynash, salomatligiga zarar yetkazish hisobiga amalga oshirilyapti? (Agar buni tayyorgarlik deyish mumkin bo‘lsa?!)

Vaholanki, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga millionlab mablag‘lar ajratilgani haqida ham aytilgan. Ular rostdan ham transformatorlarni yangilash, qo‘shimcha o‘rnatish uchun sarflanyaptimi? Axir poytaxtimiz aholisi soni kundan-kunga oshib boryapti. Bu esa tabiiyki, elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Ta'minotdagi uzilishlar esa odamlarga, hayotiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Chiroq bo‘lmasa sovutish tizimlari ham ishlamaydi. Natijada yoshi katta insonlar sog‘ligida muammolar yuzaga keladi. Mablag‘i yetarlisi-ku tog‘larga, suv bo‘ylariga, chet davlatlarga qochib qutular. Lekin aksariyat oylik maosh hisobiga kun ko‘ruvchi o‘rta qatlam shunday jaziramada shukr qilib uyida o‘tirishga majbur. Tasavvur qiling, kamiga elektr ham o‘chirilsa, qancha-qancha muammolar yuzaga keladi. Ular bartaraf etilmas ekan, salbiy oqibatlar ham yuzaga kelaveradi.

Saytimizga ham aholi vakillaridan qator murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, Shayhontoxur tumanidagi “Jarariq” mahallasi, “Ko‘nchilar” ko‘chasida yashovchi bir necha nafar fuqaro keyingi yillarda yoz vaqtlarida bu holatlar tez-tez takrorlanayotgani, ayni kunlarda esa kuniga 4-5 soatlab elektrsiz qolishayotganini bayon etishdi. Bu ko‘plab hududlarda kuzatilayotgani ayni haqiqat.

Tumanlarda uzilishlar navbatma-navbat bo‘layotgani aytilgani bilan, odamlar har kuni ayni issiq avjiga chiqqan paytlarda chiroqsiz o‘tirishganidan shikoyat qilishyapti. Oqibatda ho‘jalik texnika vositalari ishdan chiqayotgani, yeguliklarni saqlab bo‘lmasdan isrof qilib chiqindiga tashlashayotgani va eng asosiysi, yosh bolali, nuroniylari bor oilalar ahvoli yanada qiyinlashayotgani, sog‘liklaridagi muammolar ortib borayotganidan xavotirdalar.

Saraton, chilla deganda endi ko‘z oldimizga faqat mana shunday holatlar, muammolar keladigan va bundan bezib qoladigan darajaga borib yetdik. “Yozning maroqli ta'tillari”, “Qishning farahli onlari” endi “Qanday jon saqlaymiz?” degan xavotirlar bilan almashdi. Buni mas'ullar qanday izohlashadi? Xo‘sh, bugungacha poytaxtimizning o‘zida nechta transformator yangilandi? Qancha qo‘shimcha quvvat o‘rnatildi?

Qishning chillasida qanday bahonalar bilan qutulib qolishgan bo‘lsa, yoz ham shunday va'dalar va “Tayyorgarlik ko‘rilyapti, hammasi yaxshi bo‘ladi”, degan va'dalar bilan o‘tib ketsa, ajab emas…

Gulruh ODASHBOYEVA,
ishonch.uz

Manba: https://ishonch.uz/archives/15602

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>