OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Iste’mol madaniyatini shakllantirish vaqti kelmadimikan?
  • 03.08.2023
  • 48

Keyingi kunlarda Qashqadaryo viloyatida ham elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda. Albatta ushbu holat keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Elektr ta’minoti korxonalari aholining bu boradagi murojaatiga anomal issiq elektr uzatuvchi uskunalarga jiddiy ta’sir qilayotgani, shu bois cheklovlar bo‘layotganini aytmoqda. 

– Kunning ayni harorat ko‘tarilgan mahalida elektrni o‘chirishmoqda, – deydi fuqaro A. Taypatov. – Xonalar juda qizib ketadi. Yosh bolalarim, xasta otam bor, ular bu issiqda juda qiynalyapti. Tokni pulini ortig‘i bilan to‘lab qo‘yganmiz, nega berishmaydi. Ilgari qarzing ko‘p deb o‘chirishardi. Oxiri “dvijok” sotib oldim. Har kuni kunning issiq paytida 4 soat qo‘shaman. Boshqa iloj topa olmadim. 

– Hammasi rasvo bo‘ldi. G‘o‘zalarim suvdan qolib ketyapti, – deydi ismini aytishni istamagan fermer. – Dalamga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilgan. Elektr energiyasi bo‘lmasa, suv haydamaydi. Hozir g‘o‘zaning ayni hosiliga hosil qo‘shiladigan payt. Bir kun u yoqda tursin, bir soatga ham kechikib bo‘lmaydi. Suvdan bir marta qoldi, degani bitta hosildan ajraldi, degani. Elektr tarmoqlariga murojaat qilsak, cheklov, deydi. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz. 

Albatta, elektrdagi bunday uzilishlar, nafaqat aholiga, balki qishloq xo‘jaligiga ham jiddiy ta’sir qilmoqda. 

“Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi filialidan bu borada izoh so‘rab ko‘rdik va quyidagicha ma’lumot oldik. 

“Qashqadaryo viloyatining hozirgi kunda kunlik iste’mol topshirig‘i (limit) 21,07 million kVt soat bo‘lib, amalda cheklovlar kiritilishi bilan 21,8 million kVt soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan berilgan topshiriqqa nisbatan 0,8 million kVt soat ko‘p iste’mol qilinayotganligi sababli Milliy despetcherlik xizmati tomonidan viloyatni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 110 kVt kuchlanishli KMZ-1, KMZ-2, Nishon-1, Nishon-2, Yoyilma, G‘armiston, Shahrisabz, Hilol havo elektr uzatish tarmoqlariga kunlik cheklovlar kiritilmoqda. 

Buning natijasida Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Qarshi, Chiroqchi, Ko‘kdala, Nishon, Kasbi, Mirishkor, G‘uzor tumanlari, Shahrisabz va Qarshi shaharlaridagi o‘ta muhim ob’ektlar bo‘lgan harbiy qismlar, shifoxonalar, yirik eksportyor korxonalar, ichimlik suvi ishlab chiqarish inshootlari, Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi nasos stansiyalari, paxta maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan ichki sug‘orish nasoslari, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli neft quduqlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlovchi sovutgichlar va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. 

Yuqoridagilarni inobatga olib Qashqadaryo Magistral Kanalidan foydalanish boshqarmasiga qarashli bo‘lgan 4 qator (nitka) nasos agregatlarini to‘liq quvvatda ishlashi uchun hamda iste’molchilarga, jumladan, aholi xonadonlariga elektr ta’minoti uzluksizligini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatining elektr energiyasining sutkalik iste’molini 23,5 million kVt soatga oshirilishi lozim bo‘ladi”. 

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish borasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlariga allaqachon quyosh panellari o‘rnatish va amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlangan. Xususan, barcha tumanlar bilan hisoblaganda bugungi kunga qadar 2 ming 261 ob’ektga jami 19 ming 741 kVt quyosh panellari o‘rnatilgan. 

Shu o‘rinda bir mulohaza. Bolaligimni eslayman paxsa uylarda yashardik. Qishda iliq, yozda esa muzdek bo‘lardi. Uyning orqa devoridan ochib qo‘yilgan darchadan shamol esib turardi. Esimda bolaligimda o‘sha darchadan doim shamolga yuzimni tutib o‘tirardim. Qishlog‘imizda birorta odamda sovutgich yo‘q edi. Shu paytlarda ham yoz fasli juda issiq, qish esa hozirgidanda izg‘irin bo‘lardi. Juda baxtli edik o‘sha damlar.

Hozir ham o‘sha qishloqda yashaymiz. Ammo endi uy-joylar o‘zgarib ketdi. Paxsa devorlar pishgan g‘ishtga, uydagi shamol aylanuvchi darchalar yopilib, sovutgichlarga joy bo‘shatib berdi. Deyarli hamma xonadonlarda ikkitadan, uchtadan sovutgich, muzlatkich va boshqa-boshqa maishiy texnika vositalari bor. 

Xulosa o‘zingizdan. 

O‘lmas Barotov, O‘zA.

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>