Yangiliklar
O‘zbekiston Prezidenti “Nebras Power” kompaniyasi bilan sheriklik bo‘yicha uzoq muddatli investitsiya dasturini qabul qilishni taklif etdi
  • 01.10.2023
  • 114

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni Doha shahriga kelgach, “Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriyni qabul qildi.

“Nebras Power” – Qatarning yetakchi energetika korporatsiyasi. Kompaniya  o‘ndan ziyod mamlakatida yirik loyihalarni amalga oshirgan.

Uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasida tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish, unga, eng avvalo “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/6713

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>