Yangiliklar
“Yashil energiya” kompaniyasining dispetcherlik markazi ishga tushirildi
  • 06.11.2023
  • 118

Kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar 333 ta ijtimoiy soha obyekti va davlat idoralarida umumiy quvvati 18,8 MVtga teng boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.

Mazkur oʻrnatilgan quyosh panellari orqali hozirgi kungacha 4 mln 531 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan shu miqdordagi elektr energiyasi tejalishiga erishildi.

Foydalanishga topshirilgan quyosh fotoelektr stansiyalarining ish rejimlarini doimiy nazorat qilish, yuzaga kelgan nosozliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish, kunlik (soatlik) ishlab chiqarilgan elektr energiyasi boʻyicha tahlillarni olib borish maqsadida  Xitoyning “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda “Dispetcherlik markazi” tashkil etildi.

Bunda asosiy vazifalardan biri – kompaniya tomonidan obyektlarda ishga tushirilgan dispetcherlik nazorati tizimidagi quyosh fotoelektr stansiyalarining ishlash prinsipini muvofiqlashtirish, ular orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hisobini yuritish va har bir obyekt kesimida maʼlumotlarni shakllantirish hamda elektr energiyasining uzilishi bilan bogʻliq boʻlgan favqulodda vaziyatlarni tezda bartaraf etishdan iboratdir.

Markazda zamonaviy dasturlar orqali kompaniyaga tegishli boʻlgan respublikaning istalgan nuqtasidagi obyektda oʻrnatilgan quyosh fotoelektr stansiyasining yillik, choraklik, oylik, kunlik, hattoki soatlik ishlab chiqargan elektr energiyasi miqdorini hamda shu fotoelektr stansiyasida oʻrnatilgan barcha qurilmalarning parametrlarini koʻrib borish mumkin.  Biron-bir qurilmada yuzaga kelgan nosozlik shu yerdan turib dastur orqali aniqlanadi va kompaniyaning tegishli xodimiga yuzaga kelgan holat boʻyicha aniq maʼlumot beriladi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/9493

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>