OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Bu yog‘ini tabiat "hazm qila olmaydi"»
  • 10.11.2023
  • 63

Atmosferaga bir yilda 874 ming tonna chiqindi chiqarildi

Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880-yildagi darajadan 1°C ga ortgan. O‘zbekistonda xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6°S ga ko‘tarilgan, biz global masshtabda kuzatilayotgan o‘rtacha templardan ko‘proq «isiganmiz». O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi ta'siriga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bu esa juda-juda xavotirlidir.

O‘zbekistonda bir yilda atmosferaga 874 ming tonna sanoat chiqindilari chiqarildi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi. Ma'lumotlarga ko‘ra, 2022-yil davomida atmosferaga chiqarilgan chiqindilarning katta qismi neft-gaz, energetika, metallurgiya korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida hukumat tomonidan joriy yilda 145 korxonada 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalari ta'mirlanib, tashlanmalarni kamaytirish choralari belgilangan.

Raqamlarga ko‘z tashlaydigan bo‘lsak, atmosferaga asosiy ta'sir ko‘rsatuvchi tarmoqlar issiqlik elektr stansiyalari hamda sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Tashlamalarning:

► 360,5 ming tonnasi (40%) – neft va gaz;

► 200 ming tonnasi (22,8%) – energetika;

► 185,5 ming tonnasi (21,2%) – metallurgiya;

► 25 ming tonnasi (2,8%) – qurilish;

► 103 ming tonnasi (11,7%) boshqa tarmoqlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 12 ta IES, shu jumladan, ko‘mirga ixtisoslashgan «Angren» va «Yangi Angren» issiqlik elektr stansiyalari faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 36 ta sement ishlab chiqaruvchi korxona, 15 ta neft va gazni qayta ishlash hamda 4 ta metallurgiya korxonalari mavjud.

Atrof-muhitga xavfi katta yangi korxona va tashkilotlar (shu jumladan, sexlar) uchun ishlab chiqilgan «Ekologik oqibatlar to‘g‘risida bayonot» (ZEP) loyi­ha hujjatlari asosida samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini o‘rnatish ta'minlanmoqda.

Transportlar chiqaradigan zaharli gazlarni kamaytirish uchun jamoat transportining kamida 50 foizini gaz-ballon yonilg‘i, elektr va boshqa muqobil yonilg‘i turlariga o‘tkazish maqsad qilingan. «Bu juda katta raqam va agar ushbu ko‘rsatkichga erishilsa, avtomobillardan havoga yetkazilayotgan zarar keskin kamayadi», – deyiladi xabarda.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, hozir mamlakatimizda jismoniy shaxslar jami 3 268 480 ta avtotransport vositalaridan foydalanmoqda. Shundan 24 foizi benzin, 2 foizi dizel, 74 foizi gaz yoqilg‘isida harakatlanishga mo‘ljallangan. Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi.

Atmosfera havosiga yetkazilayotgan zararni kamaytirish uchun quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilab olingan:

Transport vositalaridan kelayotgan ekologik zararni kamaytirish maqsadida:

a) yuk tashuvchi transportlar harakatlanishi tartibga solish hamda yo‘llarni ifloslantirishning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlarini kuchaytirish;

b) ishlab chiqarilayotgan motor yonilg‘isini «Yevro-5» ekologik standartiga o‘tkazish;

v) elektromobillarni respublikada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali 2030-yilga borib, respublikada sotilayotgan elektromobillar ulushini kamida 15 foizga yetkazish;

g) elektromobillarni ommalashtirish uchun ularni tezkor zaryadlash qurilmalari va infratuzilmasini yaxshilash.

Sanoat va ishlab chiqarish korxonalari tashlanmalarini kamaytirish maqsadida:

a) havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan Toshkent, Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq shaharlari hamda Navoiy, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat ob'ektlari atrofida atmosfera havosi holatini baholash uchun raqamli monitoring tizimini joriy etish;

b) 2023-2025-yillarda 450 ta yirik sanoat korxonalaridagi 2200 ga yaqin chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligini oshirish;

v) sanoatda tabiiy gaz ulushini kamaytirish hamda muqobil energiyaga o‘tishni jadallashtirish, Fransiya taraqqiyot agentligi texnik ko‘magida atmosferaga karbon tashlamalarini kamaytirganlik uchun «Yashil soliq» tizimini joriy etish.

Ekologiya vazirligi, shuningdek, ifloslantiruvchi moddalarning ko‘payishi havo sifatini yomonlashtirishi, nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishini eslatdi.

Quyosh nurlarining to‘silishi, yomg‘irlarning kamayishi, zaharlanishi natijasida atrof-muhitga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga ham misli ko‘rilmagan zarar yetadi.

Biz insoniyat chiqarayotgan karbon moddalarini tabiat «hazm qila olmaydigan» nuqtadan o‘tib bo‘ldik. Atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalar muammosiga e'tibor bermaslik sog‘liqni saqlash xarajatlarining oshishi, ishlab chiqarish samaradorligining pasayishi va turizm bilan bog‘liq iqtisodiyot tarmoqlariga ham katta zarar keltirmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun nafaqat institutsional, balki jamoatchilik nazoratini ham kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘lib, bu o‘z navbatida, atmosfera havosini muhofaza qilishda katta o‘rin tutadi.


Manba: https://www.ekogazeta.uz/xabarlar/7461

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>