OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Navoiy viloyatining Nurota tumanida nostandart isitish pechidan foydalanish oqibatida chaqnash sodir bo‘lgan
  • 24.01.2024
  • 42

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

Kecha elektr stansiyalar orqali jami 250 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 44,5 mln kubometr tabiiy gaz, 21,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,1 ming tonna mazut yoqildi.

  Respublika iste'molchilariga 236,3 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste'moli 151,8 mln kubometrni tashkil qildi.

  Aholi va ijtimoiy soha ob'ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me'yorda tutib turish maqsadida vodiy viloyatlarida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatib borilmoqda. Mazkur hududlardagi metan zapravkalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan.

  Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 267 ta metan zapravka orqali iste'molchilarga 11 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 500 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

  Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 23-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 2 ming 762 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

  Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 260 tonna avtobenzin, 2 ming 914 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 2 ming 442 tonna avtobenzin hamda 279 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

  Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlayapti.

  Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkor bartaraf etib borilmoqda.

  Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 4 ta nosozlik bartaraf qilindi.

  Xususan, bugun tungi soat 00:25 da Toshkent shahridagi “Hidoyatova-1” hamda “O‘quvchi-3” fiderlari avariyaviy o‘chib, Shayxontohur tumanining Navoiy ko‘chasidagi 550 ta iste'molchi elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 02:32 da nosozlik to‘liq bartaraf qilinib, elektr ta'minoti qayta tiklandi.

  Shuningdek, kecha soat soat 08:00 da Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi “Gala-Osiyo”, “Rabotak”, “Istiqbol”, “Saxovat”, “Bog‘i Kalon”, “Yangi Turmush” va “Kavola Maxmud” mahalla fuqarolar yig‘inlarini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi, diametri 219 hamda 159 mm bo‘lgan o‘rta bosimli gaz quvurlarini ta'mirlash maqsadida 9 ming 440 ta aholi xonadonining tabiiy gaz ta'minoti vaqtincha to‘xtatilgan. Soat 18:00 da ta'mirlash ishlari yakuniga yetgach, iste'molchilarning tabiiy gaz ta'minoti ularni ogohlantirgan ravishda bosqichma-bosqich qayta tiklangan.

  Afsuski, mutasaddi idoralarning ogohlantirishlariga qaramay, fuqarolarimiz tomonidan nostandart va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan uskunalardan foydalanilishi oqibatida ba'zan noxush holatlar ham ro‘y berib turibdi.

  Bugun tonggi soat 04:05 da Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Nurfaxr mahallasida xuddi shunday nostandart isitish pechiga qo‘lbola gaz so‘rg‘ichdan rezina shlang orqali tabiiy gazdan foydalanilishi tufayli chaqnash sodir bo‘lgan. Natijada ikki nafar fuqaro termik kuyish bilan shoshilinch tibbiy yordam muassasasiga olib kelingan.

  Ta'kidlash joizki, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqdalar.

  23-yanvar kuni elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan 157 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

  Tabiiy va suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha kelib tushgan 186 ta murojaat bo‘yicha ham tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

  Shu o‘rinda iste'molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat'iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.

  Hurmatli iste'molchilar! Elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/41388

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>