OAV va jamoatchilik bilan ishlash
1691 ta maxsus brigada safida 7300dan ortiq ishchi elektr va gaz ta'minotidagi muammolarni bartaraf etishda tunu-kun ishlamoqda
  • 26.01.2024
  • 55

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

 25-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali jami 254,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 7 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 44,2 mln kubometr tabiiy gaz, 25,4 ming tonna ko‘mir hamda 11,8 ming tonna mazut yoqildi.

  Respublika iste'molchilariga 241,1 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste'moli 156,8 mln kubometrni tashkil qildi.

  Aholi va ijtimoiy soha ob'ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me'yorda tutib turish maqsadida vodiy viloyatlarida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar vaziyatdan kelib chiqqan holda uzaytirilmoqda yoki olib tashlanyapti. Mazkur hududlardagi metan zapravkalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan.

  Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 265 ta metan zapravka orqali iste'molchilarga 10,7 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

  Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 25-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 2 ming 890 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

  Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 3 ming 950 tonna avtobenzin, 3 ming 30 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 3 ming 380 tonna avtobenzin hamda 216 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

  Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik asosida ishlayapti.

  Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste'molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

  Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 9 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

  Jumladan, soat 13:50 da Jizzax viloyatining Forish tumanida yuz bergan kuchli shamol tufayli 3 ta fider avariyaviy o‘chgan. Natijada Forish tumanidagi mingta iste'molchi qisman elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 16:51 da iste'molchilarning elektr ta'minoti qayta tiklangan.

  Soat 14:23 da Toshkent shahrida 110 kV “L-Qorasuv-2” elektr uzatish tarmog‘i 8 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chgan. Oqibatda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2 mingta iste'molchielektr ta'minotisiz qolgan. Soat 14:46 da iste'molchilar zaxira boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan. Soat 21:05 da “L-Qorasuv-2” tarmog‘idagi nosozlik to‘liq bartaraf qilindi va me'yoriy sxema tiklandi.

  Shuningdek, kecha soat 17:30 da Toshkent shahrida 110 kV “L-Botanicheskaya-2” elektr uzatish tarmog‘ining 3-tayanchi ikkita fazasida shleyf uzilganligi sababli avariyaviy o‘chgan. Natijada Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlaridagi 3 ming 500 ta iste'molchi elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 18:20 da iste'molchilar zaxira tarmog‘iga o‘tkazilib, elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

  Ta'kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

  25-yanvar kuni elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan 254 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

  Tabiiy va suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha kelib tushgan 248 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

  Shuningdek, kecha Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 46 ta iste'molchi tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 47 ta ma'muriy ish rasmiylashtirildi.

  Ishchi guruh tomonidan hududlarda 1 ming 417 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi hamda 145 ta obyektda ta'minotchi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.

  Shu o‘rinda iste'molchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy berib borilayotgan tavsiyalarga qat'iy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.

  Hurmatli iste'molchilar! Elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Маnbа: https://telegra.ph/1691-ta-mahsus-brigada-safida-7300dan-orti%D2%9B-ishchi-ehlektr-va-gaz-taminotidagi-muammolarni-bartaraf-ehtishda-tunu-kun-ishlamo%D2%9Bda-01-26

https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/41486

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>