OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan muammo bo‘lsa 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga murojaat qiling!
  • 29.01.2024
  • 45

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jaev ma'lum qildi.

28-yanvar kuni elektr stansiyalar orqali jami 245,5 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,1 mln kubometr tabiiy gaz, 24,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,1 ming tonna mazut yoqildi.

 Respublika iste'molchilariga 234,7 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste'moli 155,9 mln kubometrni tashkil qildi.

 Aholi va ijtimoiy soha ob'ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me'yorda tutib turish maqsadida metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar vaziyatdan kelib chiqqan holda uzaytirilmoqda yoki olib tashlanyapti. Ularning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan.

 Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 296 ta metan zapravka orqali iste'molchilarga 11,4 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 500 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

 Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 28-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 711 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

 Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

 Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste'molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

 Xususan, kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 14 ta, gaz ta'minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

 Jumladan, kecha soat 07:17 da Toshkent viloyatida joylashgan “Murodali” podstansiyasidagi transformatorda nosozlik yuz berishi oqibatida 5 MVt quvvat bilan qo‘lda o‘chirilgan. Natijada Piskent tumanidagi 1 ming 750 ta iste'molchi elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 12:06 da iste'molchilarning elektr ta'minoti qayta tiklangan.

 Soat 14:33 da Surxondaryo viloyatida joylashgan 110 kV “Sharg‘un” podstansiyasigi transformator 3 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chgan. Oqibatda Sariosiyo tumanidagi 1 ming 250 ta iste'molchi qisman elektr ta'minotisiz qolgan. Soat21:22 da iste'molchilar nosozlik to‘liq bartaraf qilindi iste'molchilarning elektr ta'minoti qayta tiklandi.

 Soat 23:55 da 35 kV “L-Bog‘zor-2” elektr uzatish tarmog‘i avariyaviy o‘chib, Toshkent tumanidagi 1 ming 250 ta iste'molchi elektr ta'minotidan uzilgan. Soat 05:38 da nosozlik baratarf qilindi va iste'molchilar elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

 Shuningdek, kecha tunda hamda bugun tongda respublikamiz hududlarida yuz bergan kuchli shamol va qattiq yomg‘ir tufayli Samarqand viloyatidagi 6 mingta, Jizzax viloyatidagi 9 ming 200 ta hamda Surxondaryo viloyatida yashovchi 18 mingta iste'molchining elektr ta'minoti uzilgan. Ayni paytda noqulay ob-havo sharoitiga qaramay, ularning elektr ta'minotini tiklash ishlari olib borilmoqda. Tez orada barcha iste'molchilar elektr ta'minoti bilan to‘liq ta'minlanadi.

 Ta'kidlash joizki, qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta'minoti korxonalarida tuzilgan 1 ming 691 ta maxsus brigada safida 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlar tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

 28 - yanvar kuni elektr ta'minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste'molchilardan 165 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

 Tabiiy va suyultirilgan gaz ta'minoti bo‘yicha kelib tushgan 100 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

 Hurmatli iste'molchilar! Elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz ta'minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir ta'minoti yuzasidan 78-148-30-03,

71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/41524

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>