Yangiliklar
Energetikada dunyo lideri: Xitoy bunga qanday erishdi?
  • 11.02.2024
  • 96

Agrar davlatdan katta tezlikda sanoatlashuvga erishgan, elektr quvvati bo‘yicha AQShni ortda qoldirib dunyo yetakchisiga aylangan Xitoyning muvaffaqiyat tarixi – bu o‘lkaning bir nechta shaharlarida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri nigohida. Xitoyda elektr energiyasi narxi qancha, u yerda ham svet o‘chadimi? Reportajda shu kabi savollarga ham javob topasiz.

 

 

Qishloq xo‘jaligidan sanoatga...

O‘zining uzoq tarixi davomida an’anaviy ravishda qishloq xo‘jaligi mamlakati bo‘lgan Xitoy 1950-yildan boshlab og‘ir sanoatni rivojlantirishga alohida e’tibor bera boshladi. Mamlakatda ijtimoiy tajribalar bir qator muvaffaqiyatsizliklarni yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, shunga yarasha rivojlanish ham yuqori sur’atda o‘sib bordi.

1976-yildan boshlab mamlakatda faol iqtisodiy o‘sish boshlandi. Savdo-sotiq, bordi-keldi avj olayotgan dengizga tutash port hududlar, keskin oshib borayotgan aholi soni, shaharlarning sanoatlashishi, qishloq joylarini jadal elektrlashtirish va o‘rta sinf hayotining farovonlashuvi ham yanada ko‘proq elektr energiyasi iste’moli, degani edi.

Keyingi 20-25 yillarda Xitoyda nisbatan past energiya iste’moli mavjud bo‘lib, u asosan ichki resurslar hisobidan, ya’ni ko‘mir bilan yoqiladigan issiqlik elektr stansiyalari hisobiga qondirilardi.

 

 

Rivojlanish yo‘lini maqsad qilgan Xitoy uni kelajakda kutayotgan elektr ehtiyojlariga tayyor turishi kerak edi. 1995-2005-yillar orasida energiya quvvati 66 GWdan 622 GW, ya’ni 10 baravarga oshdi.

Bu orada boshqa muqobil energiya manbalari sifatida ko‘mirga qo‘shimcha gidroenergetika va atom energiyasidan foydalanish ortidan mamlakatda ishlab chiqarilgan quvvat 2008-yilda 797 GWni, 2010-yil oxirig a kelib esa 950 GWni tashkil etdi.

 

 

Aytish joizki, Xitoy yadro dasturi o‘tgan asrning 50-yillarida harbiy maqsadlarda ishga tushirilgan. 1964-yilda birinchi yadroviy qurol sinovlari bo‘lib o‘tgach, 1970-yilda Shanxayda Yadro muhandisligi ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti tashkil etildi. Ushbu voqea Xitoyda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi va birinchi atom elektr stansiyasi 1985-1991-yillarda Tsinshanda qurildi.

 

 

Ko‘mir har doim Xitoyning energiya balansida muhim o‘rin egallab, barcha iste’mol qilinadigan resurslarning 70 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan.

1992-yildan boshlab davlat asta-sekin ko‘mir narxlari ustidan nazoratni pasaytira boshladi, ammo bu liberallashuvga olib kelmadi. Balki narxlar oxir-oqibat yirik davlat ishlab chiqarish korxonalari va yakuniy mahsulotning yirik xaridorlari o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilana boshladi. Natijada, yuqori sifatli toshko‘mirning ichki narxlari xalqaro narxlardan bir tonna uchun 5-7 dollargacha qimmatlashib ketdi.

 

 

Mahalliy ko‘mir narxining yuqoriligi va transportdagi muammolar, ko‘mir iste’molining o‘sishi bilan birga Xitoy 2007-yilning birinchi choragida ilk marta ko‘mirning sof importchisiga aylandi.

2009-yilda Xitoy qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘lmish umumiy quvvati 226 GW bo‘lgan gidro, shamol, biogaz va foto elektr stansiyalarini ishga tushirdi. 2016-yil aprel holatiga ko‘ra, umumiy quvvati 28,8 GWli 17 ta atom elektr stansiyasi mamlakat umumiy elektr energiyasining 3 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etardi.

 

 

2009-yil oxirida Xitoyning 90 ga yaqin kompaniyasi shamol turbinalari, 50 dan ortiq kompaniya parraklar va 100 ga yaqin kompaniya turli komponentlar ishlab chiqardi. 2010-yilda Xitoy 40 GW chegaradan oshib, o‘rnatilgan shamol turbinasi quvvati bo‘yicha AQShni ortda qoldirib, jahon yetakchisiga aylandi va bugun Xitoy energetika quvvatining har qanday yo‘nalishi bo‘yicha dunyo gegemoniga aylandi.

 

 

Bugungi Xitoy energetikasi

Boshqa davlatlardagi energotizim haqida gap ketganda, eng avvalo, elektr energiyasi narxlari va “u yerda ham elektr uzilishlari bo‘ladimi?” degan eng sodda, ammo asosli savollar ham xayoldan o‘tadi. Bu savollarni ham javobsiz qoldirmaymiz. Hozir esa Xitoy energetikasining bugungi holati haqida qisqacha gapirmasak bo‘lmaydi.

The New York Times gazetasiga ko‘ra, 2011-yilgacha ham Xitoyda elektr uzilishlari bo‘lardi. Xitoy bugun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini ishlab chiqarish va ekspluatatsiyasi bo‘yicha ham yetakchi bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatning umumiy energiya iste’molida ko‘mir ustunlik qiladi. 2020-yilga kelib, ko‘mir bilan ishlaydigan zavodlarning 40 foizidan ortig‘i sof zarar bilan ishlayotgani taxmin qilingan va ular yangi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan qimmatroq edi. Bu zarar 2025-yilga kelib 94 foiz bo‘lishi ham mumkin.

Shunga qaramasdan, bu turdagi an’anaviy elektr quvvatidan voz kechish kechiktirilaveradi. Chunki suv ham, shamol va quyosh ham doimiy bo‘lmasligi mumkin. Iqtisodiy rivojlangan davlat uchun esa doimiy, ishonchli elektr manbasi kerak. Bunga esa ko‘mirda ishlaydigan elektr stansiyalar yechim sifatida ko‘riladi. Ammo 2040-yilga borib, Xitoy elektrda ko‘mir quvvatidan voz kechishi ham mumkin. Ma’lumot uchun, 2022-yilda umumiy elektr quvvatining yarmidan ko‘prog‘i ko‘mirni yoqish orqali olingan.

 

 

Ammo undan foydalanish zararli gazlarning eng yomon emissiyasidir. Bu Xitoyni eng katta karbonat angidrid emitentiga aylantiradi, ya’ni dunyoning ko‘mir bilan zaharlanishida Xitoyning ulushi 37 foizdan ko‘proq.

Shu o‘rinda Xitoy qayta tiklanadigan energiyaning muhim ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan mamlakat. Qisqacha aytganda, davlat ham tabiatni zararlaydi, ham uni himoya qilishga katta hissa qo‘shadi.

Gidroenergetika tizimi hozirda Xitoyning eng yirik qayta tiklanadigan energiya manbai bo‘lib, ko‘mirdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2021-yilda gidroenergetika 1300 teravatt-soat energiya ishlab chiqardi, bu Xitoy umumiy elektr energiyasining 15 foizini tashkil etdi. Xitoyning qazib olinadigan yoqilg‘i zaxiralari yetarli emasligi va hukumatning energiya mustaqilligini afzal ko‘rishi sababli gidroenergetika mamlakatning energetika siyosatida katta rol o‘ynaydi.

2023-yil fevral holatiga ko‘ra, Xitoyda 57 GW quvvatga ega 55 ta, 24 GW quvvatga ega 22 ta qurilayotgan jami 70 dan ortiq atom stansiyalari mavjud. Bu miqdor mamlakat elektr energiyasining 5 foizga yaqinini tashkil qiladi.

 

 

Xitoy energetikasini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiyada 2030-yilgacha yadroviy reaktorlar sonini 110 taga yetkazish rejalashtirilgan. 2020-yilda Xitoy xalq respublikasi rahbari Si Jinping Parij iqlim kelishuviga muvofiq Xitoy 2060-yilga kelib uglerodni neytrallashtirishni maqsad qilganini e’lon qildi.

 

 

O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi

Xitoy va O‘zbekistoning energetika sohasidagi hamkorlik aloqalari, ayniqsa, so‘nggi yillarda jadallashib ketdi. Aholi soni va iqtisodiyoti o‘sib borayotgani ortidan elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortayotgan O‘zbekiston Xitoy uchun yaxshi bozor, Xitoyning logistik jihatdan yaqin va qulay geografik joylashuvi, uzoq yillik sinovlardan o‘tgan tajribasi hamda dunyoda sohadagi yetakchiligi O‘zbekiston uchun ham ayni muddao.

 

 

O‘zbekiston hududlarida barpo etilayotgan shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishida u yoki bu ko‘rinishda Xitoy kompaniyalarining ishtiroki bor. Va ularning barchasi Xitoyning yetakchi kompaniyalari. Biz mazkur kompaniyalarning ishlab chiqarish quvvati, ishlash usullari, yangi texnologiyalardan qanday foydalanishayotgani hamda bugungi muvaffaqiyatlari bilan tanishish maqsadida Energetika vazirligi bilan Xitoyning Pekin, Sian va Chengdu shaharlarida bo‘ldik.

 

 

Shu kungacha 140 dan ortiq davlatda 300 dan ziyod loyihalarni ishga tushirgan “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasining bosh ofisidamiz. Kompaniya o‘z xizmatlari bilan dunyo yashil energetikasiga hissa qo‘shib kelmoqda.

 

 

Pekindan keyingi manzilimiz Sian shahri bo‘ldi. Maqsadimiz O‘zbekiston bilan yana bir yo‘nalishda hamkorlik qilayotgan “China XD” kompaniyasidagi ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘rish edi.

1955-yilda tashkil topgan kompaniya eng kichigidan boshlab eng quvvatlisigacha bo‘lgan elektr qurilmalar, ya’ni podstansiyalar, kuch transformatorlari, izolyatorlar, o‘chirgichlar ishlab chiqaradi. Juda yuqori kuchlanishlarga bardoshli bo‘lgan yirik hajmdagi qurilmalar tayyorlanadigan bu korxona dunyoda unikal deya baholanadi.

“China XD” kompaniyasi O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 100 ta podstansiya qurish va modernizatsiya qilish hamda turli kuchlanishdagi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod etish loyihalarini amalga oshirmoqda.

Quyosh panellari bozorida eng kuchli brendlar qatoriga kiruvchi “Longi” kompaniyasi ketma-ket uch yil davomida quyosh modullarini katta hajmda yetkazib berish bo‘yicha yetakchilik qilib keladi. Chengdu shahrida 2000-yilda tashkil etilgan kompaniya bugun dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritib keladi. O‘zbekistonning Nishon va Qorovulbozor tumanlarida barpo etilayotgan, har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan yirik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari uchun quyosh panellari ham mazkur korxona mahsuloti hisoblanadi.

 

 

Xitoyga qilgan sermahsul safarimiz davomida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Jizzax viloyatidagi G‘allaorol tumanlarida har birining quvvati 220 MVtdan bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishida bosh pudratchi sifatida qatnashayotgan Chengdudagi “Donfang electric corporation” elektr mashinasozlik zavodi hamda Pekinda joylashgan, bugun Xitoydagi 1 milliarddan ortiq aholini elektr energiyasi bilan ta’minlayotgan dunyodagi eng yirik elektr ta’minot kompaniyasi hisoblanmish “State Grid” korporatsiyasi tajribalari bilan ham tanishdik.

Elektr energiyasi uchun narxlar

“Global petrol prices”ga ko‘ra, 2023-yilning iyun oyida Xitoyda uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasi narxi bir kVt-soat uchun 0,077 AQSh dollari yoki o‘zbek so‘mida deyarli 900 so‘mni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, dunyo bo‘yicha o‘sha davrda elektr energiyasining o‘rtacha narxi uy xo‘jaliklari uchun 0,154 AQSh dollari (1900 so‘m) bo‘lgan. Bu ro‘yxatda O‘zbekiston 300 so‘m bilan eng arzon 14 talikdan o‘rin olgan.

 

 

Bundan tashqari? Xitoyda elektr uchun to‘lovlar tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi. Ya’ni, tariflar quyidagicha:

   ♦  240 kilovatt-soatgacha 900 so‘m atrofida (0,5 yuan);

   ♦  240-400 kilovatt-soat orasida 1110 so‘m atrofida (0,64 yuan);

   ♦  400 kilovatt-soatdan ortiq iste’mol uchun taxminan 1543 so‘m (0,89 yuan).

 

 

Xitoyda svet o‘chadimi?

2021-yilning kech kuzi. Xitoyda energetika inqirozi kuchayib, zavodlar ishida uzilishlar boshlandi. Shaharlarda ham elektr quvvatidan mahrum bo‘lib, bir nechta provinsiyalardagi aholi ijtimoiy tarmoqlarda uylari isitishdan to‘xtagani, ko‘chalardagi svetoforlar ishlamayotgani haqida yozishni boshladi. Ba’zi shaharlarda aholidan elektr energiyasiga talab eng yuqori bo‘lgan vaqtlarda elektr qozon va mikroto‘lqinli pechlardan foydalanmaslik so‘raladi. Savdo markazlari kutilganidan ertaroq yopiladi.

Xitoy ommaviy axborot vositalarida Shenyandagi qop-qorong‘i avtomagistralda harakatlanayotgan mashinalar aks etgan video ham ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, Xitoyning yana o‘nta viloyati, jumladan, sanoat markazlari allaqachon elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etadi.

Bunday elektr uzilishlari mamlakatdagi 100 million odamlarning hayotiga ta’sir qilib, “Goldman Sachs” investitsiya banki Xitoyning iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozini o‘sha paytdayoq 8,2 dan 7,2 foizga pasaytirdi. Mazkur bank hisobotlariga ko‘ra, elektr tanqisligi Xitoy sanoat faoliyatining 44 foiziga ta’sir qilgan.

Xitoy o‘zini o‘zi elektr bilan ta’minlay olmaydimi?

Elektr energetika sanoatida bugun dunyo gigantiga aylangan Xitoy uchun elektr uzilishi paradoks holat edi. Nahotki, mamlakat o‘zini o‘zi elektr bilan ta’minlay olmasa, degan haqli savol o‘rtaga chiqadi.

 

 

Xitoyning energiya iste’moli yiliga qariyb 7 trillion kilovatt-soatga yetadi. Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi barcha obektlarning umumiy ishlab chiqarish hajmi esa yillik 7,2 trillion kilovatt-soatni tashkil etib, bu respublika iste’molining 105 foizi demakdir. Xitoy o‘zini o‘zi ishlab chiqargan energiya bilan ta’minlashi mumkin. Shunga qaramay, Xitoy xorijiy davlatlar bilan energiya savdosini ham amalga oshiradi. Sof iste’mol bilan bir qatorda ishlab chiqarish, import va eksport muhim rol o‘ynaydi.

Unda nega elektr uzilishi kuzatildi?

2021-yilda endigina pandemiya cheklovlari yechilayotgan sharoitda ommaviy elektr tanqisligiga:

   ♦  elektr energiyasiga talabning dinamik ortishi;

   ♦  ko‘mir va gaz narxining tez o‘sishi;

   ♦   hukumatning ko‘mirdan chiqadigan gaz chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha ekologiyaga oid qarori sabab bo‘ladi.

Natijada zavodlar o‘z ishlarini davom ettirish uchun qimmatbaho elektr generatorlarini ijaraga olishga majbur bo‘lishdi. Kompaniyalar rahbarlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bunday generatorni ijaraga olish va dizel yoqilg‘isi sotib olish xarajatlari avval yetkazib berilgan elektr energiyasidan ikki baravar yuqori. Bu ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga va shu o‘rinda tovarlarning umumiy narxiga ham ta’sir qilmasdan qolmadi.

 

 

Xitoy bundan tegishli xulosa chiqarib, iqtisodiyot o‘sishi, narxlarning barqarorligi va mamlakatning jahon bozoridagi nufuzini saqlashda elektr energetikasining o‘rni qanchalik muhim ekanligini anglagan holda hududlarni bir-biriga ulangan uzluksiz energiya bilan ta’minlash masalasini jiddiy ko‘rib chiqadi va bu xato boshqa takrorlanmasligini ta’minlab kelmoqda.

Sardorbek Usmoniy,
Pekin – Sian – Chengdu.

 

Manba: https://kun.uz/uz/34476076

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>