OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «O‘zbekistonda iste’molchilarga elektroenergiya uzilishlaridan ko‘rgan zararini qoplab berish rejalashtirilmoqda»
  • 16.02.2024
  • 144

O‘zbekistonda elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha namunaviy shartnomaga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ular aholi va tadbirkorlarga elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ko‘rgan zarari uchun sud orqali kompensatsiya undirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining iste’molchilar bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha tuzadigan namunaviy shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Ular aholi va tadbirkorlarga elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ko‘rgan zarari uchun sud orqali kompensatsiya undirish imkonini beradi.

Shartnomaning 4.1 bandiga davlat standartlariga mos ravishda elektr energiyasini olmagan yoki avariyaviy uzilishlar natijasida elektr qurilmalariga zarar yetgan iste’molchilarga mazkur zarar qoplab berilishi bo‘yicha huquqlar kiritiladi.

Mazkur bandda iste’molchilarning huquqlari aks ettirilgan bo‘lib, unga 3 ta yangi band kiritilishi rejalashtirilgan:

   ♦   Sifat ko‘rsatkichi davlat standartlariga GOST (32144−2013 va GOST 13109−97) muvofiq o‘rnatilgan tartibda elektr energiya olish;

   ♦   Elektr energiyasi to‘liq hajmda yetkazib berilmasligi yoki sifat ko‘rsatkichlari davlat standartlariga muvofiq bo‘lmagan elektr energiyasi yetkazib berilishi oqibatida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki elektr ta’minoti korxonasi (aybdor tashkilot) tomonidan yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda qoplash;

   ♦   Elektr energiyasi sababsiz yetkazib berilishi to‘xtatilganda yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevning aniqlik kiritishicha, amaldagi shartnomalar yangilanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunga yangi tariflar e’lon qilingani, 1000 kVtdan ziyod elektr energiyasi sarflagan aholi uchun 2−4 baravar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llanishi bo‘yicha o‘zgarish tufayli shundoq ham ehtiyoj mavjud. Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qaroriga asosan Elektr ta’minotining namunaviy shartnomasi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ishlab chiqiladi, “O‘zenergoinspeksiya”, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishiladi va Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ayni vaqtda namunaviy shartnoma elektr ta’minot korxonalariga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning noyabr oyida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi elektr ta’minotidagi uzulishlar uchun jarima qo‘llanishi yoki yetkazilgan zarar qoplab berilishi kerakligini qayd etgandi.

O‘shanda partiya aholini elektr energiyasi, gaz va ko‘mir bilan ta’minlash tizimlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.

““Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda kafolatlangan huquqlar ta’minotchi korxona va tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda buzilmoqda. Xususan, elektr energiyasi va gaz uchun oldindan to‘lov amalga oshirilishi bilan bog‘liq vaziyat tufayli iste’molchilar ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzib qo‘yilmoqda. Bu noqonuniy, g‘ayriinsoniy muomala. Qishning qahraton kunlarida keksa ota-onasi, go‘daklari va homilador ayollarning o‘z uyida sovuqdan qiynalishiga hech bir yurtdoshimiz va iste’molchi chiday olmaydi. Elektr energiyasi hech qanday sababsiz uzilib qolganda tadbirkorlar yoki ijtimoiy soha tashkilotlari ham jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Muzlatgichlarning ishdan chiqishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsiz holga keladi, kichik korxonalarning ishlab chiqarish tartibi buziladi, issiqxonaga ekilgan o‘simliklarning muzlashi oqibatida katta mablag‘ sarflagan fermerlar katta zarar ko‘radi. Kutilmagan holatlarning ko‘pi yetkazib beruvchilarning o‘z vazifalarini mas’uliyat bilan bajarmasliklari tufayli yuzaga keladi”, — deyilgandi partiyaning o‘sha bayonotida.

Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2024/02/22/electricity/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>