Yangiliklar
Online: Turkiston shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasi energetika tizimlari rahbarlarining navbatdan tashqari muhokamalar majlisi bo‘lib o‘tmoqda
  • 29.02.2024
  • 156

Ayni paytda Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlari energetiklarining navbatdan tashqari muhokamalar majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasi energetika tizimlari rahbarlari ishtirok etishmoqda. Muhokamalarning bosh mavzusi — Markaziy Osiyo elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalari.

Tadbir mezboni Qozog‘iston Respublikasining “KEGOC” kompaniyasi. Mintaqadagi milliy elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov hamda Aksiyadorlik jamiyatining bir qator mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi vakillari va bosh ofisi Toshkentda joylashgan “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi xalqaro tashkilotining mutaxassislari ham ishtirok etishmoqda.

“Rixos” konferensiya zalida boshlangan yig‘ilishni “KEGOC” AJ boshqaruvi raisi N.E.Aytjanov ochib berdi va kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bilan tanishtirdi. Nabi Erkinovich o‘z maʼruzasida Markaziy Osiyo mintaqasi energetika sohasida mavjud dolzarb masalalar, yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlarini Qozog‘iston elektr energetika tizimini rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar misolida maʼlum qildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning yig‘ilish mavzusi yuzasidan maʼruzasi, “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari H.A.Shamsiyevning “Energiya tizimining barqarorligi haqida asosiy tushunchalar” nomli maʼruzalari tinglanishi kutilmoqda.

Tadbir davomida energetiklar mintaqa elektr energetika taʼminoti tizimida mavjud muammolar va ularning yechimi, yakunlanayotgan 2023/2024-yil kuz-qish mavsumidagi ishchi holatlar, 2024-yil vegetatsiya (melioratsiya) davrida gidroinshootlar orqali suv resurslarni oqilona boshqarish, 2024-yil yoz mavzumiga tayyorgarlik, bundan tashqari, 2024/2025-yil kuz-qish mavsumigacha mintaqa elektr energetika tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan istiqbolli rejalar hamda muhim kelishuvlarga erishish nazarda tutilgan.

kun.uz - Turkiston shahrida Markaziy Osiyo respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasi energetika tizimlari rahbarlarining muhokamalar majlisi bo‘lib o‘tdi

uza.uz - Qozog‘istonda energetika tizimlari rahbarlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi

https://t.me/minenergy_uz/ - Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlari energetiklarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

https://telegra.ph/ - Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlari energetiklarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>