Yangiliklar
Kecha jamoat transportlarining barcha turlariga 5 million 240 ming kubometr tabiiy gaz sotildi
  • 05.03.2024
  • 94

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 4-mart kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

4-mart kuni elektr stansiyalar orqali 240,7 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 1 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,1 mln kubometr tabiiy gaz, 21,4 ming tonna ko‘mir hamda 10,6 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 19,8 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 227,8 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 6 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Shunga qaramay, qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 4 mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 800 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi kutilmoqda.

Gaz bosimining past ekaniga qaramay, 4-mart kuni ham uning isteʼmoli yana yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 147,1 mln kubometrni, rejadagiga nisbatan 11 foiz ko‘pni tashkil qildi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda olib borilmoqda.

Kecha mamlakatimizdagi 648 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 5 million 240 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 1 million 20 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada taʼminlanmoqda. Xususan, 4-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 7 ming 70 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 15 ming 620 tonna avtobenzin, 1 ming 296 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 9 ming 151 tonna avtobenzin hamda 696 tonna dizel yonilg‘isi sotildi".

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 8 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

4-mart kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 492 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 292 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42528

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>