Yangiliklar
Dadajon Aynaqulovich: «Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik, yaʼni oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman!»
  • 07.03.2024
  • 161

Bugun, 2024-yil 7-mart sanasida, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati katta majlislar zalida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Aksiyadorlik jamiyatimizda mehnat faoliyati yuritayotgan ayollarni samimiy tabriklab, ularga yuksak ehtiromini bildirdi.

 – Jamoamizning barcha ayollarini bugungi bahor va nafosat, go‘zallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik, yaʼni oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman. Qalbingiz doim bahor ayyomlari kabi yashnab tursin! Uyingizda, oilangizda, eng avval, Onangizni bahor ayyomi bilan tabriklab qo‘ying! Fursatdan foydalanib, hamkasblarimizning onalari, barcha opa-singil,turmush o‘rtoq va qizaloqlarni bayram munosabati bilan tabriklab, ularni ardoqlashingizni istaymiz! – deya samimiy tabrikladi Dadajon Aynaqulovich.

Maʼlumki, davlat va jamiyatimning har bir jabhasida ayollarning munosib o‘rni bor. Xuddi shu kabi o‘z ishining ustasi bo‘lgan yuzlab xotin-qizlar energetika sohasi, jumladan elektr energetika tarmog‘ida ham samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Xususan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyat jamoasida ham ayollarning o‘rni bor va xotin-qizlarga munosib mehnat sharoitlari yaratib kelinmoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, Aksiyadorlik jamiyati Oila va xotin qizlar boshlang‘ich tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining qaroriga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushmalari raisi Xidirova Nodira Jahongirovna “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda jamoasi Nodira Jahongirovnani yuksak eʼtirof bilan samimiy muborakbod etdi.

8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining tegishli buyrug‘iga binoan Aksiyadorlik jamiyati xotin-qizlari moddiy rag‘batlantirildi. Tadbir so‘ngida Onalarni, Ayollarni ulug‘lovchi nazmiy asarlardan namunalar o‘qib eshittirilib, bayram sohibalariga tabrik so‘zlari izhor etildi.

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>