OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Axborot xizmati rahbarlari faoliyati samaradorligi natijalari
  • 05.04.2024
  • 86

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini tahlil qilinib, 2023-yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilindi.Ochiqlik indeksining birinchi indikatori Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan e’lon qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlarining reytingi hisoblanadi.  

2023-yil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan  respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 131 nafar matbuot kotiblari faoliyati baholandi..

O‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirildi. Mazkur hujjatda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga axborot xizmatlari rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash va ularning reytingini e’lon qilib borish vazifasi yuklangan.

Shunga asosan 2019-yil 3-oktyabrda “Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari bilan kelishish, ularni attestatsiyadan o‘tkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida 3187-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Agentlik besh yildan buyon 

- davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari matbuot kotiblarining jamoatchilikka O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va topshiriqlarining ijrosi;

- olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari haqida tezkor, xolis hamda birinchi manbaa sifatida to‘liq axborot yetkazish;

- jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan faol muloqot o‘rnatish;

- e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida va sifatli munosabat bildirish borasidagi faoliyatini o‘rganib, baholab kelmoqda. 

Aynan ushbu baholash me’zonlari 2022-yilning 14-iyunidan boshlab Ochiqlik indeksining subindikatorlari sifatida davlat organlari va takshilotlarini baholashda ham foydalanib kelinmoqda.

2023-yil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan baholangan jami 131 ta tashkilot va idoraning 29 nafar matbuot kotibi (22,1%)ning ish natijalari yuqori, 59 nafari (45%)niki o‘rta darajada baholangan bo‘lsa, 39 nafari (29,8%)niki qoniqarli, 4 nafari (3,1%)ning faoliyati past darajada, deb topildi.

2019-yildagi birinchi baholash bilan solishtirganda matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligida jiddiy o‘sish kuzatib kelinmoqda. Masalan, yuqori darajada baholangan matbuot kotiblari ulushi 8,8 dan 22,1 foizgacha, son jihatdan esa 3,6 barobar o‘sgan.

Xususan, tegishli Nizom talablariga ko‘ra:

markaziy tashkilotlar yo‘nalishida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Markaziy bank, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud;

vazirliklar yo‘nalishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Raqamli texnologiyalar, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Transport vazirliklari;

Qo‘mitalar yo‘nalishida Milliy olimpiya, Bojxona va Soliq qo‘mitasi;

agentliklar yo‘nalishida “O‘zarxiv”, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, Kadastr, Yoshlar ishlari agentliklari;

aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar yo‘nalishida “O‘zsuvta’minot” AJ, “Hududgazta’minot” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ;

uyushmalar yo‘nalishida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi;

mahalliy davlat hokimiyati organlari yo‘nalishida Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xorazm, Jizzax viloyati hokimliklari yuqori natija ko‘rsatishgan.

Mazkur tashkilotlar axborot xizmatlari tomonidan axborotni zamonaviy format, onlayn va keng qamrovli usulda ommaviy axborot vositalari (radio/televideniye, gazeta, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlar va veb-saytlar) orqali foydalanuvchilarga infografika, foto, audio, video va matn shakllarida, muayyan belgilangan vaqt oralig‘ida yetkazib berish;

- ijtimoiy tarmoqlarda mavzuga aloqador voqea-hodisalarga tezkor munosabat bildirish va o‘z rasmiy sahiflarida yoritish;

-  tashkilot va u bilan bog‘liq jarayonlarni aholiga yetkazishda video va matn shaklidagi bayonotlar bilan chiqishlar qilish;

- xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning sohaga doir imijini oshirishga qaratilgan materiallarni keng e’lon qilib borgani aniqlandi.

Biroq, baholash natijalari tahliliga ko‘ra, aksariyat axborot xizmati rahbarlari video formatida rasmiy bayonot berish bo‘yicha past ko‘rsatkich qayd etgan. Xususan, quyidagi matbuot kotiblari OAV yoki o‘z resurslari orqali video formatda bayonot bermagan - Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitalari, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi “O‘zmetkombinat” AJ, “Dori-Darmon” AK. Vaholanki, matbuot kotibini keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarga tashkilot yuzi sifatida tanilishi muhim ahamiyatga ega.

Tahlillar ayrim axborot xizmati rahbari tomonidan haligacha ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlarni tashkil qilish masalasida oqsayapti. Aslida esa bugungi kunda “Facebook”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga chiqish uchun hech qanday qo‘shimcha uskuna yoki ishchi kuchi talab etilmasligi oddiy haqiqat.

Shu bilan birga, baholashdagi sohaga doir muammolarni birinchi manba sifatida olib chiqish (o‘zini o‘zi tanqid qila olish) yo‘nalishida deyarli barcha tashkilotlar tomonidan to‘liq bajarilmagan. Biroq, bugun barcha tizimlarda muammo va kamchiliklar oz emasligi yaxshi ma’lum. Shunday ekan tizimdagi muammolarni birinchi bo‘lib olib chiqish va hal qilish axborot xizmati uchun muhim vazifa bo‘lib qolaveradi.

Baholash mezonida alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan yana biri – OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan tanqidiy materiallarga axborot xizmatining rasmiy munosabatini bildirish holatidir. Respublika bo‘yicha umumiy hisobda tanqidga javob berish ko‘rsatkichi sezilarli darajada o‘sgan. 

Afsuski, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Asakabank” AJ “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” va “Zargarsanoat” uyushmalari mavjud imkoniyatlar bo‘lishiga qaramasdan eng past natijalarni qayd etishdi.

Agentlik axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularga qo‘yilayotgan vazifalarni samarali bajarishlarini ta’minlash, davlat va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida chinakam ko‘prikka aylanishi uchun tizimli ish olib bormoqda. Matbuot kotiblarining baholanishi va reytingi yuritilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ular faoliyatini tahlil qilish, kerakli xulosalar chiqarish va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilishga qaratilgan. Barcha matbuot kotiblari bu jarayonni chuqur tushungan holda, kelgusida o‘z pozisiyalarini mustahkamlash, vazifalarini sidqidildan bajarish uchun faollik ko‘rsatishiga ishonamiz.

 

Manba: https://aoka.uz/news/1507

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>