Yangiliklar
Xavfsizlik, salomatlik va munosib mehnat sharoitlari muhokamasiga bag‘ishlangan video-seminar bo‘lib o‘tdi
  • 25.04.2024
  • 51

Xalqaro mehnat tashkilotining tashabbusi bilan 2003-yil 28-apreldan beri “Butun jahon mehnatni muhofaza qilish kuni” har yili dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida nishonlanib kelinmoqda. Shu munosabat bilan bugun, 2024-yil 25-aprel, soat 11:00 da «O‘zbekiston MET» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi, Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati mutaxassislari, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari Respublika kengashi mutaxassilari boshchiligida “Xavfsizlik, salomatlik va munosib mehnat” shiori ostida video-seminar tashkil etildi.

Video-seminarda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari Respublika kengashi Mehnat inspeksiyasi bosh texnik inspektori Saidnosir Saidmahmudov hamda Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Shaxzodbek Rahmonov mamlakatimizda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar, ish beruvchi va xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarish bo‘yicha masʼuliyatini oshirish, ishlab chiqarishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa holatlari bo‘yicha o‘z vaqtida o‘rganish va tekshirishlar o‘tkazish, kelgusida bu kabi hodisalar takrorlanmasligi uchun yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlarni moliyaviy taʼminlash, barcha korxonalarda xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoiti yaratilishini taʼminlash, filiallarda saylangan “Mehnatni muhofaza qilish vakillari”ning huquq va vazifalari haqida maʼruza qilishdi.

Mamlakatimizda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan barcha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinishi haqida batafsil aytib o‘tishdi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi N.J.Xidirova Aksiyadorlik jamiyatining 2022–2024 yillar uchun tuzilgan Jamoa shartnomasidagi “Mehnat muhofazasi” bobiga 25 ta band kiritilgani va 2023-yil yakuni bo‘yicha mazkur bobning barcha bandlari bajarilgani haqida hisobot berdi. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga og‘ishmay amal qilinishi, xodimlarning sog‘-salomat, munosib mehnat sharoitlarida ishlashi ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasining birinchi galdagi vazifasi ekani to‘g‘risida o‘z mulohazalarini bayon qildi. Seminar ishtirokchilari tomonidan kelgusida yana-da ko‘proq shu kabi tadbirlarni o‘tkazish takliflari bildirildi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>